“Biz sun’iy intellektning oltin asri ostonasida turibmiz”

Jeff Bezos, Amazon asoschisi va bosh direktori

 

Sun’iy intellekt: qo‘llash uchun eng istiqbolli  tarmoqlar

…U siz uchun ideal pleylistni tanlab beradi, matnni tarjima qiladi, surat chizadi, musiqaviy kompozitsiya yaratadi va, hatto, sizga yuridik maslahat beradi. Bir paytlar ilmiy fantastikadagina uchragan, go‘yoki “Qora ko‘zgu” serialidan chiqib kelgan, buyuk va dahshatli – sun’iy intellekt.

U ishimizni tortib oladimi? Insoniyatni qullarga aylantiradimi? Balki, kuchimiz yetmaydigan ishlarni zimmasiga olar? Ushbu maqolada sun’iy intellektdan foydalanish afzalliklari haqida so‘zlaymiz – uning salohiyati, ehtimol, aytrim tarmoqlarni butkul o‘zgartirib yuborar.

Avtomobilsozlik 

Sun’iy intellekt (SI) avtomobil sanoatida rivojlanish yo‘lidan bormoqda. Ilon Mask va uning Teslasining muvaffaqiyati, avtopilot haqidagi xayolotning voqyelikka aylantirgani hyech kimning e’tiboridan chetda qolmadi. Chuqur neyron tarmog‘iga asoslangan Tesla avtopiloti kameralar, ultratovushli datchiklar va radardan foydalanib, avtomobil atrofidagi muhitni ko‘rib va his qilib boradi. Datchiklar va kameralarning bunday ishonchli to‘plami haydovchini atrofdagi holat haqidagi axborot bilan ta’minlaydi – ular bo‘lmaganda haydovchi bunday axborotga ega bo‘lmasdi. Qudratli bort kompyuteri ushbu kiruvchi ma’lumotlarni sanoqli millisekundlarda qayta ishlaydi va mashina boshqarishni yanada xavfsiz va stressdan nari qiladi.

Biroq, SIga nafaqat Tesla, balki BMW va Mercedes Benz kabi avtomobil gigantlari ham intiladilar. Mercedes Benz 2018 yilda kompaniya o‘zi ishlab chiqqan, sun’iy intellekt asosidagi ovozli assistentni taqdim etdi.[1] Mercedes-Benz User Experience (MBUX), haydovchining “Salom, Mersedes, menga sovuq” deganini eshitishi bilan mashinadagi havo haroratini ko‘tara oladi. Kia ham o‘z avtomobillarida Google ishlab chiqqan ovozli SIdan foydalanadi, 2018 yilda BMW ham Amazonning Alexa ovozli assistentini muayyan modeldagi avtomobillariga integratsiyalashni ko‘zda tutayotganligini e’lon qildi.[2] Bundan tashqari, 2018 yildan buyon BMW seriyali ishlab chiqarishda ham turlicha SI-ilovalarni qo‘llamoqda.[3]

SI ilovasi ishlab chiqarish jarayonida komponentlarning tasvirini baholaydi, millisekundlar ichida ularni yuzlab boshqa tasvirlar bilan solishtiradi va, masalan, barcha kerakli detallar o‘rnatilganmi-yo‘qligini, ular kerakli joyga qo‘yilganmi-yo‘qligini tekshiradi. Dingolfingdagi BMW Group zavodida sinovdan o‘tayotgan SI ilovasi avtomobil buyurtmasi ma’lumotlari yangi avtomobil modelining hayotiy tasviri bilan solishtiradi.

Chakana savdo va mijozlarga xizmat  ko‘rsatish

Siz anchadan beri SI imkoniyatlaridan foydalanib kelarsizu, biroq bunga e’tibor bermagandirsiz. Har gal Amazon yoki Netflix sizga mahsulot taklif qilganda, ularni SI boshqaradi. Juda murakkab algoritmlar to‘plami sizning demografik profilingiz, xaridlaringiz tarixi va siz ko‘zdan kechirgan boshqa mahsulotlardan kelib chiqib, siz xarid qilishingiz ehtimoli yuqoriroq bo‘lgan mahsulotni aniqlaydi. Dastlab tavsiyalar o‘nta eng yaxshi yoki mashhur nomlar kabi umumiy toifalarga asoslangandi. SIning bu jarayonga tatbig‘i tavsiyalar mexanizmini sezilarli yaxshilash imkonini berdi. Bunday kompaniyalar yirik ma’lumotlar hajmini generatsiyalaydilar va SI ularni yuqori darajada maqsadga yo‘naltirilgan tavsiyalar ishlab chiqish uchun ishlata oladi.

Ehtimol, siz biror brend bilan muloqot qiilish uchun veb-saytdagi yoki Facebook kabi platformadagi jonli suhbat vositasidan foydalangandirsiz. Siz hyech bo‘lmasa bir marta sun’iy intellekt asosida ishlaydigan, savollaringizga ssenariy bo‘yicha javob beradigan bot bilan gaplashgan bo‘lishingiz ehtimoli katta. SIdan foydalanilgan avtomatizatsiya uchun mijozlarga xizmat ko‘rsatish ideal soha sanaladi. Mijozlarga xizmat ko‘rsatishda aksariyat so‘rovlar bir-biriga o‘xshash shablonlarda bo‘ladi, masalan: “buyurtmam qaerda?” yoki “yetkazib berish manzilini o‘zgartirsam bo‘ladimi?” va h.k. Mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmati agentlari odatda shu kabi ssenariyga ega bo‘ladilar, so‘rovga javob berishda ularga rioya etish shart sanaladi. Aksariyat so‘rovlar esa, bir nechta ssenariylar to‘plamida qamrab olingan bo‘ladi.

SI bilan nafaqat avtomobillar, balki oziq-ovqat uchun do‘konga qatnash ham avtomatlashadi. Chunonchi, Amazon sizning do‘konga qatnashlaringizni tubdan o‘zgartirib yuboradigan mutlaqo muxtor xaridlar konsepsiyasiga sodiqligini namoyon etdi. Har qanday qo‘riqlash tizimlari, kassa oldidagi navbatlarga ehtiyoj qolmaydi, smartfoningiz yordamida ro‘yxatdan o‘tasiz va Amazon Go ilovasiga kirasiz, nima kerak bo‘lsa barini olasiz, mablag‘ esa avtomatik ravishda kartangizdan yechib olinadi. Siz buni imkonsiz deyarsiz, ammo Amazon Go muxtor supermarketlari AQShda allaqachon ish boshlagan. Mashinali ta’lim, chuqur o‘rganish, tasvirlarni tanish va intellektual avtomatizatsiyani qo‘llab, tizim osongina kirib, o‘zingizga kerakli tovar bilan chiqish imkonini beradi.

Marketing va reklama

Marketing industriyasi SIni qo‘llashdan ikkita asosiy sabablarga ko‘ra yutadi. Birinchisi – bu xabarlar almashinuvining shaxsga yanada yaqinlashtirilishi, ikkinchisi – yanada aniqroq targeting. SI marketing yechimlari mijozlar nimani afzal sanalashlari asosida kompaniya uchun xabarlarning eng samarali almashinuvini aniqlay oladilar. Masalan, agar mijoz bir juft poyabzal buyurtirsa, algoritm mijozga yondosh mahsulotlar haqida xabar yo‘llaydi va bu bilan mijozning boshqa mahsulotlarni ham xarid qilishi imkoniyatini oshiradi. Shuningdek, SI marketologlarga o‘z iste’molchilarini yaxshiroq tushunish va potensial mijozni aniqlash imkonini beradi, bu kerakli xabarni kerakli insonga va kerak paytda yetkazish imkonini beradi. Buning siri shundaki, iste’molchilar bilan har bir aloqaga oid ulkan hajmdagi ma’lumotlardan foydalanib, SI marketologlarga o‘z mijozining kompleks profilini tuzishga imkoniyat yaratadi. Bu profillardan foydalangan holda, marketologlar o‘z reklama kampaniyalarini takomillashtiradilar va o‘ta shaxsiylashtirilgan kontent tuzadilar.

Reklamani neyron tarmoqlaridan foydalanib targetlash ancha tarqalgan va siz buni his etmay qolmagansiz. 2016 yildan buyon Starbucks SI ni joriy etish bo‘yicha o‘z strategik rejasini taqdim etadi. Mijozlarga shaxsiylashtirilgan marketing xabarlarini, jumladan qahvaxonalarga yaqinlashayotganlarida tavsiyalarni yetkazish maqsadida kompaniya ushbu ma’lumotlarni qayta ishlash uchun intellektual tahlildan foydalanadi. SI bazasidagi ilovaning virtual baristasi mijozlarga ovozli buyruq yordamida bevosita o‘z telefonidan buyurtma berish imkonini yaratadi.[4] 2017 yilda Nike xaridorlarga do‘konda o‘z krossovkalarini yaratish imkonini beruvchi yangi tizimni joriy etdi. Bu sotuvlarni rag‘batlantirishning ajoyib usuligina emas, balki foydali ma’lumotlarning katta hajmini to‘plash imkoniyati hamdir. Ulardan esa, mashina ta’limi bo‘lg‘usi mahsulotlarni ishlab chiqishda va shaxsiylashtirilgan tavsiyalar taqdim etishda foydalanadi. Xitoyning favqolmilliy chakana va texnologik kompaniyasi – Alibaba Group o‘zining birinchi FashionAI do‘konini 2018 yilda ochdi. Do‘kondan maqsad libosga teginilganligini belgilovchi intellektual yorliqlar, libos to‘g‘risidagi axborotni aks ettiruvchi va ashyolarning bir-biriga moslashtirishni taklif qiluvchi intellektual ko‘zgular va kelgusida xaridorlar do‘konda kiyib ko‘rgan kiyimlarni ko‘rib chiqish imkonini beruvchi virtual garderob ilovasi bilan integratsiya bo‘yicha rejalar yordamida xaridorlar uchun zamonaviy kiyim-kechaklar chakana savdosi jarayonining soddalashtirishdan iborat.

Sog‘liqni saqlash va tibbiyot

Sog‘liqni saqlashda SIning qo‘llanilishi ulkan afzalliklarni va’da qiladi. SI sog‘liqni saqlash tarmog‘ida ayniqsa samarali bo‘lishi mumkinligining asosiy sababi – bu tibbiyot muassasalarida mijozlar to‘g‘risida muntazam to‘planadigan aniq va dolzarb ma’lumotlarning nihoyatda katta hajmdaligidir. Ma’lumotlar esa, ma’lumki, SI uchun “non-u suv”dir. Bundan tashqari, odamlarga adashish xos va sizning malakali shifokor ekaningiz sizning odam ekanligingiz faktini inkor qilolmaydi. Diagnostika, bizga ba’zida tuyuladiganidek, oq va qoraga taqsimlanmaydi. Unda organizmning individual xususiyatlari, surunkali va yondosh kasalliklar turfa ranglarda aks etadi. Tibbiyot xodimlari, kasallik belgilarini aniqlash va tashxis qo‘yish uchun bilimlarga, ko‘p yillik tajribaga va so‘nggi texnologiyalarga tayanadilar. Biroq, rentgen suratingizdagi sezilar-sezilmas dog‘ni inson ko‘zi ilg‘amasligi mumkin, SI ko‘zi esa, ko‘rmay qolmaydi.

BBC xabar berishicha, Oksford shifoxonasidagi tadqiqotchilar yurak kasalliklari va o‘pka saratoni mavjudligini tashxislay oluvchi SI ishlab chiqdilar.[5] Tadqiqot natijalariga ko‘ra, SI tizimi, skanerlangan suratdagi inson-shifokorlar ko‘ra olmaydigan tafsilotlarni ko‘ra olishi tufayli, yurakni skanerlash tashxisini inson-hamkasblariga qaraganda ancha aniqroq o‘tkazdi. SIning boshqa tizimi tugun-hujayralar to‘planishini izlash orqali o‘pka saratoni belgilarini aniqlaydi. Shifokorlar bu to‘plamlar zararsizmi-yo‘qligini aniq ayta olmaydilar, shu sababli bemorlar mazkur hujayralar rivojini kuzatib borish uchun bir necha bosqich skanerlashdan o‘tadilar. Biroq SI tizimi zararsiz holatlarni aniqlashga va bemorlarning xarajatlarini, vaqtlarini va asab tolalarini tejab qolishga qodirligini ko‘rsatdi. Shuningdek, u o‘pka saratonini barvaqt aniqlash imkonini beradi. Bundan tashqari, Nature jurnali ma’lum qildiki, tadqiqotchilar ko‘z va yurak-qon tomir kasalliklari xatarini oldindan aniqlash uchun ko‘z to‘r pardasi suratini skanerlaydigan va sut bezi saratonini aniqlash uchun mammogrammalarni tahlil qiluvchi sun’iy intellekt modelini taqdim etdilar.[6]

Bank va moliyaviy xizmatlar 

Sog‘liqni saqlash kabi, moliya va bank tarmoqlaridagi kompaniyalar ham o‘nlab yillar davomida ma’lumotlarni yig‘adilar va tizimlashtiradilar. SI bu axborotdan foydalanib, banklarga potensial qalloblarni[7] va vijdonsiz kreditorlarni[8] aniqlash imkonini beradi. Chakana savdo sohasidagi kabi, SI bank sohasiga intellektual bot sifatida tatbiq etiladi, bu bilan call-markazlar bandligi kamayadi va sifatliroq servis taqdim etiladi. Masalan, bot sizning balansingizni tekshirishi, to‘lovni rejalashtirish va akkauntingiz faolligini nazoratga olishi mumkin. AQShning Wells Fargo, Bank of America va Chase kabi yirik banklari mobil banking uchun mijozlarga hisob bo‘yicha to‘lovlarni yodga soluvchi, o‘z xarajatlarini rejalashtirishda yordam beruvchi va bank bilan yengil va tez aloqada bo‘lish imkonini beruvchi ilovalar joriy qildilar.[9]

Xorijiy tajribadan o‘rnak olib, O‘zbekiston banklari ham, mijoz bilan aloqalarni yaxshilash va yanada targetlangan onlayn-qo‘llab-quvvatlash uchun, SI bazasida botlarni joriy etishlari mumkin. Bu moliyaviy tranzaksiyalar har soatda o‘tkaziladigan va bank bilan soddaroq aloqalar ish jarayonini ancha soddalashtiradigan biznes uchun alohida dolzarbdir. Aholi va biznesning xabardorligini hamda moliyaviy savodxonligini oshirish uchun individual bot-maslahatchilar ishlab chiqilishi mumkin, ular foydalanuvchilarga moliyaviy xizmatlar to‘g‘risida axborot beradi va daromadlar hamda xarajatlarni kuzatib, tahlil qilib, foydali kreditlar taklif etib va boshqa moliyaviy maslahatlar berib, moliyaviy maqsadlarga erishishda yordam beradi.

 

 

[1] https://www.businessinsider.com/mercedes-building-its-own-ai-powered-voice-assistant-for-the-car-2018-1

[2] https://www.digitalistmag.com/cio-knowledge/2018/02/26/which-industries-see-benefits-of-ai-first-05864125/

[3] https://www.press.bmwgroup.com/global/article/detail/T0298650EN/fast-efficient-reliable:-artificial-intelligence-in-bmw-group-production?language=en

[4] https://www.concured.com/blog/5-brands-that-are-successfully-leveraging-ai-for-marketing

[5] https://www.bbc.com/news/health-42357257

[6] https://www.nature.com/articles/d41586-018-03067-x

[7] https://security.toolbox.com/tech-101/10-industries-ai-will-disrupt-the-most-by-2030

[8] https://djangostars.com/blog/6-examples-ai-financial-services/

[9] https://djangostars.com/blog/6-examples-ai-financial-services/

SI ishtirokidagi ish jarayoni moliya sohasi xodimlari uchun sezilarli darajada yoqimli bo‘lishi mumkin. Axir, inson uchun alohida diqqat va ko‘p vaqt talab qiladigan ishlar SI uchun anchayin osonroqdir. SI bazasidagi dasturlar belgilarni taniydi va ma’lumotlarni tekshirishi, axborotni ko‘rib chiqishi va berilgan sozlamalarga muvofiq hisobotni tayyorlash uchun kerakli barcha narsalarni ajratib olishga qodir. Xatarni boshqarishda SIning ulkan hisoblash quvvati ham tartibga solingan, ham yagona tuzilmaga ega bo‘lmagan ma’lumotlarni qayta ishlash va boshqarish, bu bilan ish vaqtini qisqartirish va mehnat narxini tushirish imkonini beradi.

 

QVANT tahririyati tahlil guruhi

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *