Toʻrabek Dolimov (1936-2011). Mehnatni baxtning kaliti deb bilgan olim
Toʻrabek Dolimov 1936-yilning 18-avgustida dunyoga keldi. Toshkentning Eski shahar qismidagi 46-maktabda tahsil olgan. Uning olim boʻlib shakllanishida mazkur maktab oʻqituvchilarining taʼsiri juda katta boʻlgan. U maktab oʻqituvchilari — matematik M.S.Galperinni, tilshunos va adabiyotshunoslar V.A.Maslennikov va A.F.Karpenkoni, geograf Y.Z.Nisenboymni har doim chuqur minnatdorlik bilan tilga olar edi.
Toʻrabek Dolimov rus maktabida oʻqiganligiga qaramasdan oʻzbek mumtoz sheʼriyatiga, adabiyotiga, qoʻshiq va musiqa sanʼatiga muhabbat qoʻydi, boʻsh vaqtini jadid mutafakkirlari tomonidan tashkil etilgan, maktabiga juda yaqin boʻlgan “Turon” kutubxonasida va amakisi Subutoy Dolimovning shaxsiy kutubxonasida oʻtkazar edi.
Toʻrabek maktabni 1955-yili kumush medal bilan bitirgach, Toshkent davlat universitetining geologiya fakultetiga oʻqishga kirib, petrografiya kafedrasida ixtisoslik ola boshlaydi. Bu davrda universitet V.Romanovskiy, V.Jorjio, M.Masson, V.Popov, N.Korjenevskiy, T.Zohidov, O.Sodiqov, H.Usmonov, A.Gʻulom, Gʻ.Karimov kabi qator olimlarning ilmiy maktablari bilan mashhur edi.
Toʻrabek Dolimovning mehnat faoliyati ham 3-kursdan boshlangan — bu vaqtda u Hisor petrologiya-metallogenik partiyasining katta kollektori sifatida ishga qabul qilinib, professor I.Isamuhamedov, dotsent M.Sultonova, T.Karasevalarning bevosita rahbarligi ostida ishlagan. U talabalik yillaridayoq mikroskop bilan ishlashni, Fedorov usulini va eng oson, ammo ishonchli mikrokimyoviy operatsiyalarni oʻzlashtirib olgan edi. Bevosita geologik partiyada, dala va togʻ sharoitlarida uzoq va tizimli ishlash, mutaxassislar bilan muloqotda boʻlish Toʻrabek Dolimovda petrologiyaga boʻlgan bir umrlik qiziqishni shakllantira oldi. Uning birinchi ilmiy ishi oʻsha davrda (1958-yilda) Machitli togʻ tizmasining granitlariga bagʻishlangan boʻlib, Leningrad davlat universiteti ilmiy ishlari toʻplamida bosilib chiqqan edi.
1960-yilda universitetni bitirgan Toʻrabek yoʻllanma bilan Chotqol geologiya-qidiruv ekspeditsiyasiga ishga yuboriladi va tajribali geologlar A.Agafonov, M.Lebed, I.Bogomolniylar rahbarligi ostida ishlay boshlaydi. Geologik xaritalashtirish ishlaridagi, yigʻilgan materialni qayta ishlash jarayonlaridagi ishtiroki Toʻrabekda geologik material bilan ishlash madaniyatini, uni tavsiflash, taqdim etish va saqlash koʻnikmalarini shakllantirdi. Aynan mana shu davrda Toʻrabekning vulkanogen jinslarga, kelib chiqishi oʻsha davrda butun dunyoda bahs-munozaralarga sabab boʻlayotgan “tufolav va ingimbrit”larga boʻlgan qiziqishi shakllana boshlaydi. Shu oʻrinda aytish lozimki, oʻtgan asrning 50-yillari oxiri va 60-yillarining boshlari Chotqol-Qurama togʻlari regionida geologik tasvirga olish ishlarining faollashuvi davri boʻlgan.
Moskva (RFA IGEM), Leningrad (VSEGEyI), OʻzR FA geologik tashkilotlari, Toshkentning oliy oʻquv yurtlari bu borada turli fundamental tadqiqotlar olib borganlar. Ammo eng asosiy vazifa yirik masshtabdagi geologik tasvirga tushirish masalasi boʻlib, shu ishlar asosida oʻsha davrda shakllangan ajoyib geolog-tasvirga oluvchilar jamoasi (G.Abdurahmonov, V.Arapov, Y.Shixin, A.Makarov, B.Xayrullin, Y.Axmedullin, R.Rahimov va boshqalar) geologiya xizmatini bir necha avlod konditsion geologik kartalar bilan taʼminlab berishdi. Keyinchalik esa metallogenik va prognoz kartalarining butun boshli seriyasi ham ishlab chiqildi. Mana shu jarayonga qiziqish va koʻtarinkilik ruhi T.Dolimovni ham Oʻzbekiston FAning Geologiya va geofizika instituti aspiranturasiga boshlab keldi.
1965-yilda Toʻrabek Dolimov muddatidan oldin “Пермо-триасовый вулкано-плутонический комплекс правобережья реки Ангрен и некоторые вопросы фациальности магматизма” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qiladi.
Toʻrabek Dolimov 23-yil OʻzR FA Habib Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika institutida ishladi. Bu yerda u ilmiy faoliyatning turli qirralarini tushunib yetdi, kasbiy mahorati oʻsdi va sekin-asta yigʻilgan materialni umumlashtirish bilan ham shugʻullana boshladi. Boshqacha soʻz bilan aytganda, u haqiqiy ilmiy maktabni oʻtagan edi. Oʻrta Osiyo magmatizmi boʻyicha qilingan ishlarning umumlashtirilishini fikrimizning isboti sifatida keltirish mumkin.
1968-1969-yillardan boshlab Tyan-Shan va Pomir magmatizmining umumiy muammolarini oʻrganish zarurati paydo boʻldi. T.Dolimov V.I.Ayzenshtat bilan birgalikda granitoidlarning vujudga kelishi muammolari bilan ham shugʻullana boshladi. Oʻzbekistonga tegishli barcha materiallarni toʻplab, ularni oʻzlarining maʼlumotlari bilan toʻldirib, granitoidlar vujudga kelishi xaritasini va tegishli monografiyani yaratdilar va u hozirgacha ham oʻzining muhim ahamiyatini yoʻqotmagan.
1966-yildan eʼtiboran Geologiya va geofizika instituti jahonda birinchilardan boʻlib mashhur “Pomir-Himoloy geodinamik loyihasi” ustida ish boshladi. Yangi global tektonikaning vujudga kelishi, shakllana boshlashi ham aynan mana shu yillarga toʻgʻri keladi. Bu borada qator murakkab muammolar vujudga keldi, anʼanaviy kontinental geologiyaning bazaviy tushunchalarini qaytadan koʻrib chiqish boshlandi (ultramafitlar muammosi, subduksiya, togʻlarning vujudga kelishi va boshqalar). Hozir bu narsalar hammaga oddiy va oson koʻrinadi, ammo ushbu gipotezaning, keyinchalik esa nazariyaning tugʻilishi, uning geologiya amaliyotiga tatbiq etilishi juda ogʻriqli, qiyin kechgan jarayon boʻlib, tadqiqotchilarni (shu jumladan, Geologiya va geofizika instituti tadqiqotchilarini ham) kuchlar teng boʻlmagan ikkita guruhga ajratdi; shu gipotezani tan olgan va uning istiqbolini koʻra olganlar (bundaylar, afsuski, kamchilik edi) va uni tan olmagan, uni qiziqsinish, havas deb bilganlar (bundaylar, tabiiy, koʻpchilik edi). Toʻrabek Dolimov dastlabki, “kamchilik” guruhida boʻlib, shu jarayon sababli u “koʻpchilik”ka qarshi yurish qanday boʻlishini oʻz boshidan oʻtkazdi. Oʻz qarashlarini isbotlash yoʻlida R.N.Abdullayev bilan hamkorlikda ushbu gipoteza prinsiplarini Janubiy Tyan-Shanga qoʻllab koʻrdilar. Birinchi, hayiqishlar bilan amalga oshirilgan urinish regionning qattiq tanqid ostiga olingan 1 : 500000 masshtabda yaratilgan kartasida oʻz aksini topdi. Lekin, shunday boʻlishiga qaramasdan, u ishlab chiqaruvchilar tarafidan (SNIGRI, Moskva) amaliyotda qoʻllash uchun qabul qilindi. Keyinchalik bu borada ishlar davom ettirildi va bu ishlar R.N.Abdullayev, E.R.Bozorboyev, P.A.Muxinlar bilan birgalikda Tyan-Shanning birinchi geodinamik modeli yaratilishi bilan yakunlandi.
Aytish kerakki, yangi global tektonikaga boʻlgan munosabat, regionlar, ayniqsa, Markaziy va Janubiy Tyan-Shan rivojlanishi tarixini qayta koʻrib chiqishga boʻlgan urinishlar izsiz ketishi mumkin emas edi va ular oxir-oqibatda aniq maʼmuriy qaror sifatida shakllandi: bu paytga kelib doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan T.N.Dolimovga universitetga oʻtib ishlash taklif etildi. Bu qarorni kutilmagan voqea deb boʻlmas edi, shu bois ham u 1983-yilning may oyidan boshlab oʻzi 1960-yilda tugatgan Toshkent davlat universitetining “Petrografiya va foydali qazilmalar” kafedrasini boshqara boshladi. Oʻquv jarayoni, talabalar bilan ishlash, maʼruzalar oʻqish — bu ishlarning barchasi faqat tashqaridan qaragandagina oddiy koʻrinadi. Toʻrabek ham faqat shu yerda — universitetda bir narsaga amin boʻldiki: oliy maktab oʻqituvchisi — bu alohida figura. U bir vaqtning oʻzida professional, pedagog va psixolog boʻlishi kerak. Mana shularning hammasini u bu yerda oʻzining hamkasblari V.Troitskiy, P.Kupchenko, S.Morozov, I.Ikromov, O.Qoʻshmurodov va boshqalardan oʻrgandi. Maʼruzalar, amaliy mashgʻulotlar, kafedraning tugamas qogʻoz ishlari bilan ancha band qilib qoʻyishiga qaramasdan, asosiy ilmiy faoliyat ham ancha intensiv keta boshladi, xoʻjalik shartnomalari, grantlar paydo boʻldi, tadqiqotlar natijalari esa talablarga mos edi. Shu tariqa “Геодинамика Тянь-Шаня” (1993), “Рабочая легенда по геокарте — 50” va boshqa qator ilmiy ishlar yaratildi. Shuningdek, qator oʻquv qoʻllanmalari ham yozildi: “История магматизма Тянь-Шаня”, 1988; “Толковый русско-узбекский геологический словарь” (1993); “Petrografiya” ( oʻzbek tilidagi darslik) va boshqalar.
Toʻrabek Dolimovning 1989-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining muxbir aʼzosi, 1995-yilda esa haqiqiy aʼzosi etib saylanishi uning Vatan geologiyasi oldidagi xizmatlari eʼtirofining mantiqiy davomi edi, albatta. Bu eʼtirof uni yanada mahsuldorroq ishlashga, fanning yangi ufqlarini egallashga ruhlantirdi.
Shunday qilib, 80-yillarning oxiri va 90-yillarning boshlarida 100-yil davomida xizmat qilib bergan geosinklinal nazariya abadiyatga yuz tutdi. Shuning uchun butun Tyan-Shanning geologik tuzilishini, geologik rivojlanishi tarixini, magmatizmini qaytadan koʻrib chiqish zarurati yuzaga kelgan edi. Geologiya vazirligi (hozirgi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi), Fan va texnika Davlat qoʻmitasi (hozirgi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi), ToshDU (hozirgi OʻzMU), Mineral resurslar instituti (hozirgi “Mineral resurslar ilmiy-tekshirish instituti” DK), Geologiya va geofizika institutining qoʻllab-quvvatlashi yordamida T.N.Dolimov va uning shogirdlari mana shu qiyin, ammo oʻta muhim vazifani amalga oshirdilar. Natijada, 1998-yilda “Геология и полезные ископаемые Республики Узбекистан” nomli monografik maʼlumotnoma yaratildi. Ushbu asarda koʻp narsalar munozarali boʻlib, baʼzan tadqiqotchilarning ziddiyatli nuqtayi nazarlarini umumlashtirish ancha qiyin kechgan boʻlsa-da, ammo asosiy narsa — yirik hudud boʻlgan Janubiy Tyan-Shan hududi rivojlanishi tarixini yangi nuqtayi nazardan tahlil qilish ishi, shubhasiz, muvaffaqiyatli chiqdi.
“Oʻzbekiston geologiyasi” ustida olib borilgan ishlar, bor materiallarni tahlil qilish jarayonlari, professor V.I.Troitskiy bilan yagona nuqtayi nazardagi izlanishlar Toʻrabek Dolimovda nafaqat alohida hududlar rivojlanishi tarixini, balki Yer sayyorasining rivojlanishi tarixini ham shiddat bilan, jadallik bilan oʻsib borayotgan geologik, geofizik va geokimyoviy materiallarni hisobga olgan holda qayta koʻrib chiqish lozimligi haqidagi fikrlarni uygʻotdi. Dastavval ushbu vazifa shunchalik qiyin boʻlib koʻringani bois boʻlajak mualliflar bu narsa qoʻlimizdan kelarmikan deb oʻylanib qolishgan edi. Ammo, koʻpdan-koʻp muhokamalar, hamkorlikdagi ishlar, nashrlar pirovardida yangi yoʻnalish — evolyusion geologiya yoʻnalishining asosiy gʻoyalari shakllanishiga sabab boʻldi. Natijada, 2005-yilda T.N.Dolimov va V.I.Troitskiyning “Эволюционная геология” (“Evolyusion geologiya”) nomli kitobi yaratildi va bu fundamental asar asosida ular geologiya fakulteti magistrantlariga maʼruzalar oʻqiy boshladilar. Bu asar uchun mualliflar Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotiga sazovor boʻlgan edilar. Keyinchalik ushbu 584 betdan iborat asarni T. Dolimovning oʻzi oʻzbek tiliga tarjima qilib, nashr ettirdi (“Evolyusion geologiya”. Toshkent, “Oʻqituvchi”, 2006).
T.N.Dolimov Buyuk Britaniya, Germaniya, Chexiya, Ukraina, Rossiya, Daniya, Fransiya va boshqa davlatlarda boʻlib oʻtgan geologik anjumanlarda ishtirok etdi, Toshkentda oʻtkazilgan oʻnlab geologik-petrologik anjuman va simpoziumlarda raislik va hamraislik qildi. Uning bevosita rahbarligida oʻndan ortiq doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi. Hozirgi kunda uning shogirdlari X.D.Eshboyev, I.N.Gʻaniyev, A.I.Usmonov, F.K.Divayevlar Gʻarbiy Tyanshanda petrologik tadqiqotlar olib borishmoqda. Akademiklar H.M.Abdullayev, I.H.Hamroboyevlar tomonidan boshlangan magmatizm va geodinamika — petrologiya maktabining yangi yoʻnalishi, shu tariqa, bevosita akademik T.N Dolimov va uning shogirdlari faoliyatida oʻz taraqqiyotini davom ettirmoqda.
T.N.Dolimov Oʻzbekiston Milliy universiteti muammolari ustida koʻp va samarali mehnat qildi. Yangi kafedralar, mutaxassisliklar, fakultetlarning ochilishi, xalqaro aloqalarning mustahkamlanishi, oʻquv jarayonlarining isloh qilinishi va boshqa koʻp ishlarning barchasiga bevosita uning oʻzi yetakchilik qildi. Moskva, Sankt-Peterburg, Buyuk Britaniya (Ekseter, Sanderland), Fransiya (Sorbonna, Renn), Germaniya (Gettingen, A.Xumboldt), Daniya, Gretsiya va AQSH universitetlarining oʻquv jarayoni bilan yaqindan tanishuv shuni koʻrsatdiki, Oʻzbekiston Milliy universitetining asosiy strategik yoʻnalishi, yaʼni oʻquv jarayonlarining ilm-fandagi eng yangi yutuqlar asosida va ilmiy tadqiqotlar bilan birgalikda olib borilishi toʻgʻri va istiqbolli yoʻnalishdir.
T.N.Dolimov oʻn yilga yaqin davom etgan rektorlik faoliyati davomida, hali universitet Milliy maqomga ega boʻlmasdanoq, uning mustaqilligiga erishish uchun harakat qildi. ToshDUning mavqeini ham unda ishlab turgan oʻnlab buyuk olimlarining ilmiy salohiyati va mavqeyi kabi yuqori koʻtarish uchun, xuddi Lomonosov nomidagi Moskva Davlat universiteti singari, ToshDU xarajatlarini ham alohida davlat byudjetiga kiritish lozim deb hisoblardi u. Bu tashabbus barcha mutasaddilar tomonidan ham toʻgʻri qabul qilinmagani – haqiqat.
Respublikaning yetakchi ilm dargohi rahbari oʻlaroq, Toʻrabek Dolimov barcha ilm-fan sohalari rivojiga eʼtibor berardi. Xususan, uning oʻzbek tilshunosligi va adabiyotshunosligiga mehri oʻzgacha edi.
Oʻzbek filologiyasi fakultetining ilmiy kengashida quyidagi fikrni alohida taʼkidlagan edi: “Agar oʻzbek adabiyotshunosligi taraqqiyoti tarixiga razm soladigan boʻlsak, Ergash Rustamov, Aziz Qayumov, Suyima Gʻaniyeva, Abduqodir Hayitmetov, Alibek Rustamov, Marat Hamroyev singari oʻzbek mumtoz adabiyotining yirik tadqiqotchilari, ayniqsa, navoiyshunos, boburshunos olimlarning aynan universitetimiz Sharq fakultetidan yetishib chiqqanligini kuzatishimiz mumkin. Shunday ekan, malakali ilmiy-pedagogik kadrlar tarbiyalab yetishtirishda ularning ilmidan, katta tadqiqotchilik tajribasidan foydalanishimiz, ularni taʼlim-tarbiya ishlariga jalb etishimiz kerak”.
Toʻrabek Dolimov bir umr oʻzbek mumtoz sanʼatiga, sheʼriyatiga, qoʻshiqlariga buyuk ehtirom bilan yashadi, bu sanʼatning ijodkorlariyu ijrochilari bilan yaqinroq boʻlishga intildi. Hatto oʻzi ham dutor chalib, mumtoz kuylardan ijro etar va bu ishni ham maromiga yetkazardi.
Fuzuliy sheʼriyatining otashin muxlisi Toʻrabek Dolimov shoirning fusunkor gʻazallarini yoddan oʻqir, undagi nozik tashbehlarga mahliyo boʻlar, ulugʻ shoir zakosiga tasannolar aytar edi. Oʻn besh yil oʻrta va oliy maktabning rus guruhida oʻqigan Toʻrabek Dolimovning Sharq mumtoz sheʼriyatini bunday yuksak darajada his qilishi esa kishini hayratga soladi. Bu hayrat esa boshqa bir haqiqatni yodga soladi. Zero, oʻsha Lutfiy, Navoiy, Bobur, Fuzuliylar davri – yevropalik mutaxassislar tomonidan maʼnaviyatimizning “oltin davri” deb eʼtirof etilgan davrlarda har qanday olim va ziyoli uchun sheʼriyat va musiqa ilmidan yetarlicha maʼlumotga ega boʻlish shart hisoblangan. Toʻrabek Dolimov ham, asl ziyoli, haqiqiy olim oʻlaroq, musiqa va sheʼriyatdan yaxshigina xabardor edi.
Hamkasblar, shogirdlar Toʻrabek Nuʼmonovichning yana bir xislatini alohida tilga oladilar – u kishi faoliyat doirasi nihoyatda keng tashkilotchi-rahbar inson edi. Yuqorida tilga olingan masʼul vazifa va lavozimlardan tashqari u Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati (1995–2004), Oʻzbekiston petrografiya komissiyasining raisi (1988-yildan), hozirgi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi vitse-prezidenti (1997-yildan), Doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilish boʻyicha mutaxassislik kengashining raisi (1997-yildan), Respublika oliy oʻquv yurtlari rektorlari kengashi raisi (1996-yildan), Oʻzbekiston–Rossiya jamiyatining raisi (2003-yildan), «Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi» nashriyoti Bosh tahrir hayʼati aʼzosi (1996-yildan), “Geologiya va mineral resurslar” jurnali tahrir hayʼati aʼzosi (1983-yildan), OʻzFA Geologiya va geofizika instituti petrologiya va metallogenlar boʻlimi boshligʻi (2004-yildan), “OʻzMU xabarlari” jurnalining tashkilotchisi va bosh muharriri (1997 — 2004) va boshqa nufuzli lavozimlarda ish yuritdi.
Toʻrabek Dolimov hazil-mutoyiba, mumtoz qoʻshiqlar, kuylar va aqlli davralarni yaxshi koʻrguvchi, mehmondoʻst inson boʻlib, oʻzini ayniqsa ukalari va singillari, qarindosh-urugʻlari davrasida har qayerdagidan ham erkin his qilar edi.
2011-yil oktabrida buyuk olim, sanʼat ilosmandi, chin inson Toʻrabek Dolimov olamdan bevaqt koʻz yumadi va Toshkentdagi “Minor” qabristoniga dafn etildi.
Dafn marosimiga kelganlar bir jihatga eʼtibor beradilar: olim kamtarona, ammo fayzli hayot kechirgandi. U hashamatli uyda yashamadi, dabdabaga berilmadi, balki uning eng katta boyligi – har kim havas qilsa arziydigan kutubxonasi bor edi.
2012-yil 12-oktabrda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti rektori yirik olim, professor Gʻ.I.Muhamedov rahbarligida Geologiya fakultetida Toʻrabek Nuʼmonovich Dolimov xotirasiga bagʻishlangan ilmiy konferensiya boʻlib oʻtdi va uning materiallari “Основные проблемы магматической геологии Западного Тянь-Шаня” (Материалы Республиканской научной конференции, посвященной памяти академика Т.Н.Далимова 12 октября 2012 г. Ташкент, 2012) nomi bilan kitob holida nashr etildi. 2013-yil 10-mayda esa universitetning geologiya fakulteti qoshida akademik T.N.Dolimov nomidagi geologik oʻquv muzeyi ochildi.
Toʻrabek Dolimov Alloh bergan hayoti davomida koʻp narsaga erishdi: unvonlar, mukofotlar, ilmiy darajalar, mansablar, yoru doʻstlar, farzandlar, nevara va evaralar… Eng muhimi, el-yurt hurmati va ardogʻida boʻldi. Bularga u mehnat, mehnat va yana mehnat bilan erishdi. Olim hayotining bor mazmuni uning oʻz umri davomida koʻp takrorlagan qatʼiy amal qilgan hazrat Alisher Navoiyning ushbu mashhur misrlarida aks etsa, ne ajab:
Umrni zoyeʼ etma, mehnat qil,
Mehnatni saodating kalidi bil.
To‘rabek Dolimov