Farq nimada?

Investisiyalash bilan har bir inson u yoki bu darajada tanish: pul tik, ertaga ko‘paytirib olasan yoki boy berasan. Albatta, bu tavsif niyahoyatda mubolag‘ali, shu sababli keling, tafsilotlarni ko‘rib chiqamiz.
Inestisiyalash – bu o‘z pulingiz yoki qarz mablag‘lariga aktivlar sotib olishdir. Aktiv turlicha bo‘lishi mumkin: qimmatli qog‘ozlar (aksiyalar, obligasiyalar), qimmatbaho toshlar (oltin, kumush), kriptovalyuta, ko‘chmas mulk, tayyor biznes va shu kabilar. “Aktiv” deganda pulning ishlashi va yana pul keltirishi tushuniladi – mashhur matalda “pul pulni tug‘adi”,- deyiladi-ku!

Qimmatli qog‘ozlar, metallar va kriptovalyutaning narxi oshishi, ko‘chmas mulk renta keltirishi, biznes esa, ayniqsa innovasion bo‘lsa, omadli chiqib, yaxshigina foyda berishi mumkin. Ammo, puldan tashqari sizga kerak bo‘ladigan asosiy resurs – bu vaqtdir. Aktiv bir sutkadayoq (kriptovalyuta kursining keskin ko‘tarilishi), shuningdek o‘nlab yillarda (kech foyda keltiruvchi biznes) o‘zini ko‘rsatishi mumkin. Bundan tashqari, investisiyalash shunchaki pulni otasiz-u, bir necha yildan keyin ularni esga olishingizni nazarda tutmaydi. Aksincha, bu faoliyat diqqatni, xolislikni va doimiy nazoratni talab qiladi.
Treydingchi? Bu oldi-sotdi faoliyati bo‘lib, u sizni faqat aktivlar o‘sishiga bog‘lab qo‘ymaydi: treyderlar narx tushishida ham, ko‘tarilishida ham foyda ko‘radilar. “Nega?” degan savolning javobi oddiy: istalgan payt kimdandir aktivni qarzga olib, qimmatroq sotishingiz, so‘ngra esa, arzonroqqa sotib olishingiz mumkin. Aksinchasi – qimmatroqqa sotish uchun aktiv sotib olish jarayoni esa, hammaga tushunarli.
Demak, treyderlar ham bozorlarga taqsimlangan aktivlarni xarid qiladilar va sotadilar: fond bozori (aksiyalar, obligasiyalar, f’yucherslar va hokazo), Forex – boshqa bozorlarning bir nechta vositalarini uyg‘unlashtirgan valyuta bozori, xom ashyo bozori (oltin, kumush va shu kabilar), shuningdek kriptovalyuta bozori mavjud. Treyderning asosiy vazifasi – arzonroq xarid qilish va qimmatroqqa sotish yoki qimmatroqqa sotib, arzonroqqa olish.

Aktivlarni xarid qilish uchun o‘z mablag‘larini ishlatuvchi investorlardan farqli o‘laroq, treyderlar savdolarni ochish uchun brokerlarning qarz mablag‘laridan faol foydalanadilar, bu mexanika kredit yelkasi deb ataladi. Bunday yelka foyda va zararlarni kupaytiradi, bunda qarz mablag‘larining o‘zlarini yo‘qotish aslo mumkin emas, savdo faqat treyderning “jonli” pullari bilan kifoyalanadi.
Treyderning ishchi sessiyasi uzluksiz 10-12 soat va undan ko‘p davom etishi mumkin, bu vaqtning hammasi grafiklar va iqtisodiy voqealar tahililiga ajratiladi. Bundan tashqari, har qanday yaxshi treyder o‘z savdo tizimiga ega bo‘lib, unda barcha xatarlar, kapitalni boshqarish usuli, savdolar vaqti, maqsadi, daromad va shu kabilar batafsil yozib qo‘yilgan. Shartta savdo ochib ish boshlab yuborishning iloji yo‘q.

Xulosa: investordan portfelni shakllantirish uchun ko‘p vaqt talab qilinadi, keyin esa – o‘z kapitalining holati ustidan nazorat uchun unchalik ko‘p vaqt kerak bo‘lmaydi. Treyder esa, har kuni ishlaydi va investor sotib oladigan narsani olib-sotishdan foyda ko‘radi.

Ish boshlash uchun qancha pul kerak

Internetda investisiyalashni go‘yo $100dan ham boshlash mumkin, degan maqolalar ko‘p uchraydi. Unutmaslik kerakki, moliyaviy bozorlardagi daromad – bu foizlar. $100 va $100 000 dan bir-ikki foiz – bu butunlay boshqa-boshqa natijadir.

Xullas, moliyaviy bozorlarda faoliyat boshlash uchun qancha pulga ega bo‘lishni tavsiya qilamiz.

Investisiyalash:
— Kriptovalyuta – $100 dan boshlab;
— Qimmatbaho toshlar – $5,000-7,000 dan boshlab;
— Qimmatli qog‘ozlar – $10,000-30,000 dan boshlab;
— Ko‘chmas mulk – $30,000-50,000 dan boshlab;
— Biznes – $50,000-$100,000 dan boshlab.

Treyding:
— Kriptovalyuta – $100-300 dan boshlab;
— Forex – $500 dan boshlab;
— Metallar – $3,000 dan boshlab;
— Fond birjasi – $10,000 dan boshlab.

Daromaddagi farq

Albatta, bu – sizni qiziqtirayotgan asosiy savollardan biri. Bu borada oldin investisiyalash treydingga qaraganda ko‘proq vaqt va kuch talab qilishini aytib o‘tish o‘rinli. Xolis baholash uchun buni albatta hisobga oling.

Investiyalash:
— Boshqaruv uchun haftada ikki soatcha vaqt talab qiladi;
— Foyda portfelning o‘ziga va bozordagi vaziyatga bog‘liq bo‘ladi;
— Yillik 12-20% me’yordagi daromad darajasi sanaladi.

Treyding:
— Sutkasiga 4 soatdan 12 soatgacha o‘tirib ishlashni talab qiladi;
— Daromad bilim va tajribaga, savdolar soniga bog‘liq bo‘ladi;
— Oylik 10% me’yordagi daromad darajasi sanaladi.

Xatarlarni baholash

Ha, xatarlar har joyda bor, chunki bu – bozor. Kapitalingizni investisiyaga tikar ekansiz, har bir aktiv bo‘yicha xatarlar darajasini baholaysiz va turli kombinasiyaga ega bo‘lasiz. Diversifikasiya yaxshi foyda berishi mumkin bo‘lgan xatarlarli aktivlarga ham, shuningdek, ishonchli, lekin kamroq ammo barqaror foyda keltiradigan aktivlarga ham pul tikish imkonini beradi.
Agar misol uchun AQShdagi 500 ta eng qimmat kompaniyaning aksiyalarini olsak, ularni xarid qilarkansiz, sizning aktivlaringiz hech qachon nolga teng bo‘lmaydi. Aksiyalarning yalpi qiymati hozir  $4123 ga teng, 2016 yil boshlarida u atigi $1850 ga teng bo‘lgandi. Ya’ni, 5 yildan ziyodroq vaqtda aktiv 123% ga o‘sish berdi va bunda ikkita yirik “o‘tirish”ni boshidan kechirdi – birinchi marta 2018 yil oxirlarida 20% ga va 2020 yil martida 35% ga tushdi.
Oltinni oladigan bo‘lsak, u oxirgi yarim yil ichida faqat tushdi va narxida 17% ni yo‘qotdi, ammo hozir yana o‘sa boshladi. Darvoqe, u 2016 yil boshiga nisbatan 71% ga o‘sgan.
Treydingga kelsak, bu yerda siz butun kapitalingizni tavakkalga qo‘yasiz va qancha ko‘p kredit yelkasidan foydalansangiz, shunchalik ko‘proq xatarga uchraysiz. Hatto birgina savdo ham sizni bittada barcha pulingizdan mahrum qilishi mumkin. Buning sababi sizning pullaringiz doimo savdo bo‘yicha ehtimoliy zararlarni qoplashga yetishi kerakligidir.

Masalan, 10 000 so‘mga $1 sotib oldingiz-u, sizda faqat 15 000 so‘m bor bo‘lgan. Siz bu dollarni kelgusida 12 000 ga sotmoqchisiz, lekin kurs tushib ketdi. U 9 000 so‘mga yetganda sizning zararingiz 10 000 so‘m (dollar xaridi) + 1 000 so‘m (“o‘tirish”)ni tashkil qiladi. Agar kurs 3 000 so‘mgacha borsa, zararingiz 10 000 so‘m (dollar xaridi) + 7 000 so‘m (“o‘tirish”)ga yetadi va hisobingiz -2 000 so‘mlik zararga uchraydi.
Biroq, balansdagi nol ko‘rsatkichga yetib borishingiz bilan, brokeringiz darhol sizning savdolaringizni katta minus bilan yopadi. Buning oldini olish uchun siz, “o‘tirish”larni qoplash uchun, hisobni to‘ldirishingiz kerak bo‘ladi. Umuman olganda, treyderlar oldida dilemma turadi: zararli savdoni hoziroq yopgan yaxshimi yo tavakkal qilib, vaziyat o‘zgarishini kutgan ma’qulmi.
Yaxshi treyder doimo o‘z savdo tizimiga ergashadi va hech qachon yuqorida keltirilgan vaziyatga tushmaydi, chunki o‘z kapitalining katta qismini xatarga qo‘ymaydi, zararlarni esa, hissiyotga berilmay qabul qiladi – ular har doim kuzatiladi va bunda faqat ularning sonini qisqartirish muhim, xolos.

Xulosalar

Bank omonati to‘g‘ri kelmaydigan va kattaroq daromad talab qiladiganlar uchun investisiyalash ma’qul keladi. Bunda, oqilona boshqaruv uchun to‘lov sifatida foydaning bir qismini ajratish evaziga, o‘z kapitalingizni ekspertlar yoki tashkilotlarga ishonib topshirgan ma’qul.
Treyding esa to‘laqonli kasb sanaladi, u ham yaxshi ma’lumotni, ham ustoz ko‘rishni, ham tajribani, ham intizomni va yaxshigina kapitalni talab qiladi. Ammo bularning barchasi investisiyalashda nazarda tutiladigan shunchaki “xarid qil va ushlab tur”ga qaraganda o‘nlab barobar ko‘proq mukofot keltiradi.

Feruz Aliev, xalqaro investisiyalar bo‘yicha maslahatchi, Shveysariya Savdo-sanoat palatasi a’zosi, “Uranus Invest” kompaniyasi asoschisi

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *