Sport ilmi degan tushuncha anchadan beri dunyoga mashhur. Bugungi kunda sport ilmini o‘z ichiga fiziologiya (mashqlar fiziologiyasi), psixologiya (sport psixologiyasi), anatomiya, biomexanika, bikimyo va biokinetikani oluvchi bir nechta fundamental fanlar uyg‘unligi tashkil qiladi. Sport ilmi sohasida olimlar va konsultantlarga talab yildan-yilga o‘sib bormoqda. Ularning bilimlari va tajribalari nafaqat sport tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda, balki sportchilar uchun jihozlar va liboslar ishlab chiqishda ham qo‘llaniladi. Sportning ilmiy o‘rganilishi tufayli, tadqiqotchilar inson tanasi mashqlarga, mashg‘ulotlarga, atrof-muhitning turli shart-sharoitlariga va ko‘plab boshqa ta’sirlarga qanday munosabatda bo‘lishini yaxshiroq tushuna boshladilar. Ushbu maqolada biz sportning bir necha jihatini ularning u yoki bu ilm-fan sohasi bilan bog‘liqligida ko‘rib chiqishga qaror qildik.

Sportda matematika

Sportda matematikaning roli va ahamiyati haqida so‘zlaydigan bo‘lsak, xayolimizga keladigan birinchi narsa – bu, albatta, shaxmat bo‘ladi. Jismoniy mashqlar bajarishni talab qiluvchi jo‘shqinroq va energiyatalab sport turlarida ham “ilmlar qirolichasi”ning naqadar ahamiyatli ekanligini tasavvur qilish qiyin. Shunday bo‘lsa ham, matematik hisob-kitoblarning bu yerdagi roli aslo kam emas. Masalan, graflar nazariyasi, kombinatorika bo‘limi musobaqalarni rejalashtirishda geometrik uslublardan foydalanadi[1]. Boshqa tomondan ko‘pchiligimiz sog‘lom turmush tarziga rioya qilamiz, uning asosini to‘g‘ri ovqatlanish tashkil qiladi. To‘g‘ri ovqatlanish esa, o‘z navbatida, organizmga kerak bo‘ladigan, shu bilan bir vaqtda jismoniy holatga zarar keltirmaydigan kaloriyalar miqdorini aniq hisoblashga bog‘liq bo‘ladi. Professional karerasi garovga qo‘yilgan sportchilar uchun ovqatlanish va iste’mol qilinayotgan kaloriyalar soni birinchi o‘rinda turishi sir emas. Chiziqli va nochiziqli o‘zaro aloqalar asosidagi matematik hisob-kitoblar uslublari, shuningdek metabolizm jarayonlarining matematik modellashtirish kaloriyalarni hisoblab chiqishda maksimal aniqlikka erishishga yordam beradi[2]. Shuningdek, sportchilarning chidamliligini hisoblab chiqish imkonini beruvchi ikkita matematik model (impulsiv munosabat bildirish modeli va chegaraviy qudrat modeli) mavjud. Jumladan, birinchi model individning faoliyatga qobilligi vaqt o‘tgan sayin va mashg‘ulotlar intensivligiga qarab o‘zgarishi dinamikasini tasvirlash imkoniyatini beradi. Ikkinchi model ish sur’ati va uning davomiyligi o‘rtasidagi o‘zaro aloqani tasvirlaydi. Model muayyan inson uchun mashqlar intensivligi va ularning davomiyligi o‘rtasidagi o‘zaro aloqani umumlashtiradi[3]. Bundan tashqari, agar gap u yoki bu inventar (to‘plar, langarcho‘p, disk va sh.k.)dan foydalanadigan sport turlari haqida ketganda, matematik formulalar oldinga qo‘yilgan natijalarga erishish uchun kerakli kuchni, siltash yoki zarbaning boshlang‘ich burchagini, snaryad harakatlanishi tezligi va traektoriyasini hisoblashga xizmat qiladi[4].

Sport liboslarini yaratishda ilm-fan

Bugungi kunda professional sport liboslarini loyihalashtirish va ishlab chiqarishni ilg‘or texnologiya va ilmiy yondashuvsiz tasavur qilib bo‘lmaydi. Professional sport libosini kiyish tana haroratining keskin o‘zgarishini, harakatlar erkinligi va jismoniy yuklamalar bajarilishida ter ajralishini samarali nazorat qilish imkonini beradi.

Sport liboslarini ishlab chiqarishda texnologiyalardan foydalanish, qoidaga ko‘ra, matolarning turfa xillarini ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi. Sport liboslari sportchining xarakteristikalarini yaxshilashga qaratilgan va bu ishlatiladigan matolarda aks etadi, ularga qo‘yiladigan asosiy talab termoregulyasiya xususiyati sanaladi. Sport libosi texnologiyasi g‘oyasi mashg‘ulotlar davomida shunchaki tanamizni yopib turishi emas, balki tanamiz bilan tandemda ishlashi kerakligini anglatadi. 2017 yildagi Xitoy olimlari tadqiqotida poliesterli oddiy libos kiyishdagi va “issiqlikni prognozlash modeli”dan foydalanib ishlab chiqilgan libos kiyilgandagi termoregulyasiya ko‘rsatkichlari qiyoslandi. Natijalar ko‘rsatishicha, professional sport libosida, poliesterdan tikilgan odatiy libosdagiga qaraganda, nam shimish qobiliyati va bug‘lanishning sovutish effekti yaxshiroq ekanligini ko‘rsatdi. Odatiy libosga taqqoslaganda, professional sport kiyimida intensiv jismoniy yuklamalarni bajaruvchi sportchilarda ter ajralishi miqdori, intensivligi va boshqa jihatlar sezilarli yaxshilangan[5]. Bundan tashqari, bugungi kunda sport liboslari ishlab chiqaruvchilari “aqlli tekstil” tushunchasiga tobora ko‘proq murojaat qiladilar. Ushbu tushuncha tananing jismoniy xarakteristikalari o‘zgarishi (tana haroratini tartibga solish, shamolga qarshilikni va harakatlanishdagi ishqalanishni kamaytirish, mushaklar vibratsiyasi nazorati) ga munosabat bildiruvchi matolar ishlab chiqishni hamda ham tashqi, ham libosning o‘ziga o‘rnatilgan o‘rnatma qurilmalar qo‘llanilishini o‘z ichiga oladi. Bunday liboslarni ishlab chiqish anchayin mehnattalab jarayon sanaladi, chunki bunday texnologiyalarga yuvish imkoniyati va doimiy deformatsiyalarga chidamlilikni o‘z ichiga oluvchi qo‘shimcha talablar qo‘yiladi. O‘rnatma qurilmalar o‘z ichiga datchiklar va ular bilan bog‘liq mobil ilovalarni, shuningdek sport inventari ashyolarini oladi. Sport liboslarini ishlab chiqarish uchun sintetik materiallarni ishlab chiqishda ko‘pincha tabiiy materiallardan foydalaniladi. masalan, bambuk yuqori chidamlilikka, yumshoqlik va mikroblarga qarshi xususiyatlarga ega viskoz tolasini ishlab chiqishda asos o‘laroq ishlatiladi. Merinos juni sovuq va issiq haroratda intensiv mashg‘ulotlar uchun libos ishlab chiqarishda qo‘llaniladi, bunday jun turi spandeks bilan ajoyib chiqishadi[6].

Sportda farmakologiya

Sportda farmakologiyadan foydalanish o‘ziga xos munozara manbai sanaladi, chunki bugungi kunda sport tashkilotlari sportchilar iste’mol qiladigan farmatsevtik preparatlar kelib chiqishi va belgilanishiga alohida e’tibor beradilar. Asosiy maqsad – sportchilar tomonidan ularning jismoniy holatini yaxshilovchi, bu bilan musobaqalashuvda tengsiz sharoitlar yaratadigan hamda, ko‘p hollarda, ularning salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan taqiqlangan moddalar iste’mol qilinishini chetlab o‘tish sanaladi. Ishchanlikni oshirish uchun moddalar yoki uslublarni suiiste’mol qilish sportda juda keng tarqalgan hodisa bo‘lib, bu musobaqalashuv ruhini parchalaydi. Butunjahon dopingga qarshi agentlik (BDQA) kabi sportdagi tartibga soluvchi idoralar sportchilar tomonidan ishchanlikni oshiruvchi moddalar iste’moli ko‘rsatkichini 5%dan 31%gacha oraliqda ko‘rsatadi. Sportchilar bunday moddalar iste’moli oqibatida salomatlikning yomonlashuviga olib keluvchi jiddiy travma va kasalliklarga chalinishlari mumkin. Odatda sportda nomaqbul yoki taqiqlangan preparatlar anabolik androgen steroidlar va ularning analoglarini, ritropoetin, o‘sish gormoni va uning hosilalari, ozuqa qo‘shimchalari, kreatin, afetamin, beta-gidroksi-beta-metilbutirat, stimulyatorlar va analgetiklardan iborat bo‘ladi[7].

Muammo shundaki, sportchilarning holatini muntazam monitoring qilib boruvchi va u yoki bu preparatni iste’mol qilish bo‘yicha tavsiyalar beruvchi malakali mutaxassislar mavjud bo‘lmaganda sportchi o‘zi qabul qiladigan retseptsiz preparat taqiqlangan moddalar ro‘yxtiga kirishni bilmasligi ham mumkin. Bir qarashda neytral ko‘ringan ozuqa qo‘shimchalari ham g‘ayriixtiyoriy ravishda doping iste’moli sababchisi bo‘lishi mumkin[8]. Polifenol, terpenoidlar va alkaloidlarni o‘z ichiga olgan an’anaviy tibbiyot va muqobil davolash uslublari preparatlari sportchining chidamliligi va jismoniy xarakteristikalarini kuchaytirishi, bu orqali nazorat tashkilotlarida uning sportchi sifatida professional vijdonliligiga shubha uyg‘onishiga olib kelishi xavfi mavjud[9].

Sportda psixologiya

Bugungi kunda sport psixologiyasi fiziologiya, biomexanika, kineziologiya va psixologiya tutashuvidagi fanlararo ilm bo‘lib, maqsadi psixologik omillar unumdorlikka qanday ta’sir ko‘rsatishi va sport bilan shug‘ullanish hamda mashqlar psixologik va jismoniy omillarga qanday ta’sir ko‘rsatishini o‘rganishdan iborat. Amerikalik xokkeychilar o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, sportdagi muvaffaqiyatlarning asosiy omillari raqobatbardoshlik va o‘ziga ishonch sanaladi, ular psixologiyaning klassik muammolaridir[10]. Shuningdek, olimlar jamoaviy sport turi bilan shug‘ullanadigan sportchilar ekstravertlarga xos psixologik xususiyatlarni, yaqqolroq abstrakt fikrlash va o‘ziga ishonchni namoyon etishlarini aniqladilar.

O‘z navbatida, individual ishtirokni taqozo qiluvchi sport turlarida qatnashadigan sportchilar o‘ziga ishonchning pastligini va introversiyaning yaqqolroq namoyishini ko‘rsatganlar. Biroq, umuman olganda, qaysi sport turi bilan shug‘ullanishlaridan qat’i nazar, sportchilar, sport bilan shug‘ullanmaydiganlarga qaraganda, kamroq xavotirlanishni va tafakkurda ko‘proq xolislikni namoyon etganlar[11]. Yakkakurashning turli ko‘rinishlari bilan shug‘ullanuvchi sportchilar psixologik xarakteristikalarini tahlil qilganda biz bunda-da ajoyib manzaraning guvohi bo‘lamiz. Hissiyotlar sport psixologiyasining muhim jihatlari sanaladi, bu ayniqsa asosiy harakat raqibga hujumdan iborat sport yakkakurashlarida namoyon bo‘ladi. Yakka kurash ko‘pincha travma va og‘riq olish xatari bilan bog‘liq bo‘ladi, ular sportchilarga surunkali hissiy noqulaylik keltirishi mumkin. Sport musobqalarining bunday turlari samarali aqliy nazorat va kuchli, tezkor hamda taktik jihatdan to‘g‘ri reaksiyalarni, shuningdek aniqlik va yaxshigina tasavvurni talab qiladi[12]. Sportning kuch ishlatar turlari inson xarakterining xavotir, tajovuzkorlik yoki shuhratparastlik kabi ko‘plab sifatlari va xususiyatlarini fosh etadi. Psixologlarning asosiy e’tiborini xavotir va jonsaraklik jalb etadi. Mutaxassislar qayd etishlaricha, xavotir sportchining qat’iy harakat qilishga qobilligiga, omadsizlikdan muntazam qo‘rquv sababli, kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Sportchining musobaqada qatnashishidan bevosita oldin yuzaga keladigan xavotir ko‘pincha Martensning ko‘p o‘lchamli nazariyasi bilan izohlanadi, unga ko‘ra, xavotir kognitiv va somatik komponentlar qorishmasidan iborat bo‘ladi. Somatik xavotir musobaqa boshlanishida o‘z cho‘qqisiga chiqmagunicha davom etadi, keyin tezda kamayadi. Somatik xavotir yurak urishining tezlashuvi, nafas siqishi, qorinda “kapalaklar xuruji”, mushaklardagi zo‘riqishda ko‘rinadi va unumdorlik hamda diqqatni jalb qilishning pasayishiga sabab bo‘ladi. Kognitiv xavotir, aksincha, musobaqalardan bir necha kun oldin, ta’sirchanlik va jonsaraklik ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Bu diqqatni jalb qilish va e’tibor bilan bog‘liq muammolarga, shuningdek musobaqaga chiqishdan oldingi xavotirga olib kelishi mumkin.[13]

Ilm-fan ham havaskor, ham professional sport rivojiga katta ta’sir ko‘rsatishi ravshan. Sportni rivojlantirishga ilmiy yondashuvning maksimal samaradorligiga erishish uchun ilm-fan va texnologiyalarning sportchilar faoliyatining qo‘shimcha omillari sifatidagi ta’siri  hamda ularning musobaqalashuv jarayoniga bevosita aralashuvi o‘rtasida aniq chegarani belgilash kerak bo‘ladi. Taqiqlangan dori preparatlaridan foydalanish hamda natijalarni hisoblash uslubiyotini va sport musobaqalarini o‘tkazish monitoringini o‘ziga moslashtirish bilan bog‘liq ko‘p sonli mojarolar rekordlar va natijalar ketidan quvish muayyan bosqichda sportdagi halol musobaqalashish g‘oyasini yo‘qqa chiqarishini ko‘rsatadi. Bu bilan sport sohasidagi ilmiy-texnik taraqqiyot yutuqlari obro‘siga putur yetkaziladi. Professional sportchilar va havaskorlar ularning eng asosiy raqiblari va, bir vaqtning o‘zida, o‘z yutuqlarini qiyoslash ob’ekti ularning o‘zlari ekanliklarini unutmasliklari kerak.

 

[1] http://www.ams.org/publicoutreach/feature-column/fcarc-sports

[2] https://assets.press.princeton.edu/chapters/s10952.pdf

[3] https://journals.physiology.org/doi/pdf/10.1152/advan.00078.2011

[4] http://jwilson.coe.uga.edu/EMAT6680/Huffman/Mathematics%20in%20Sports/MathematicsSports.html

[5] https://www.alliedacademies.org/articles/study-on-the-effect-of-professional-sports-clothing-on-sports-physiology-7893.html

[6] https://bitrebels.com/technology/innovations-sports-clothing-technology/

https://bitrebels.com/geek/technologies-exercise-play-sports/

[7] file:///C:/Users/Anastas/Downloads/SportsPharmacology.pdf

[8] Martínez-Sanz JM, Sospedra I, Ortiz CM, Baladía E, Gil-Izquierdo A, Ortiz-Moncada R. Intended or unintended doping? A  review of the presence of doping substances in dietary supplements used in sports. Nutrients 2017;9:E1093.

[9] Sellami M, Slimeni O, Pokrywka A, Kuvačić G, D Hayes L, Milic M, et al. Herbal medicine for sports: a review. J Int Soc Sports Nutr 2018;15:14.

Satpute AD. Ayurveda’s contribution to sports medicine. Ancient Sci Life 1989;VIII:230-4.

Jadhav DK. Role of Ayurved in sport medicine: a short review. Phy Fit Treatment Sports 2017;1:1-4.

[10]https://www.researchgate.net/publication/298393014_Using_a_normative_personality_proffle_to_predict_success_in_the_National_Hockey_League_NHL_A_15-year_longitudinal_study

[11]https://www.researchgate.net/publication/232483370_A_multivariate_analysis_of_male_athlete_personality_characteristics_Sport_type_and_success

[12] Marks M, Bukowska K, Bieć P. Lęk I nteligencja emocjonalna zawodników kadry narodowej trenujących кикбоксинг . Rozprawy Naukowe AWF we Wrocławiu 2012; 37: 31‑37

[13] https://www.technogym.com/int/newsroom/psychology-in-sport-variables-team-individual/

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *