Talabalarni oʻqitish faqat ingliz tilida olib boriladi. Oʻquv jarayoni Koreya Respublikasi Inha Universiteti taʼlim standartlari boʻyicha tashkil qilingan.

Universitet oʻqituvchilarining 30 foizidan koʻprogʻi Avstraliya, AQSh, Janubiy Koreya, Hindiston, Bolgariya, Italiya, Rossiya va Buyuk Britaniyadan kelgan, «fan doktori» (Ph.D) ilmiy darajasiga ega xorijiy professorlardir. Taʼlim xalqaro kredit tizimiga asoslangan, u talabaga muayyan chegara doirasida, kreditlar (oʻquv ishi hajmini oʻlchash birligi) toʻplash vositasida, taʼlim jarayonini individual rejalashtirish imkonini beradi. Kredit tizimining ahamiyati akademik dasturlar mehnat bozori talablarini inobatga olgan holda tuzilishidan iborat.

Oʻquv rejasi predmetlarining 50 foizi tanlov asosida boʻlib, oʻquv jarayoni axborot tizimiga joriy qilinadi. Kredit tizimida mashgʻulotlar interaktiv shaklda oʻtkaziladi. Hafta davomida talaba mustaqil ish bajaradi, keyin oʻqituvchi ish natijalari va talabalarning haftalik reytingi bilan tanishadi.

LABORATORIYALAR

Universitet oʻzining zamonaviy, laboratoriya ishlarini bajarish uchun mobil modullarga, talabalar ishini nazorat qilish va baholash uchun dasturiy taʼminotlarga ega oʻquv-laboratoriya majmualari bilan faxrlanadi. Masalan, OTMda Oracle Academy, Aspex BI School, Cisco Academy, Akfaclass, SQB, Artel R&D laboratoriyasi va boshqalar ochilgan.

UNIVERSITET HAYOTI

Toshkentdagi Inha universiteti ATga oid yirik tadbirlarni muntazam tashkil qiladi va ularda qatnashadi. Faqat keyingi bir-ikki yil ichida universitetda One Million Uzbek Coders, Google GDGDev Fest, Open Data Tashkent, ITWomen final bosqichi kabi keng koʻlamli tadbirlar oʻtdi. OTM IT-sohadagi koʻplab global korporatsiyalar (Microsoft, SAP, Oracle, Cisco va boshqalar), shuningdek universitet talabalari uchun potensial ish beruvchilar boʻlgan vazirliklar va idoralar bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Qayd etish oʻrinliki, ikkinchi kursdan boshlab talabalar qisman ishga joylanadi va shaxsiy xarajatlar uchun, shuningdek taʼlim haqini toʻlash uchun pul ishlab topadilar.

KOREYADA STAJIROVKA

Toshkentdagi Inha universiteti oʻn nafar faol va qobiliyatli talabaga begʻaraz asosda Koreya Respublikasidagi Inha Universiteti yozgi maktabiga tashrif buyurish imkonini beradi. Har yili tanlov asosida eng yaxshi ishlanmalar tanlab olinadi – ular oʻziga xos va amaliy mahsulotlar yoki Toshkentdagi Inha universiteti foydasi hamda rivojlanishiga qaratilgan loyihalar boʻlishi mumkin. Eng yaxshi loyihalar mualliflari yozgi maktabga yoʻllanmani qoʻlga kiritadilar, u yerda talabalarni «Koreys tili», «Sharqiy Osiyo siyosati va xalqaro munosabatlari», «Koreya va uning madaniyati», «Koreyada iqtisodiyot va biznes», «Kelajakning yangi texnologiyalari» kurslari boʻyicha stajirovka kutadi.

MAGISTRATURA – MBA in digital transformation

Toshkentdagi Inha universiteti qariyb yetti yildan beri ishlamoqda va faqat bu yil magistratura ochildi. Bu ham Oʻzbekistonda, ham undan tashqaridagi zamonaviy mehnat bozorida alohida talabgir boʻlgan oʻqitish shakli va dasturlarini izlash bilan bogʻliq. MBA in digital transformation – bu aksariyat yoshlar yoki zamonaviy raqamli texnologiyalar olamida karyera qilishni rejalashtirgan mutaxassislar uchun ayniqsa zarur formatdir.

Magistratura dasturi juda sermazmun va amaliy maʼmurchilikning fundamental sohalariga qoʻshimcha oʻlaroq, sunʼiy intellekt, katta maʼlumotlar va bulutli hisoblashni qamrab oladi. Digital-bilimlar va mumtoz Business administration uygʻunligi ushbu magistratura dasturiga zamonaviy voqelik uchun oʻta dolzarblik bagʻishlaydi.

Taʼlim va birgalikdagi amaliyotning noyob tajribasi Toshkentda ikki semestr va Koreyada ikki semestr davomida taqdim etiladi. Barcha kurslar ingliz tilida oʻtkaziladi. Dastur muvaffaqiyatli yakunlanganidan keyin Koreya Inha universiteti diplomi beriladi.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *