“Avvallari dizayn ta’m uchun qo’shiladigan ziravor sanalardi; endi esa u retsept boshida turuvchi unga aylandi”,- Jon Maeda (RISD sobiq prezidenti, AQSh)

 

Insoniyat borki, dizayn uning hayotining uzviy qismi bo‘lib kelgan. Fan va dizayn ittifoqi asrlar davomida funksional va estetik mahsulotlar yaratib kelgan. 1990- yillar oxirlaridan boshlab ijod va kreativ iqtisodiyot to‘g‘risidagi g‘oyalar ta’lim va iqtisodiy rivojlanish nuqtai nazaridan katta ahamiyat kasb etmoqda (Bill, 2012). Koko Shanel, Kristian Dior, Kristobal Balensiaga moda sohasida rasman ta’lim olmaganlar, chunki moda cheklangan miqdorda yaratilar va 21 asrga qadar yalpi ishlab chiqarishda qo‘llanilmasdi.

21 asr maqsadi esa bozorning ko‘proq ulushi uchun jozibador mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘lmoqda. Sanoat inqilobidan keyin modaga aylangan libos iqtisodiyotning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy jihatlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Libos – bu madaniyatlar va hayot tarzining soyasi, milliy o‘z turistik tarmog‘iga taklif etuvchi eksponatdir. Hunarmandchilik tarmog‘i ham madaniy jihatlarni turli artefaktlarda aks ettirib, aholi va turistlar uchun tovarlar assortimentini kengaytiradi. Industrializatsiya rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega mamlakatlarga ko‘chib o‘tganidan keyin, moda industriyasi bu mamlakatlar uchun iqtisodiyot o‘sishidagi muhim rag‘batga aylandi. Yaqin o‘tmishda Bangladeshda kuzatilgan taraqqiyot bunday rivojlanishning yaqqol misoli bo‘ladi (Bala et al., 2020).

O‘zbekistonning boy merosi va uning paxta va ipak savdosi bilan tarixiy bog‘liqligi bu tarmoq rivoji uchun ulkan imkoniyatlar ochadi. Biroq, Sovet Ittifoqi tarqab ketganidan keyin paxta ishlab chiqarish-sotish zanjirida jiddiy uzilishlar kuzatildi. Akademik adabiyot (Theodoridis et al., 2014; McGuire & Laaser, 2018) ko‘rsatishicha, O‘zbekistonda paxta hosildorligi keyingi uch o‘n yillikda kamayib borgan (Rudenko i dr., 2008; Rudenko i dr., 2009; Djanibekov i dr., 2010; Keller, 2015; Svinkels i dr., 2016). Keyinchalik mamlakat importni kengaytirdi, chunki tarmoqlar paxta narxini oshira olmadi yoki yakuniy mahsulot kutilgan sifat va talabga ega bo‘lmadi.

Vaziyatni umumiy olib qarasak, tikuvchilik va to‘qimachilik tarmoqlaridagi taraqqiyot kuchli dizaynerlik ta’lim tizimisiz jadallasha olmaydi. Moda – bu mehnattalab tarmoq va kompaniyalarning uzluksiz ishlashlari uchun ko‘nikmalar rivojlanishining turli darajalari talab qilinadi. Moda industriyasi va to‘qimachilikning inson resursi fabrika ishchilari (quyi, o‘rta va yuqori malakali), kasanachilar (kashtachilar, bezakchilar) va ma’lumotga ega ishchilar (dizaynerlar, merchendayzerlar, ishlab chiqarish menejerlari)dan iborat bo‘lib, ular mahsulotning yakuniy narxiga ta’sir ko‘rsatadilar. Hozirda O‘zbekistonda barcha darajalarda malakali kadrlar resursi tanqis. Ishlab chiqarish tarmog‘idan boshlaboq, mamlakat eng yirik paxta ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lsa-da, kiyim-kechak eksporti va ichki mahalliy brendlar yetarlicha rivojlanmaganligini ko‘ramiz. Buning asosiy sababi tikuv fabrikalari ishlab chiqarish jarayonini yengillatish uchun ma’lumotli texniklarga ega emasligidir. 1950- yillarda Hindiston hukumati qayta ishlash sanoatida ko‘nikmalarni rivojlantirishga ko‘maklishish maqsadida  sanoat o‘quv yurtlarini (Industrial Training Institutes (ITI)) tashkil etdi. Bu eksport salohiyatining tez o‘sishiga sabab bo‘ldi va mamlakatni dunyodagi eng kuchli ishlab chiqaruvchilardan biriga aylantirdi. Bunday o‘quv yurtlari, shuningdek, bugungi kunda O‘zbekistonda majud bo‘lmagan hunarmandlar malakasi darajasini oshirishga ham xizmat qiladi. Tikuv tarmog‘idagi unumdorlik – bu uzluksiz jarayon, u muntazam reinjiniring va jarayonlar monitoringi bilan ta’minlanadi. Shu sababli, sanoat mashinasozligi mamlakatdagi muhandislik o‘quv muassasalari tomonidan e’tibor talab qiluvchi sohalardan biri sanaladi.

Modadagi tovarlarga kelsak, mahsulotlarni ishlab chiqish iste’mol bozorini ushlab turishda muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekiston kompaniyalari asosan trikotaj (futbolkalar, ichki kiyim va h.k.) ishlab chiqaradi. Poliester aralashmasi yoki ip-gazlama kabi sifatli matolar ishlab chiqarish-sotish zanjirida mavjud emas. Natijada ayollar yoki erkaklar kiyim-kechaklarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalar matoni Turkiyadan, Hindiston yoki Bangladeshdan import qiladilar. Qiymat hosil qilish zanjirida mahsulotni rivojlantirish juda sust, chunki uni dizaynerlar qo‘llab-quvvatlamaydilar. Toshkent to‘qimachilik instituti va MDIS – bu sohadagi yagona maktablar, ulardagi to‘qimachilik va moda bo‘yicha dasturlar mamlakatda mavjud hozirgi talabni qondirish uchun yetarli emas. Hayratlanarlisi, O‘zbekistonning aksariyat fuqarolari Xitoydan import qilinadigan libos kiyadilar va mamlakat importda salmoqli mablag‘lar ulushini yo‘qotadi. Muvaffaqiyatli dizaynga ega tovarlar ichki va eksport tushumini oshiradi va tikuv tarmog‘ini mustahkamlaydi. Qiymat hosil qilish zanjirining yakunida modadagi mahsulot marketingi va brendingi vazifasi turadi. Moda sohasida marketing bo‘limi rahbariyati kuchli marketing strategiyalarini ishlab chiqishdan to kuchli brendlarni rivojlantirishgacha muhim rol o‘ynaydi.

Modadagi mahsulot, boshqalar bilan qiyoslaganda, o‘zgacha atributlarga ega va shu sababli bu sohadagi ta’lim muvaffaqiyat uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Rivojlangan mamlakatlar bu tarmoq uchun ta’lim qimmatini birinchi bo‘lib angladilar. AQSh va Buyuk Britaniyada ko‘p yillik tajribaga ega eng yaxshi moda va to‘qimachilik maktablari ishlaydi. Bugungi kunda eng mashhur dizaynerlik uylari va brendlar bizga rivojlangan mamlakatlardan kelmoqda. Dizayn bo‘yicha ta’lim dasturlari – bu sanoat, akademik hamjamiyat va yordam oluvchilar o‘rtasidagi tabiiy aloqadir. Ular yetkazib berish zanjiri tizimiga yangi texnologiyalarni joriy etishga, yangi texnologiyalar, madaniyatlar va axloqiy masalalardan foydalangan holda yangi loyihalarni ishlab chiqishga yordam beradi, iste’mol talabi modelini o‘rganadi va ichki hamda tashqi savdodagi taraqqiyotni kuzatadi. Yaqindagina (2020 yilda) Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti moda va hayot uslubi marketingi bo‘yicha rahbarlar uchun dastur va bakalavrlarni tayyorlash dasturini joriy etdi. Bu talabalarga, tadbirkorlarga va tarmoq rahbarlariga global nuqtai nazardan moda va to‘qimachilik sohasidagi ilg‘or tajribani o‘rganishda yordam beradi. Biroq, amaliyot ko‘rsatishicha, o‘zbek tikuv biznesida onlayn-sotuvlar mutlaqo mavjud emas. Bu bozorning jiddiy nuqsoni, u manfaatdor tomonlarning zudlik bilan e’tibor berishlarini talab qiladi.

Imiy adabiyotda (Xurana i Ryabchikov, 2016; Xurana i Ryabchikov, 2017; Xurana i Ryabchikov, 2018) rivojlanayotgan iqtisodiyotlar uchun dizaynerlik ta’limi muhimligi haqida fikr bildiriladi. To‘g‘ri tashkil etilgan tarmoq tufayli erishilgan taraqqiyotni inkor qilib bo‘lmaydi va Osiyo hamda Afrika mamlakatlari misollari tegishli ta’limsiz bu kabi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyotga erishib bo‘lmasligini ko‘rsatadi. O‘zbekiston – boy merosga va madaniyatga ega, ular moda va to‘qimachilik tarmog‘i rivoji uchun o‘ta mustahkam baza bo‘ladi. Ishchi kuchi va logistika narxlari ortgani sari, ishlab chiqarish rivojlanayotgan o‘lkalar tomon yana ham kuchliroq siljimoqda. O‘zbekiston ko‘plab paxta yetkazib beradi, u narx hosil qilish zanjirining o‘ta muhim qismi sanaladi. Bu – mamlakatning kuchli tomonlarini ishga solib, ulardan iqtisodiy foyda ko‘rishning ayni vaqtidir. Va nihoyat, dizaynni o‘qitishga qaratilgan universitetlar va malaka oshirish markazlarini tuzish orqali ta’lim tizimiga investitsiyalar kiritish mamlakat yoshlarining rivojlanishiga xizmat qiladi.

Karan Xurana, Vestminster universitetining katta o‘qituvchisi, menejment bo‘yicha PhD

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *