Sayyora Mansurovna – Markaziy Osiyo matolari bo‘yicha mutaxassis. U o‘zbek milliy matolarini ishlab chiqarish jarayonining  pilla o‘ralishidan boshlab barcha bosqichlarini o‘rgangan, ekspedisiya bilan butun O‘zbekistonni va boshqa Markaziy Osiyo respublikalarini aylanib chiqqan va 1963 yilda “O‘zbekiston adras matolari” al’bomini chop etgan. Bu kitob butun dunyoda shuhrat qozondi, zero boshqa bunday tadqiqot  hozirgacha mavjud emas. Al’bomdan ustalar, o‘qituvchilar va talabalar foydalanadilar. Mahkamova necha o‘n yillar davomida milliy matolar – xon atlas, beqasam, olacha va boshqalar tarixi bo‘yicha yagona mutaxassis bo‘lib qoldi.

S.Mahkamova bilan internet-sayt uchun tayyorlangan interv’yudan parcha keltiramiz.

Amudaryo va Sirdaryo oralig‘idagi hududda go‘zalligi bilan kishini ojiz qoldiradigan yuqori sifatli matolar to‘qilgan. Qadim zamonlardan, keyin ilk O‘rta asrlarda, So‘g‘d, Baqtriya, Xorazmning paxta tolasi, jun va ipakdan tayyorlangan, Buyuk ipak yo‘li orqali turli o‘lkalarga karvonlarda yetkazilgan matolar  Sharq va G‘arbning keng sarhadlarida juda mashhur bo‘lgan.

S.Mahkamova bilan internet-sayt uchun tayyorlangan interv’yudan parcha keltiramiz.

Amudaryo va Sirdaryo oralig‘idagi hududda go‘zalligi bilan kishini ojiz qoldiradigan yuqori sifatli matolar to‘qilgan. Qadim zamonlardan, keyin ilk O‘rta asrlarda, So‘g‘d, Baqtriya, Xorazmning paxta tolasi, jun va ipakdan tayyorlangan, Buyuk ipak yo‘li orqali turli o‘lkalarga karvonlarda yetkazilgan matolar  Sharq va G‘arbning keng sarhadlarida juda mashhur bo‘lgan.

Matolarni ishlab chiqarish har doim xalq hayot tarziga bog‘liq bo‘lgan. Vayronakor hujumlar va xo‘jalik tanazzuli davrida badiiy matolar tayyorlash qisqarar, murakkab texnikaga ega eng qimmat ipak matolarning ayrim turlarida bezaklar soddalashib, umuman yo‘q ham bo‘lardi. Biroq, sulolaviy ustalar asrlar davomida sayqal topgan an’analarni avaylab asrashga intilishar va qulay iqtisodiy sharoitlar yuzaga kelishi bilanoq, badiiy matolar to‘qilishi qayta tiklanib, rivojlana boshlardi.

Ipak va yarimipak matolar juda xilma-xil bo‘lgan: adraslar, baxmal, shoyi. Atlaslar va yakruya abr naqshlari bilan bezatilgan (abr – forscha “bulut” degani), beqasam, pari-poshsho, nimshohilar – yo‘l-yo‘l bezakli bo‘lgan.

 

Matolarni abrli naqshlar bilan bezash ayniqsa sermehnat sanalgan. Naqshlarni uyg‘unlashtirish va ranglar tanlashda mahalliy ustalar o‘ziga xoslik va mutlaq did namoyish etganlar.

Matolarni ishlab chiqarishda o‘simliklardan tayyorlangan bo‘yoqlardan keng va mahorat bilan foydalanilgan. Ular o‘lkada ko‘p topilardi va chuqur hamda, bir vaqtning o‘zida yorqin, sof jilolar berar, yorug‘lik va suvga chidamli bo‘lardi.

Ishlab chiqarishning mehnattalabligi sababli abr matolar Markaziy osiyoning yirik markazlari – Buxoro, Samarqand, Qo‘qonda, lekin asosan Farg‘ona vodiysida, Marg‘ilon shahrida (bu yerda XX asr o‘rtalarida ham to‘quvchilik artellari, kasana to‘qimachilik mavjud bo‘lgan) tayyorlangan.

Ekspedisiyalarimizda men ham O‘zbekiston shaharlarida, ham Moskva, Leningrad, Qozon, Boku muzeylarida material yiqqanman. Ularda, ayniqsa, Leningraddagi etnografiya muzeylarida asrlar davomida elchilar orqali yuqori mansabdagi amaldorlarga tortiq o‘laroq keltirilgan, shuningdek savdogarlar olib kirgan  mato va liboslar namunalari to‘plangan, avaylab asralgan va juda qadrlangan.

Matolarni to‘qish va naqshlar bilan bezash borasidagi noyob texnika ustida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari men tomonimdan 1963 yilda tayyorlangan “O‘zbek abr matolari” al’bomiga asos bo‘ldi. Afsuski, undan keyin mamlakatimizda bu mavzuda yangi ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilmadi va ancha yillar oldin chiqarilgan bu asar hozirga qadar talabalar uchun o‘quv qo‘llanmasi vazifasini o‘tamoqda.

 

1970 yilda “Beqasam” nomli kitobim chiqdi, u yarimipaklarning nodirlikda qolishmaydigan yo‘l-yo‘l naqshli turiga bag‘ishlandi. Yo‘l-yo‘l – bu sodda, lekin ifodali, oddiy, lekin o‘zining variantlarga boyligi bilan maftunkor naqsh uslubi bo‘lib, umuman bezakli-amaliy san’atda keng qo‘llaniladi. Matolar va to‘nlar eksportga chiqarilar, hurmatli insonlarga hadya qilinardi. Masalan, Pushkin, Nikolay II, yozuvchi Aleksandr Kuprin, rejissyor V.Meyerxold, raqqosa Rudol’f Nuriev va Rossiya va boshqa mamlakatlarning ko‘plab ijod ahllari o‘zbek to‘nlarini kiyganliklari ma’lum.

O‘zbek matolarini ishlab chiqarishning tanazzuli XIX asrning ikkinchi yarmida, Angliya, Fransiya va Rossiyadan mintaqaga arzon fabrika matolarini keltirish boshlanganda boshlandi.

Qachonlardir mashhur bo‘lgan to‘qimachilik markazlari va Qarshi, Kitob, Buxoro, Boysun, Urgut kabi mintaqa va shaharlarda mato ishlab chiqarish asta-sekin so‘ndi, turfa xillilik, yo‘qolib bordi, sanoqli kasana to‘quvchilik ustaxonalari qoldi, ular qo‘llaridan kelgancha qadimiy an’analarni saqlab qoldilar. Milliy matolar faqat Marg‘ilon va Namanganda chiqarila boshladi, lekin ular faqat atlas va beqasam edi. Shu bilan birga, matolar nafaqat mahalliy aholida, balki Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘istonda ham ulkan talabga ega edi.

 

XX asrning 60- yillarida o‘zbek matolari yashirincha, kontrabanda yo‘li bilan chetga olib chiqila boshladi. Bu fosh bo‘lgach, hamma aziyat chekdi, ayrim savdogarlar otib tashlandi. Ustalarning xonadonlarida tintuvlar o‘tkazildi, barcha aniqlangan qo‘lbola to‘quv dastgohlari yoqib tashlandi. Davlat miqyosida barcha kasana artellarni yo‘q qilish va ular asosida Marg‘ilon, Namangan va Qo‘qonda to‘qimachilik fabrikalari ochish, milliy matolarning tor assortimentini ulardagina ishlab chiqarish qarori qabul qilindi. Bu radikal qayta tashkil etishdagi eng achinarli holat badiiy naqsh ijodiyotidagi eng aziz va qadrli jihat – uning qo‘lda bajarilishining yo‘qotilishi bo‘ldi. Men, mutaxassis sifatida, bunga rozi bo‘lolmasdim.

Men respublikadagi barcha mashhur insonlarni aylanib chiqdim va chorlov-maqola ostiga imzolarini yig‘dim, maqola “Pravda Vostoka” gazetasida chop etildi va katta qiziqish uyg‘otdi. Munosabat tezkor bo‘ldi – meni Ipak sanoati boshqarmasi boshlig‘i S.Komkov chaqirdi. U koinotga parvozlar davrida qo‘l mehnatiga mutlaqo qarshi edi. “Qachongacha o‘zbeklar krepdeshin va krep-jorjetlar emas, o‘zlarining atlaslarini kiyib yuradilar?”- achchiqlanib xitob qildi u. Uning munosabatini mashhur Rafail Taktash ekspromt yo‘lida to‘qilgan to‘rtligida yaxshi tasvirladi:

 

Qog‘ozlar ichra-yu, dastgohlar uzra

Sergey Komkov didni boy berdi

O‘zbek matolarin go‘zalligidan

Ko‘zin parda bo‘lib to‘sdiku mansab

Oqibatda “Atlas” nomli firma-kombinat tashkil etildi. Unda kasana ishlab chiqarish sanoat tomonidan butkul yutib yuborildi. Bu ustalarning iste’molchilar bilan aloqasi uzilishiga olib keldi, holbuki bu aloqa o‘zbek xalqining, ta’bir joiz bo‘lsa, genetik qadrli bo‘lgan, milliy madaniyatning yorqin qismi sanalgan matolarga chuqur bog‘liqligiga asoslanardi.

O‘zbekiston xalq shoiri G‘ofur G‘ulom yozgandi:

Matolarimiz tarixin bilmoq istasang,

Xon atlasning o‘zi senga kitob bo‘ladi.

Jilosi mavj urar misli daryo to‘lqini,

Ipaklarga qo‘shilar zarrin Quyosh yolqini

 

Abr matolarda naqsh yaratishning rivojlanishi allaqachon to‘xtagan, boshi berk ko‘chaga kirib qolgandi. Bu meni Marg‘ilonga borishga undadi, u yerda xon atlasni kasana usulida ishlab chiqaruvchi birgina fabrikani topdim. Men fabrika rahbarini milliy matolarni ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar ochilayotganiga, tayyorlanayotgan matolar assortimentini kengaytirish kerakligiga ishontirdim. Adras, shoyi, baxmal kabi unutilib ketgan abr matolarga, nafaqat an’anaviy Farg‘ona uslubini, balki boshqa mintaqalar, ayniqsa Buxoro uslubini qayta tiklash kerakligiga e’tiborini qaratdim. Bu davrga kelib Buxoroda amalda ustalar qolmagani sababli, men Buxoro maktabi matolarining naqshinkor bezalishi san’atini fotosuratlar va kitoblar yordamida tiklash kerak deb turib oldim va uni bunga ko‘ndirdim.

Xom ashyo topildi, dastlab adrasning beshta naqshi tanlandi, ular uchun beshta dastgoh ajratildi. Turli ixtisoslikdagi olti nafar usta tanlandi – abrbandchi, bo‘yoqchi, to‘quvchi. Ular uchun Toshkentga xizmat safari uyushtirishga muvaffaq bo‘ldim. Toshkentga kelganlarida akamnikiga joyladim, kun bo‘yicha muzeylar va kutubxonalarga qatnadik. O‘sha kunlarda Toshkent San’at muzeyida uning direktori Damir Ro‘ziboev rahbarligida “XIX va XX asrlar O‘zbekiston matolari va liboslari” ko‘rgazmasi ochilgandi. Ustalar qadimiy matolar, ularning naqshlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish, ushlab his qilish, suratini tushirish imkoniga ega bo‘ldilar. Toshkentni ular yangi ochilgan istiqboldan ruhlanib va kengroq bilimlar bilan qurollanib tark etdilar.

 

O‘zbekistonda hech qachon bo‘lmagan kishi bizning matolarimizni olachipor yoki jimjimador deb o‘ylashi mumkin. Aslida ularda Markaziy Osiyo quyoshining rangi, O‘zbekiston manzarasi: Qizilqumning olov purkaydigan qo‘mlari, Tyan’-Shan’ tog‘ yonbag‘irlari, jo‘shqin daryolar, gullagan mevali daraxtlar va dashtlardagi hamda uylarning loy tomlaridagi lolaqizg‘aldoqlar aks etgan. Bu matolarda jazirama va salqinlik, bu betakror naqshlarda go‘zallik shunchalar benihoyaki, ularga qarab, ushbu yer va uning xalqining ruhini anglash mumkindek go‘yo.

Bugun, bozor munosabatlari rivojlanishi va, ayniqsa, respublikaning mustaqillikka erishgani munosabati bilan hunarmandlarda yuzaga kelgan ijod erkinligi tufayli, milliy matolarni ishlab chiqarish bilan bog‘liq vaziyat tubdan o‘zgardi. O‘tgan asrning 90- yillar boshlaridan, Markaziy Osiyo ikatlariga butun dunyoda chinakam qiziqish mavjudligi boisidan, xalqaro tashkilotlar ularni ishlab chiqarishga katta yordam va qo‘llab-quvvatlash ko‘rsata boshladilar. Muzeylar va xususiy kolleksiyalarda saqlanayotgan qadimiy mato va liboslarning hashamatli kataloglari chop etildi. Rossiya va O‘zbekiston nashrlarida bir qator maqolalar chiqqach, menga o‘zbek milliy matolari bilan qiziquvchi insonlar ko‘p murojaat qila boshladilar, atyin Amerika, Yevropa, Angliya, Yaponiya, Turkiya va, hatto, Avstraliyadan kelishdi, bu mavzuga bag‘ishlangan nufuzli nashrlarda mening tadqiqotlarimga havolalar berishdi.

 

1970 yilda Yaponiyaning Osaka shahrida xalqaro modalar namoyishi o‘tkazildi. Sovet Ittifoqidan unda faqat ikkita modellar uyi – Moskva va Toshkent vakillari o‘z kolleksiyalarini taqdim etdi. Bizning ustalarimiz faqat milliy matolardan tikilgan liboslarni namoyish etdilar va olamshumul muvaffaqiyatga erishdilar. O‘zbek ipagidan tayyorlangan buyumlar namoyishidan keyin, yaponlarning qo‘llari yengil kelib, dunyoda necha asrlardan beri birinchi marta, qadimiy savdo yo‘lining unut bo‘lgan nomi – Buyuk ipak yo‘li tilga olindi, hozir uni hamma yaxshi biladi. Tez orada Yaponiyadan institutimizga milliy matolarimizni keltirish iltimosi bitilgan maktub keldi va men, ruhlanib, bu xabarni darhol direktorga yetkazdim. O‘sha paytda institutga akademik Vohid Zohidov rahbarlik qilar, bir vaqtning o‘zida u madaniyat vaziri ham edi. Vohid Yo‘ldoshevich, meni hayratga solib, bu taklifga o‘ta salbiy munosabat bildirdi.U menga kolleksiyalarni jo‘natish haqida unutishimni shama qildi. Nafrat bilan savol tashladi: “Matolarimiz? Bu sharmandalik bo‘ladi! Yaponlarda qanday to‘qimachilik, qanday naqshlar borligini bilasizmi? Shunda ham matolarimizni yubormoqchimisiz?” matolarimizning ajoyib ekani, noyobligi, ular bilan faxrlansak arzigulik ekani, buni nafaqat biz, balki butun dunyo bilishi haqida uni ishontirishlarim behuda ketdi. Afsuski, ba’zida hatto san’at bilimdonlari ham bunday ulkan, qadimiy, turfa xil xal amaliy san’ati qatamini munosib qadrlamadilar, holbuki usiz insonlarimizni, mamlakatimizni tasavvur qilib bo‘lmaydi.

 

1988 yilda AQShda “Markaziy Osiyo ipak matolari” ko‘rgazmasi tashkil etildi. U zo‘r muvaffaqiyat bilan o‘tdi, butun Amerikani kezib chiqdi. Tashrif buyuruvchilar, jumladan dizaynerlar, o‘zlari uchun kutilmaganda matolarimiz go‘zalligini kashf etdilar, ularga maftun bo‘ldilar, yetakchi model’erlar ulardan butun boshli liboslar kolleksiyalarini yarata boshladilar. Bu ko‘rgazma dunyo miqyosidagi qiziqishga turtki bo‘ldi va bu qiziqish hozirgacha davom etdmoqda. Barcha davrlarda sayyohlar va diplomatlar, faxrli mehmonlar va oddiy turistlar o‘zlari bilan ro‘mollar, kashtalar yoki o‘zbek matolaridan namunalar olib ketadilar.

Chet elda boy kolleksiyalar yaratildi, birin-ketin ajoyib buyumlarimizga bag‘ishlangan al’bomlar chiqarila boshladi, 1988 yilda, shov-shuvli ko‘rgazmaga atab N’yu-Yorkda chiqarilgan “Ikats. Wovensilks from Central Asia. The Raucollection” al’bom-katalogi mualliflari menga al’bomdan bir nusxa yuborgandilar, o‘sha paytlarda bu noyob hodisa sanalardi. Al’bomni varaqlab, unda mening ism-sharifim, tadqiqotlarim tilga oilngani, mualliflar mening ishlarimdan o‘zlari uchun qiziqarli axborotni olganliklarini hayrat bilan aniqladim.

1997 yilda Gvido Gol’dmanning boy kolleksiyalaridan matolar va to‘nlar al’bomini yaratishda katta ish amalga oshirildi. “IKAT. Silks of Central Asia” al’bomi mualliflari – vashingtonlik er-xotin Keyt Gibbon va Endryu Xeyl iltimoslariga ko‘ra men abr matolar to‘g‘risida kirish maqolasini yozib berdim. Keyt al’bomga asosiy matnning muallifi bo‘ldi, ammo undagi axborotni to‘liq deb bo‘lmasdi.

 

Men Keytdan Markaziy Osiyo to‘qimachiligiga oid ko‘plab adabiyotlar mavjud amerikalik va yevropalik muzeylar hamda kutubxonalardagi ma’lumotlarni imkoniyati boricha to‘plashni va matnni to‘ldirishni so‘radim. U katta ishni amalga oshirdi, al’bomning chiqishi bir yarim yilga cho‘zildi, ammo endi bu eng salmoqli, ajoyib bezalgan tadqiqot bo‘lib, matolarimiz to‘g‘risidagi eng to‘liq axborotga ega.

2011 yilda Vashington To‘qimachilik muzeyi xodimi, kelib chiqishi turk bo‘lgan Sumru Belger menga Murad Megallining nihoyatda boy kolleksiyasidan matolar va to‘nlar fotosuratlarini yo‘lladi va mutaxassis sifatida ular haqida o‘z fikrlarimni bildirishimni so‘radi. Men uchun qadimiy matolarni ko‘rish, mintaqalar va tayyorlangan vaqti bo‘yicha tasniflash, har bir naqshga ularning qadimiy nomlarini berish favqulodda qiziqarli bo‘ldi, to‘g‘ri, mato turi, to‘qilish turini aniqlash uchun matoni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish, ushlab o‘rganish talab qilinardi. Sumru Belger and others “Colors of the Oasis. Cetntral Asian Ikats”. The Textile Museum. Washington D.C. (2010) al’bomi mening katta maqolam bilan boshlandi. Uning ketidan Keyt Fits Gibbon va Sumruning maqolalari qo‘yildi.

 

Uzoq yillardan buyon biz Markaziy Osiyo matolari, kashtalari va ayniqsa o‘zi uchun alohida sevimli to‘pnlarning mashhur kolleksioneri, o‘lkamiz tarixi va madaniyati bilimdoni, hozirda Moskvada yashovchi oilamizning yaqin do‘sti Toir Faridovich Toirov bilan hamkorlik qilamiz. Uning kolleksiyasi Moskvaning turli muzeylarida – Pushkin nomidagi muzeyda, Sharq muzeyida, Amaliy san’at muzeyida va boshqalarda, Yaponiya, Finlyandiya, boshqa mamlakatlarda bir necha bor taqdim etilgan. Toir Faridovich bir nechta al’bomlar chop etgan, ularning ikkitasi – “Ikati Turkestana” (2002 y.) va “Starinnie uzbekskie kostyumi, predvosxitivshie yevropeyskiy modernizm” (2012 y.) uchun men maqola yozib berganman.

Qachonlardir o‘lkamizda ishlab chiqarilgan, dunyoning eng yaxshi muzeylari va kutubxonalarida taqdim etilgan turli-tuman matolar, boshqa buyumlar – chinni, chilangarlik, o‘ymakorlik, zargarlik taqinchoqlari, miniatyuralar, turli sabablarga ko‘ra, ko‘pchilik uchun ochiq emas. Mutaxassislarimiz bizning tengi yo‘q ustalarimizning nihoyatda boy merosi bilan qiziqishlarini istardim. O‘z paytida ustozim Anna Sergeevna Morozova (o‘sha paytda 65 yoshda edi), o‘z ishini qoldirishga hech kim yo‘qligidan xavotirga tushardi. O‘shanda unga men yo‘liqdim, men hozir o‘ga paytdagi Morozovadan kattaroqman va endi men xavotirlanaman – bilimlar, kutubxonani qoldirishga hech kim yo‘q. Afsuski, mamlakatimizda bizning misli yo‘q matolarimiz qanchalik sevilmasin, uning tarixi va zamonaviy holati, ushbu ajoyib matolarni tayyorlovchi ustalar, ajdodlarimiz qadim davrlardan bu naqshlar orqali yetkazadigan axborotni jiddiy o‘rganish bilan hech kim shug‘ullanmaydi. Bu sohada hamma narsa ham o‘rganilmagan, o‘zbek matolarini yaratishning g‘ayrioddiy san’ati o‘z tadqiqotchisini va bor bilimlarni saqlovchisini kutmoqda.

Sayyora Mahkamova xonadonida mehmonda. Birinchi qator, chapdan o‘ngga: L. Mahkamova, S. Mahkamova, uning turmush o‘rtog‘i, akademik  E.I. Fozilov, O‘zbekiston xalq artisti M. Yo‘lchieva, akademik R.G. Mahkamov, aktrisa, TV suxandoni  R. Madrahimova. Ikkinchi qator: T.F.Toirov, chapdan uchinchi – professor O. Matyoqubov, ikkinchi qator oxirida – akademik T.D. Rajabov.

Feruza Yalkinovna Gulamova -Turakulova

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *