O‘zbekistonda respublika  Prezidenti mustaqil organ tashkil huzurida korrupsiyaga qarshi etilishiga oid

O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 04 yanvarda kuchga kirgan «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonuni avvalroq qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkilotining korrupsiyaga qarshi konvensiyasi (Nyu-York, 2003 yil 31 oktyabr)ga qo‘shilishi to‘g‘risida»gi Qonunini amalga oshirishga qaratilgandir. Maqsad – jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaga butkul barham berish, jamiyatda o‘z huquqini tanish va huquqiy madaniyatni oshirish orqali korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga toqat qila olmaslik sharoitini yaratish (buni amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 02 fevraldagi PQ-2752-sonli «2017-2018 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi»ni tasdiqlash to‘g‘risida»gi Qarorida aks etgan).

Keyinroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi «O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoni bilan 2019-2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi tasdiqlangan, u o‘rta muddatdagi istiqbolga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining quyidagi ustuvor yo‘nalishlarini ko‘zda tutadi:

sud hokimiyatining mustaqilligini mustahkamlash, har qanday shaklda sudyalarga noqonuniy ta’sir ko‘rsatish sharoitlarini mustasno qilish;

davlat xizmatchilarini tanlov asosida saralash, tayinlash va ilgarilatishga, ular uchun aniq cheklovlar, taqiqlar, rag‘batlantirish choralari va korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan boshqa mexanizmlar ro‘yxatini belgilashga asoslangan davlat xizmati tizimini shakllantirish;

davlat xizmatchilari daromadlarini deklaratsiyalash tizimini joriy qilish va ular ish haqlarining yetarli darajasini ta’minlash, shuningdek davlat xizmatini o‘tashda manfaatlar to‘qnashuvini hal etishning tashkiliy-huquqiy asoslarni takomillashtirish;

aholining o‘z huquqini tanishi va huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan toqat qila olmaslik munosabatini kuchaytirish;
davlat idoralari va tashkilotlari faoliyatining hisobdorligi va shaffofligini oshirish;

ommaviy axborot vositalarini korrupsiyaga qarshi choralar ijrosining o‘tkazilishi va monitoringida qatnashishga jalb qilish.

Samarali idoraviy korrupsiyaga qarshi dasturlarni amalga oshirish, ular faoliyatining hisobdorligi va ochiqligi mexanizmini tatbiq etish, axloqiy qoidalarga rioya etilishini ta’minlash va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar orqali tegishli sohada korrupsiyaviy huquqbuzarliklarga chek qo‘yish davlat idoralari va tashkilotlari rahbarlarining birlamchi vazifalari sifatida belgilandi. 2019 yil 1 iyuldan O‘zbekistonda davlat idoralari yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirishda yuzaga keladigan korrupsiyaviy xatarlarni majburiy baholashni muntazam o‘tkazishga majburdirlar. Uning yakunlari bo‘yicha korrupsiyaviy xatarlarga ko‘proq moyil bo‘lgan davlat xizmatchilari faoliyati sohalari va lavozimlari, shuningdek ularning funksiyalari (vakolatlari) ro‘yxati shakllantiriladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha Maxsus komissiya tashkil etilgan; komissiya korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan amaldagi jamoat nazorati huquqiy mexanizmlari va amaliy chora-tadbirlari holatini tahlil qilish, huquqni muhofaza qilish va nazorat idoralari, jumladan idoraichi nazoratini amalga oshiruvchi bo‘linmalarning korrupsiya va boshqa jinoyatlarga tizimli qarshi turish sohasidagi faoliyatini o‘rganish, korrupsiyaga qarshi kurash mexanizmlarini va bu sohadagi idoralararo o‘zaro aloqani qayta ko‘rib chiqish, shuningdek korrupsiya hodisalarining sodir bo‘lishi sabablari va shart-sharoitlarini aniqlab, ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.

Korrupsiyaning tarixiy ildizlari mansabdor shaxslarning moyilligiga erishish uchun ularga sovg‘alar berish odatiga asoslangan. Sanoatlashuvdan oldingi jamiyatlarda kohin (sardor)ga to‘lov odat sanalgan. Hokimlar fikriga ko‘ra, professional amaldorlar faqat qat’iy maoshga qanoat qilishlari lozim bo‘lgan, ammo amalda amaldordar daromadlarini maxfiy oshirish uchun o‘z xizmat vazifalaridan foydalanishga intilganlar.

Korrupsiya o‘zaro aloqadagi sub’ektlar turlari (aholi va mayda xizmatchilar, tadbirkorlar va amaldorlar, xalq va uning hokimlari)ga; olinadigan foyda (foyda olish yoki xarajatlar qisqarishi)ga; yo‘nalganlik (ichki va tashqi)ga; sub’ektlarning o‘zaro aloqasi usuliga, markazlashganlik darajasiga, oldindan ma’lum bo‘lish imkoniyatiga, tizimliligiga ko‘ra tasniflanadi. Tarixan, korrupsiya, shuningdek, foyda olish qonuniy harakatlarni amalga oshirganlik uchun («tamagirlik») yoki noqonuniy harakatlar uchun («poraxo‘rlik») amalga oshirilganiga qarab farqlangan. Maishiy korrupsiya oddiy fuqarolar va mayda amaldorlar o‘rtasidagi mansabdor shaxs va uning oila a’zolariga sovg‘alar va xizmatlar ko‘rinishidagi o‘zaro aloqa orqali yuzaga keladi. Bu toifaga, shuningdek, tanish-bilishchilik (nepotizm) ham kiradi. Ishga oid korrupsiya hokimiyat va biznesning o‘zaro aloqasida yuzaga keladi. Masalan, ishni o‘z foydasiga hal qilish maqsadida sudyani og‘dirib olish.

Tovlamachilik («davlat reketi») ruxsat beruvchi xarakterga ega hujjatlarni rasmiylashtirishga javob beruvchi yoki byudjetga to‘lanadigan soliqlar, bojlar va/yoki davlat maqsadli fondlariga ajratmalar summasini hisoblash vakolatiga ega amaldorlar tomonidan qo‘llaniladi. Tovlamachilik faktiga duch kelgan so‘rovchi (arizachi) tanlov oldida qoladi: yo pora berish (bu fosh bo‘lish xatariga ega) yoki davlat xizmatchisining harakatlari ustidan ichki yoki tashqi nazorat organiga shikoyat qilish. Vaqt yoki mablag‘ sarfini taqozo qiluvchi shikoyat taomili korrupsiyaviy jinoyatlar ko‘payishiga qo‘l keladi. Til biriktirish tovlamachilik bilan bir sharoitda yuzaga keladi, lekin u ikkala tomon uchun ham foydali bo‘lishi va davlat yoki jamiyat manfaatlariga zarar keltiruvchi kelishuvni amalga oshirishdan iborat bo‘ladi (masalan: bojxona inspektoriga boj to‘lovlari summasini kamaytirish uchun pora berish). Sudyaga yumshoq va qattiq jazo turlarini tanlash yoki sodir etilgan huquqbuzarlikni yengilroq toifaga o‘tkazish (masalan, jinoiy javobgarlikdan ma’muriyga o‘tkazish) imkonini beruvchi sanksiya poralar va tovlamachilikka yo‘l ochadi.

«Korrupsiya» atamasi lotincha «corruptio» – «fasod» so‘zidan olingan bo‘lib, mansabdor shaxs tomonidan o‘zining hokimiyat vakolatlari va imkoniyatlaridan shaxsiy manfaat yo‘lida, qonunchilik va jamiyatdagi axloqiy me’yorlarga zid foydalanishni anglatadi. Korrupsiyaning xarakterli belgisi mansabdor shaxs harakatlari va davlat timsolida uni yollovchining manfaatlari o‘rtasidagi to‘qnashuv yoki saylangan shaxs va jamiyat manfaatlari o‘rtasidagi to‘qnashuv sanaladi. Korrupsiyaning bosh omili noqonuniy moddiy foyda olish imkoniyati; to‘sqinlik qiluvchi omil  jazoga tortilishdan qo‘rquv sanaladi. Har yili 9 dekabrda BMT Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kunini nishonlaydi.

O‘ta korrupsiyalangan qog‘ozbozlik apparatlarida aksariyat davlat resurslari o‘g‘rilash osonroq bo‘lgan yoki pora yig‘ish osonroq bo‘lgan kanallarga ongli ravishda yo‘naltiriladi.

BMT korrupsiyaga qarshi konvensiyasi mustaqil sud tizimi timsolida korrupsiyaga barham berishning asosiy mexanizmini keltiradi. Unda qonunni buzgan amaldor oson va samarali tarzda aybdor deb topilishi mumkin bo‘ladi, bu korrupsiyaning potensial jozibadorligini keskin pasaytiradi; shuningdek, qog‘ozbozchilik apparatining korrupsiyasi ustidan nazoratning eng samarali vositalaridan biri so‘z erkinligi va OAV hisoblanadi.

«Osiyo yo‘lbarslari»dan korrupsiyaga qarshi kurashda XXR, Janubiy Koreya, Singapur mamlakat miqyosida sezilarli muvaffaqiyatga erishganlar.

XXR: XXRda tashkil etilgan poraxo‘rlikka qarshi kurashish mexanizmining asosi 1978 yil dekabrdan buyon faoliyat yuritayotgan XKP Intizomni tekshirish bo‘yicha markaziy komissiyasi sanaladi. 2007 yilda Korrupsiyaning oldini olish davlat boshqarmasi tuziladi. Idoraning vazifalari sirasiga korrupsiyaning yuzaga kelishi sabablarini o‘rganish, uni yo‘qotish uslublari tahlili, amaldorlarning hokimiyat vakolatlaridan foydalanishlari ustidan nazorat, poraxo‘r ma’murlarga jazodan qutulib qolish imkonini beruvchi bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida amaldagi qonunchilikni o‘rganish kabilar kiradi. XXR davlat kengashi amaldorlarga «sovg‘a» tariqasida birja aksiyalarini olish, «hayratlanarli darajada arzonga uy va avtomobillar wxarid qilish», «qimor orqali porani «halollab» olish» va iste’foga chiqqanidan keyin yaxshi haq to‘lanadigan ishga joylashtirish yuzasidan kelishib olishni taqiqlovchi sirkulyar tarqatadi.  Amaliyotda o‘z samaradorligini tasdiqlagan korrupsiyaga qarshi kurashish usullaridan biri Xitoydagi barcha hokimiyat idoralaridagi kadrlar rotatsiyasi sanaladi.

Janubiy Koreya: Janubiy Koreya «shaffoflik madaniyati» namunasi sanaladi. Bu yerda 1999 yildan buyon OPEN fuqarolar murojaatlarining shahar ma’muriyati amaldorlari tomonidan ko‘rib chiqilishi ustidan nazorat onlayn-tizimi amal qiladi, u milliy korrupsiyaga qarshi dasturlar orasida haqiqiy shov-shuv uyg‘otdi. Janubiy Koreyaning 2002 yil 1 yanvardan kuchga kirgan va keng xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lishga ulgurgan «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi yangi Qonuni ham namunaviy deb ataldi. Unga ko‘ra, korrupsiya bo‘yicha surishtiruvni boshlash huquqi amalda mamlakatning har bir voyaga yetgan fuqarosiga taqdim etilgan: audit va inspeksiya qo‘mitasi (mamlakatdagi korrupsiyaga qarshi bosh idora) har qanday ariza asosida ayblov yuzasidan surishtiruvni boshlashga majbur.

Singapur: Korrupsiyaga qarshi kurashishdagi markaziy bo‘g‘in doimiy faoliyat yurituvchi maxsus organ – siyosiy va funksional mustaqillikka ega Korrupsiya holatlarini surishtirish byurosi sanaladi. Bu mustaqil organ Singapurning davlat va iqtisodiyotning xususiy tarmog‘idagi korrupsiya holatlarini tekshiradi va oldini olishga harakat qiladi, bunda Korrupsiyaning oldini olish to‘g‘risidagi aktda korrupsiya, «mukofotlash»ning turli shakllari nuqtai nazaridan, aniq tasniflangan. Byuro davlat amaldorlari orasida suiiste’mol holatlarini tekshiradi va ular haqida tegishli organlarga intizomiy choralar ko‘rish uchun xabar beradi.

Byuro, boshqaruv tizimida ehtimoliy kamchiliklarni aniqlash maqsadida, davlat organlaridagi potensial tasdiqlangan korrupsiyaning ishlash uslublarini o‘rganadi. Agar bunday bo‘shliqlar korrupsiya va suiiste’mol qilishga olib kelishi mumkinligi aniqlansa, Byuro bu bo‘limlar boshliqlariga tegishli choralar ko‘rishni tavsiya etadi. Singapurdagi korrupsiyaga qarshi siyosatning bosh g‘oyasi «Shaxsda korrutsiyaviy harakatlarni amalga oshirishga ham rag‘bat, ham imkoniyat tug‘diruvchi shart-sharoitlarni minimallashtirish yoki bartaraf etishga intilish»dan iborat. Bunga korrupsiyaga qarshi bir qator tamoyillar hisobiga erishiladi, ularga rioya etish quyidagilarni ko‘zda tutadi: davlat xizmatchilarini ish haqlarini xususiy tarmoqda muvaffaqiyatli ishlovchi shaxslar ish haqlariga bog‘lab qo‘yish; davlat mansabdor shaxslarining yillik nazorat qilinuvchi hisobdorligi (jumladan, prokuror Korrupsiyaning oldini olish to‘g‘risidagi akt buzilishida gumonlanuvchi shaxslarning har qanday bank, aksiyadorlik va to‘lov hisoblarini tekshirish huquqiga ega); iqtisodiyotni rivojlantirishdagi ortiqcha ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish.

O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoev 2020 yil 11 fevralda korrupsiyaga qarshi kurashish va jamoat nazorati tizimlarini takomillashtirish masalalari yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazdi, unda xorijiy tajriba asosida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi yangicha, bir-biridan mutlaqo mustaqil davlat organlari, tuzilmalarini tashkil etish bo‘yicha kerakli hujjatlarni ishlab chiqishni topshirdi.

Shu tariqa, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi mustaqil organ yaratish uchun huquqni muhofaza qilish organi vakolatlariga ega bo‘lgan alohida «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosi to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilinishi zarur. Unda ushbu organ faoliyatining boshqa davlat organlaridan mustaqilligi, prokuror nazoratini amalga oshirishi mexanizmi mustahkamlab qo‘yilishi lozim.

 

Korrupsiya quyidagi salbiy oqibatlarni yuzaga keltiradi: 

1. davlat mablag‘lari va resurslarining samarasiz taqsimlanishi;

2. soliqlar va bojlarning yo‘qolishi;

3. umumiy suratda davlat apparati faoliyatining samaradorligi pasayishi;

4. kichik va o‘rta tadbirkorlikning kasod bo‘lishi;

5. malakali kadrlarning boshqa mamlakatlarga chiqib ketishi;

6. ishlab chiqarishga investitsiyalarning kamayishi, iqtisodiy o‘sishning susayishi;

7. ijtimoiy tengsizlik ortishi;

8. uyushgan jinoyatchilikning kuchayishi – ko‘cha to‘dalari mafiyaga (jinoiy hamjamiyatga) aylanadi;

9. hokimiyatning siyosiy legitimligiga zarar;

10.  jamiyat axloqining pasayishi

 

Ibragimov Sherzod

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *