Koronavirus pandemiyasi nafaqat global iqtisodiyot sur’atlariga, balki rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar ta’lim tizimlariga ham o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Chunonchi, mashg‘ulotlarga jismonan qatnasha olmaydigan boshlang‘ich va o‘rta maktablar o‘quvchilari, shuningdek oliy ta’lim muassasalari talabalari soni qariyb 1,5 mlrd.ga yetdi, bu esa, dunyodagi barcha o‘quvchilarning 90 foizi deganidir.

Global karantin va 2009 yildagi global moliyaviy inqiroz davrida jahon YАIM o’sish sur’atlari

COVID-19 ning ta’lim jarayoniga ta’siri o‘ta og‘riqli bo‘ldi. To‘liq va qisman umummilliy ihotalanish amaliyotlari ta’lim muassasalari xodimlaridan o‘quvchilarning masofadan o‘qish formatiga o‘tishi doirasida o‘quv jarayonini tubdan qayta qurishni talab qildi. Ayniqsa, rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega, moliyaviy resurslar va tegishli texnologik infratuzilma taqchilligi kuzatiladigan mamlakatlarda ta’lim sohasidagi muammolar jiddiy tus oldi.

Har bir ta’lim tizimi pandemiya davrida o‘ziga xos muammolarga duch keldi. Ammo aynan universitetlar va OTMlar, pirovardida, ta’lim tizimidagi inqilobiy o‘zgarishlar triggeri bo‘lishlari mumkin. Axir, o‘rta va boshlang‘ich maktab o‘quvchilaridan farqli o‘laroq, oliy ta’lim muassasalari talabalari onlayn-ta’limga osongina o‘tish uchun anchayin yetuk sanaladilar. Ular yangi ta’limiy onlayn-platformalarni oson tushunish va ishlatish uchun yetarlicha texnik savodga egalar.

Haqiqiy muammo kampus asosida tashkil etilgan va faoliyat yuritayotgan  universitetlarning o‘zida. An’anaviy universitetlar ta’limning zamonaviy shart-sharoitlariga moslashishga va ta’lim jarayoniga talabalarni jalb qilishga qodirmi? Ular o‘quv jarayonini tashkil qilishga samarali texnologik yechimlarni va uslubiy sinalgan yondashuvlarni tanlay oladimi?

OTMlarning bu yo‘nalishdagi muvaffaqiyatlari va omadsizliklari bizga zamonaviy ta’lim tizimlarining kelgusi rivojlanishi istiqbollarini aniq va ravshan tushunish imkonini beradi.

Karantin boshlanishi va ta’limning masofaviy uslublariga o‘tish boshlangandan buyon dunyodagi aksariyat universitetlarda videokonferensiya o‘tkazish imkonini beruvchi Zoom va Webex mobil ilovalari keng qo‘llana boshlandi. Shu bilan birga, o‘qituvchilar qayd etadilarki, onlayn-ma’ruzalar talabalarning o‘quv jarayonida qatnashishi va jalb qilinganligining yuqori va chuqur darajasini yetarlicha ta’minlay olmaydi. Natijada, onlayn-ta’lim sifati jiddiy zarar ko‘rishi mumkin. Ma’ruzachilar fikrlariga ko‘ra, o‘quvchilarning ta’lim darajasidagi inqirozini chetlab o‘tish uchun qisqa muddat ichida maqbul yechim topish kerak bo‘ladi.

 

Onlayn-ta’lim platformalari ishlab chiquvchilari, masalan, Coursera («Kursera») loyihasi, dasturiy mahsulotlar dizayni, texnologik yechimlar tanlash va raqamli marketingda asosiy rol o‘ynashi mumkin. Bularning bari, umumlashtirganda, an’anaviy ta’lim muassasalari uchun eng yaxshi kontentni ishlab chiqish imkonini beradi.

Oliy ta’lim muassasalari taqdim qiladigan ta’lim xizmatlari global bozori tuzilmasida onlayn-ta’lim hali-hanuz arzimas ulushga ega. HolonIQ tahlil kompaniyasi baholashicha, hozirda global miqyosda OTM ta’lim xizmatlari yalpi hajmi $2,2 trln. bo‘lib, bunda onlayn-segmentning ulushi 2%dan kamroqni tashkil qiladi.

Biroq, ekspertlar ta’kidlaydilarki, ta’lim bozori eng keskin o‘zgarishlarni o‘tkazish uchun yetilib turibdi. Katta ehtimol bilan, COVID-19 onlayn-ta’lim shuhratini va talabgirligini sezilarli oshirdi. Hatto pandemiya boshlanishidan oldin ham universitetlar ta’limning kunduzgi dasturlarida abiturientlar soni qisqarganligini qayd etgandilar. Parallel ravishda onlayn o‘qishni istaydiganlar soni o‘sdi. Qanchalik mantiqsiz ko‘rinmasin, lekin fakt shunday: OTMlar onlayn-ta’limni o‘z faoliyatlari uchun tahdid deb bildilar, virtual talabalarni esa, ta’lim an’analarini yo‘qqa chiqaruvchilar deb qabul qildilar. Koronavirus pandemiyasi kechagi «dushman va raqiblar»ni tizim najotkorlariga aylantirdi.

Onlayn-ta’limni keng miqyosda tatbiq qilish o‘sish sur’atlari bemisldir. Umummilliy lokdaun barcha kampuslarning majburiy yopilishiga olib keldi. O‘ta qisqa muddatlarda universitet o‘qituvchilari talabalarni butunlay onlayn-rejimda o‘qitishga o‘tishga majbur bo‘ldilar.

Masofadan o‘qitish tajribasini to‘plab, OTMlar shunday xulosaga keldilar: yuzaga kelgan amaliyot an’anaviy tushunishdagi to‘laqonli onlayn-ta’limni ishlab chiqish yo‘lidagi ilk sinov qadamidir. U ta’lim jarayoniga talabalarning real jalb qilinganligining yuqori va chuqur darajasini ham, shuningdek o‘qituvchilarning o‘zlari o‘qishlarini ham qamrab oladi. Bu esa, o‘z navbatida, universitetlar, onlayn-ta’lim platformalari ishlab chiquvchilari va texnologik provayderlarning yaqindan hamkorligi va o‘zaro aloqasini davom ettirishni talab qiladi.

Pandemiya davri anchayin murakkab va og‘riqli sanaladi. Ammo bu davrda ta’lim tizimining uzoq kutilgan va tub islohotlari jamiyatning barcha qatlami, jumladan siyosatchilar, o‘qituvchilar va o‘quvchilar tomonidan ishtiyoq bilan ma’qullanishi va qabul qilinishi mumkin.

COVID-19 shakllangan ta’lim tizimining barcha zaif nuqtalari va kamchiliklarini fosh etdi va aholining asosiy qismining raqamli savodxonligi darajasini oshirish zarurligini uzil-kesil isbotladi. Raqamli ko‘nikmalar va mahorat, ijtimoiy masofa, raqamli xizmatlar taqdim etilishi hajmi kengayishi va raqamli komunikatsiyaga keng ko‘lamli o‘tish me’yorga aylanayotgan bir paytda, ayniqsa muhim sanaladi.

 

Fundamental nuqtai nazardan, pandemiya bizni quyidagi savollarga javob izlashga majbur qildi:

1.    Talabalarni qachon, qaerda va qanday o‘qitamiz?
2.    Universitetlar va OTMlar roli qanday?
3.    Uzluksiz ta’limning ahamiyati va muhimligi nimada?
4.    An’anaviy oflayn shaklda yoki shuhrat qozonib borayotgan onlayn-formatda ta’lim oladigan talabalar o‘rtasida farq nimada?

 

Pandemiya, shuningdek, odamlarni jamiyat «past malakali» ishchi kuchiga qanchalik kuchli bog‘lanib qolgani haqida fikr yuritishga undadi. Total lokdaun, komendant soati va o‘zini o‘zi ihotalash davrida aynan ular bizning kundalik ehtiyojlarimiz va hojatlarimizni qondirish uchun uzzu-kun ishlab, «front»ning old chizig‘ida turdilar.
Shubhasiz, vaqt o‘tgach, og‘ir, malaka talab etmaydigan ishlarning salmoqli qismi avtomatizatsiyalanadi. Yangi ish o‘rinlari yuqoriroq malaka talab qiladi. Aynan shu sababli, ushbu jadal o‘zgarayotgan dunyoda o‘qishga, ko‘nikmalarni kengaytirish va malaka oshirishga qobillik hayotiy zarurat va iqtisodiy imperativ sanaladi.

COVID-19 bizdagi ta’lim uchun yashin urgandek ta’sir ko‘rsatdi va tizim asosiga putur yetkazdi. O‘z vaqtida birinchi sanoat inqilobi zamonaviy ta’lim tizimi shakllanishi uchun dastlabki shart-sharoitlarni yaratgandi. Hozir ham shunday, pandemiya ta’limning yangi modeli yuzaga kelishiga turtki va trigger bo‘lishi mumkin.

Pandemiya fonida yangi faoliyatga moslashish uchun hukumatlar va ta’lim muassasalari qanday aniq choralar qo‘llashi mumkin? Jahon banki OTMlar va hukumatlar uchun tavsiyalar va takliflar tayyorlagan bo‘lib, ularga rioya etish oliy ta’lim tizimiga ushbu inqirozdan yanada mustahkamroq va kuchliroq bo‘lib chiqish imkonini beradi.

 

Ta’lim muassasalari uchun

1.    Moliyalash manbalarini diversifikatsiyalash. Xususiy tarmoq, fondlar, ko‘p tomonlama va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik munosabatlarini kuchaytirish zarur. Mahalliy va xorijiy talabalar tomonidan taklif etilishi mumkin bo‘lgan onlayn-ta’lim dasturlarini qayta ko‘rib chiqish va kengaytirish maqsadga muvofiq. Buning uchun internatura virtual dasturlaridan, qisqa kurslar, raqamli sertifikatlar, mikro-diplomlar, o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar almashinuvi virtual dasturlaridan foydalanish kerak.
2.    Infratuzilma rivojlanishi va diversifikatsiyasini ta’minlash. Raqamli infratuzilmani transformatsiyalab, uni raqamli pedagogika, professor-o‘qituvchilar tarkibini o‘qitish va ta’lim fanlari uchun moslashuvchan va jonli qilish zarur. Raqamli infratuzilmasi rivojlanmagan mintaqalarda yashovchi talabalarni onlayn-o‘qitishning kamroq texnologik dasturlari majmuini ishlab chiqish lozim.
3.    Hamkorliklarni kuchaytirish va kengaytirish. Innovatsion texnologiyalar, infratuzilma va raqamli savodxonlikni o‘rgatishdan foydalana olish muammosini hal qilish uchun davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishga investitsiyalarni oshirish zarur. Ko‘plab tashkilotlar, jumladan Jahon banki va YuNeSKO ham mamlakatlar foydalanishi mumkin bo‘lgan resurslarga ega. Ochiq universitetlar bilan sheriklik aloqalarini kuchaytirish yuksak ta’lim sifatini ta’minlovchi siyosat va amaliyotni o‘tkazish uchun asos bo‘la oladi.
4.    Universitetlar davlat barqarorligini oshirishning asosiy omili bo‘lishi kerak. Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari ko‘plab muammolarga duch keldilar – bu pandemiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish uchun moliya manbalari va resurslarni izlashdan tortib to atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologiyani sog‘lomlashtirishgacha sohalarni qamrab oladi. OTMlar ushbu mintaqa jamiyatlarining barcha qatlamlariga daxldor bo‘lgan zamonaviy chaqiriqlarga javoblar izlashda davlatning asosiy sheriklari bo‘lishlari mumkin.
5.    Ta’lim tizimining moslashuvchanligini ta’minlash.  Shakllangan ta’lim uslublariga ko‘proq moslashuvchan yondashuvlarni tatbiq etish maqsadga muvofiq. Mamlakatda talabgir bo‘lgan kasblar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash uchun ixtisoslashtirilgan kurslar dasturlarini ishlab chiqish kerak.

 

 

Hukumatlar uchun:

1.    Ta’limning moslashuvchan tizimi sifatini tartibga solish choralarini ishlab chiqish va joriy etish, bunda shaffoflik va mas’uliyatga alohida e’tibor berish.
2.    Texnologiyalar axloqi va xavfsizligi sohasidagi siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish. Bu boradagi siyosat  shaxsiy ma’lumotlardan foydalanish masalalarini, maxfiylik chegaralari va fuqarolarning texnologiyalardan hatto inqiroz davrida ham axloqiy foydalanish nuqtai nazaridan huquqlarini tartibga solishi kerak.
3.    Ma’lumotlar va sifat boshqaruvi sohasida choralar ko‘rish. Ma’lumotlar hajmi qanchalik katta bo‘lsa, ularni boshqarish jarayonlari shunchalik samarali bo‘lishi lozim. Tegishli choralarni ishlab chiqish va tatbiq etish uchun zamonaviy onlayn-ta’lim tajribasidan foydalanish kerak bo‘ladi.
4.     Raqamli tengsizlik muammosini hal qilish. Ko‘pincha qashshoq oilalarga mansub, chekka qishloq joylarida yashovchi talabalar texnologik innovatsiyalardan foydalana olmaydilar. Talabalarning sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini tenglashtirish kerak bo‘ladi.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *