• “Sharqda bor samimiy kent, gir atrofi bog‘-rog‘laru tunlaridir charog‘on”.
  • O‘z paytida Toshkentning majoziy madhiyasiga aylangan qo‘shiqning ushbu satrlari hammamizga tanish. Lekin, agar bu qo‘shiq shu kunlarda yaratilganda, qanday yangragan bo‘lardi? Yana bir gap – ko‘kalamzorlashtirish muammosi faqat Toshkentga taalluqlimi?
  • Rovshan Maxsudov o‘z petitsiyasida, odamlar uchun sifatli dam olish imkonini ta’minlash va shaharning ekologik holatini yaxshilash maqsadlarida, har bir tumanda attraksionlarsiz, kamida 2000 tup daraxtga ega yangi bog‘ va xiyobonlar yaratish, bu bog‘lar va xiyobonlarni yaxshi o‘rindiqlar, veloyo‘lkalar va favvoralar bilan jihozlashni taklif etadi.
    Nashrimiz tahririyati ushbu dolzarb va muhim tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatlab, tashabbus muallifiga bir necha savollar berishga qaror qildi.

 

 Nega aynan yashil hududlar yaratish to‘g‘risida petitsiya berishga qaror qildingiz?
— Toshkentda yashil hududlarni yaratish to‘g‘risida petitsiya yozishga qaror qilganimning bir necha sabablari bor. Asosiysi esa, men insonlarni qadrlaydigan to‘g‘ri shaharda yashashni istayman. yetarlicha miqdorda daraxtlar va bog‘larsiz, shahar to‘g‘ri sanala olmaydi. Daraxtlar yetishmaydigan shaharda doimo issiq, chang bo‘ladi, nafas olish – ayniqsa bemorlar uchun – qiyin kechadi. Shuningdek, daraxtlar yo‘q joyda qushlar va tabiatning bir bo‘lagi deb atash mumikn bo‘lgan biror narsa uchramaydi. Tabiatdan narida, butkul sun’iy dunyoda yashashni esa, menimcha, hyech kim istamaydi.

Biz, albatta, bu darajaga yetib bormadik va shahrimizda yana biroz daraxtlar qolgan, lekin ular juda kam.

Bu petitsiyani yozishimning yana bir sababi – men haqiqatan yashil shahar bo‘lmish Moskvada bo‘ldim va inson hayotiga daraxtlar qanchalik ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini his qildim.

Laringit sababli men Toshkentda ba’zida nafas olishga qiynalaman. Lekin Moskvada bu biror marta sezilmadi. O‘zimni yaxshi his qilishim barobarida, turli bog‘larda, osuda muhitda muntazam sayr qilish imkoniga ega bo‘ldim. Men salomatligimni mustahkamlash uchun minglab qadam tashlab, tabiat go‘zalligidan bahra olishim mumkin edi. Buning uchun atayin biror joyga borish ham shart emas – axir, Moskvada har joyda bog‘ bor. Mana shunda «Toshkent aholisi ham shunday imkoniyat va sharoitlarga munosib» degan fikr keldi.

 Fikringizcha, har bir tumanda nechtadan yashil hudud tashkil etish kerak bo‘ladi? Bu odamlarga va O‘zbekiston shaharlari infratuzilmasiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? 

— Menimcha, shaharda yashil hududlar shunchalik ko‘p bo‘lishi kerakki, shaharning istalgan nuqtasidagi inson yashil hududgacha uzog‘i bilan 15 daqiqa yayov yurib yetib olsin.
Men, hozirda, yashil hududga borish uchun 15 daqiqadan ancha ko‘proq mashinada borishim kerak bo‘ladi. Buni esa, mutlaqo nomaqbul hisoblayman.

Bog‘lar soni shu darajada ko‘payishiga erishsak, insonlar hayoti albatta yaxshi tomonga o‘zgaradi.

Bu, birinchidan, toza havo degani. Ikkinchidan, hatto yozning jaziramasida ham sayr qilish imkoniyati bo‘ladi. Odamlar ham jismoniy, ham ma’naviy salomatligini mustahkamlaydi.

 2021 yilni «Ekologiya yili» deb e’lon qilish g‘oyasi kimga tegishli va bu nega zarur?

— Petitsiya taqdim etganimdan keyin «Nega faqat Toshkentda?» qabilida savollar yoza boshlashdi va shunda yana bir g‘oya tug‘ildi – 2021 yilni «O‘zbekistonni ko‘kalamzorlashtirish va tabiatni himoya qilish yili» deb e’lon qilish.

Zero daraxtlar va bog‘lar muammosi nafaqat Toshkentda, balki butun mamlakatda dolzarb sanaladi. Ularni hal qilish uchun bir nechta bir martalik tadbirlar o‘tkazish kifoya qilmaydi. Buning uchun keng ko‘lamli dasturni amalga oshirish, tabiatni himoya qilishga qaratilgan yangi qonunlar va normativ hujjatlar ishlab chiqish kerak. Yashil hududlar sonini jadal ko‘paytirish, jamoatchilik joylarida daraxtlar sonini oshirish va h.k. ishlar talab etiladi.

Nega endi bunga yillik davlat dasturini bag‘ishlmaslik kerak?

 Chinor – bu milliy boylikmi yo qimmatbaho mebel uchun sifatli xom ashyomi?

— Men chinorni milliy boylik deb hisoblayman. Uni asrash, himoya qilish va nima qilib bo‘lsa ham, saqlab qolish kerak. Mebe sanoatiga kelsak, albatta, undan butkul voz kecha olmaymiz. Lekin buning uchun alohida hududlar ajratilishi kerak – u yerda daraxtlar ushbu sanoat uchun maxsus yetishtirilsin.

 Daraxtlarni kesganlik uchun jinoiy javobgarlik kerakmi? Bitta daraxtning hayoti inson umrining bir necha yilidan qadrli turadimi? 

— Tabiat va daraxtlarni qanchalik sevmay, insonlarga jinoiy jazoni ravo ko‘ra olmayman. Daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun odamlarni qat’iy jazolash tarafdoriman, lekin bu qamoq ko‘rinishida emas, balki yirik jarimalar shaklida bo‘lsin. Masalan, har bir kesilgan daraxt uchun 5 million so‘m.

Men uchun daraxtlar juda qadrli, inson hayoti esa – bebaho. Vaqtni ham boylik bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Shu sababli, daraxtlarni himoya qilish kerak, lekin bu insonni uning kelajagidan mahrum etish yo‘li bilan bo‘lmasin. Menimcha, yirik jarimalar va moliyaviy sanksiyalarning o‘zi yetarli.

 Daraxtlar qaerda o‘sishi kerak va o‘sha yerdan yo‘l o‘tkazilishi, bino qurilishi yoki kommunikatsiya tortilishi kerak bo‘lsa, nima qilish lozim?

— Daraxtlar har joyda o‘sishi lozim. Yo‘l va yo‘lkalar chetlarida, bolalar maydonlarida, turar-joy hududlarida, hovlilarda va h.k. Agar yangi bino, yangi yo‘l qurish kerak bo‘lsa, rejasini tuzishda daraxtlarning joylashuvini hisobga olish va qurilishda ularga zarar yetkazmaslikka harakat qilish lozim. Albatta, har doim ham bu mumkin bo‘lavermaydi. Ba’zida, agar boshqa yo‘l qolmasa, bir necha (o‘nlab, yuzlab emas) ko‘chat ekish va quriladigan ob’ektlar yonida yangi yashil hududlarni kompensatsiya o‘laroq yaratish kerak. Bunday ishlar bitganidan keyin daraxtarning har 100 kv.m. maydondagi soni kamayishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.

 

 Daraxtlar odamlarning xatti-harakatlariga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

— 2014 yilda chop etilgan tadqiqotda AQSh O‘rmon xizmati xodimlari va olimlar daraxtlar har yili 850 nafar inson hayotini asrab qolishlari va 670 000 ta o‘tkir respirator simptomlarining oldini olishini hisoblab chiqdilar. Tadqiqotchilar havo ifloslanishi kamayishining inson salomatligiga ta’sirini qariyb yiliga 7 milliard dollarga baholadilar. Boshqa tomondan, 2015 yilgi tadqiqot ko‘rsatishicha, o‘qish jarayonida tabiatda ko‘proq vaqt o‘tkazadigan bolalar, ularning maktab va tumanlarining yo‘ldoshdan olingan suratlariga ko‘ra, diqqatni jamlash va xotiraning rivojlanishi borasida yaxshiroq ko‘nikmalarni namoyish etadilar.

Shuningdek, Sidney, Nyukasl va Vullongongda yashaydigan 45 va undan yuqori yoshdagi 46 000 nafar kishi o‘rganilganda, yirik daraxtlar ko‘p o‘sgan hududlarda yashovchi odamlarga stressning rivojlanishi ehtimoli boshqa joylardagi odamlarga qaraganda 30 foizga kam ekan. Ahamiyatlisi, o‘tloqlar, butalar va boshqa ekinlar borligi sezilarli natija ko‘rsatmadi. Yaponiyada 585 nafar respondent o‘rtasida o‘tkazilgan boshqa tadqiqot bog‘ hududlarida sayr qiluvchi odamlar shahar bo‘ylab sayr qiluvchilarga qaraganda kamroq xavotir va xatar hissini tuyishlarini ko‘rsatdi. Ammo, ba’zida odamlarning bevosita daraxtlar orasida bo‘lishlari ham shart emas. Polshada respondentlarga 15 daqiqa davomida qishki o‘rmon manzarasi va shahar ko‘chalari manzarasiga qarab turish taklif etildi. Keyin ulardan tomoshadan oldingi va keyingi ma’naviy holatlari haqidagi anketa savollariga javob berish so‘raldi. Tadqiqot ko‘rsatishicha, hatto sahro o‘rmoni ko‘rinishi ham shahar ko‘salari manzarasiga qaraganda ko‘proq tinlantiruvchi ta’sir ko‘rsatgan. Bundan tashqari, insonning stresslarni yengish qobiliyatiga yashil ekinlarning ijobiy ta’sirining qator fiziologik isbotlari ham mavjud. 2017 yildagi tadqiqot daraxtlar yaqinida yashovchi odamlarda stressga chidamlilikka javob beradigan miya tuzilmalari ancha rivojlangan bo‘lishini ko‘rsatdi.

 O‘lkamiz iqlimiga mos daraxtlar qaysilar? Nima ekkan ma’qul, mintaqamiz uchun g‘ayrioddiy bo‘lgan va chet eldan keltirilgan yangi daraxt turlarini sinab ko‘rish maqsadga muvofiqmi?

— O‘zbekistonda to‘rt turdagi o‘rmon bor: cho‘l hududi o‘rmonlari, unda oq saksovul ko‘p uchraydi; keng bargli o‘rmonlar, ular asosan yong‘oq, bodom va boshqa meva daraxtlaridan iborat; archa va to‘qay o‘rmonlari. Shahar yashil ekinlari uchun issiqlik va qurg‘oqchil havoga chidamli ekinlar ekish tavsiya etiladi. Masalan, O‘zbekistonda ko‘pincha qayrag‘och ekiladi, Xorazm va Qoraqalpog‘iston iqlimiga «katalpa», Qoraqalpog‘istonga yovvoyi jiyda, ko‘k terak, Buxoroga – eman mos keladi. Farg‘ona vodiysida eman, zarang, terak ekiladi. Toshkent viloyatida Toshkent chitalpasi, kashtan, tuyadaraxt ko‘p uchraydi.

Ifloslanish yuqori darajada bo‘lgan sanoat shaharlarida aylant o‘simligini ekish tavsiya etiladi. Bu o‘simlik tashlama gazlardagi zaharni o‘ziga olib, havoni tozalaydi. Ularni Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi yo‘llar yoqalarida uchratish mumkin.

Mamlakatimizning tog‘oldi mintaqalarida jo‘ka, keng bargli daraxtlarni, dasht mintaqalarida – eman, akatsiya, yapon sakurasi, shumtol, jiyda ekkan ma’qul. «Tomintoz» (Xitoy olchasi) daraxti ham iqlimimizga yaxshi moslashadi.

Daraxtlar iqlimga moslashsagina tutib ketadi. Shuningdek, tuproqning sho‘rlanganligi, namlik darajasi va tuproq sifatini ham inobatga olish kerak. Masalan, toshli yerda o‘simliklar o‘sishi qiyin, namligi yuqori tuproqli joylarga esa, botqoq sarvi, metasekvoyya ekish tavsiya etiladi. Ko‘proq u yoki bu mintaqada o‘sadigan daraxtlarni yetishtirish tavsiya etiladi.

 

 Ekota’limni maktabdan joriy etish nega bunchalik muhim? 

— Ekologiya haqida gap borganda ko‘pincha odamlar bee’tibor bo‘ladilar. Ular buning muhimligini his qilsalar-da, o‘zlariga tegishli emas, deb o‘ylaydilar. Ularning shaxsiy muammolari ham yetib ortadi. Ular moliyaviy muammolar, ish, oila tashvishlari – shular ularga tegishli-yu, ekologiya ular uchun begona va u bilan ekologlar shug‘ullanishi kerak deb fikr yuritadilar.

Lekin, aslida, ekologiya muammosi – bu atrof-muhit muammosi, u hammaga birdek taalluqli. Atrofdagi olamni qutqarish – o‘zimizni qutqarish demak. Ekologiya muammosi salomatligimiz muammosining ayni o‘zi deyish mumkin, uning oldida esa, barcha tashvishlar ahamiyatini yo‘qotadi. Axir, me’yordagi atrof-muhitsiz ruhiyatimizda, nafas olish yo‘llarimizda va nihoyat, oziq-ovqatlar xafsizligida muammo paydo bo‘ladi. Bu juda jiddiy tahdid va odamlar buni tushunishlari kerak. Buning uchun esa, biz mamlakatdagi ekota’lim darajasini oshirishimiz lozim. Maktabda bo‘lmasa, yana qaerda buni amalga oshirib bo‘ladi? Buning barini odamlarga yo maktabdayoq tushuntiramiz, yo kech bo‘ladi.

 Ekota’lim o‘z ichiga nimalarni olishi kerak?

— Sifatli ekologik ta’lim dolzarb ekologik muammolarni qamrab oluvchi nazariy va amaliy ta’limning asosini uyg‘unlashtirishi, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy va madaniy rivojlanish hamda ekologik muammolar o‘rtasidagi sabab-oqibat aloqalarini yuzaga chiqarishi kerak. Bundan tashqari, ekologik rivojlanish sohasidagi ta’lim o‘quvchilarda atrof-muhitning holati uchun javobgarlik va unga bog‘liqlik hissini, atrof-muhit barqaror holatining asosiy sababchilari bugungi va ertangi avlod ekanligini tushunishni tarbiyalaydi.

Talabalar va o‘quvchilarga mamlakatimizdagi ekologik ahvolga qiziqish va javobgarlikni singdirish uchun ularning ekologik ongini rivojlantirishga qaratilgan tegishli madaniy-ommaviy va o‘quv tadbirlarini o‘tkazish talab etiladi. Biroq, nazariy baza mavzuning o‘tkirligi va dolzarbligini yetarlicha tushunishni ta’minlab berishi gumon. Yosh avlodning bu mavzuga qiziqishini uyg‘otishda ekologik mas’uliyatsizlik oqibatlaridan misollar keltirish yanada ta’sirchanroq chora bo‘lardi. Masalan, Mo‘ynoq kabi ekologik halokat hududlariga safarlar uyushtirish samarali bo‘ladi. Ekologik ta’lim orqali, o‘quvchilar oson tushunadigan shaklda, ekologik ongni shakllantirilishi lozim.

 

Туман ва шахарларда янги яшил худудларни яратиш хакида

O‘zbekiston Respublikasining “Hiyobonlar, istirohat va madaniyat bog‘larini saqlab qolish to‘g‘risida”gi qonunini ishlab chiqish to‘g‘risida

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *