O‘ZBEKISTON XUSUSIY SAYYOHLIK TASHKILOTLARI ASSOTSIATSIYASI
O‘zXSTA nohukumat, notijorat jamoatchilik tashkiloti bo‘lib, mamlakatdagi xususiy turoperatorlar va mehmonxonalar tashabbusi bilan respubika hukumati ko‘magida 1998 yilda tashkil etilgan. O‘zXSTA turoperatorlar, mehmonxona biznesi va mehmon uylari vakillarini birlashtiradi.
O‘zXSTAning asosiy maqsadi sayyohlik bozori ishtirokchilari o‘rtasida aloqalarni shakllantirish (mustahkam amaliy aloqalarni shakllantirish).
Assotsiatsiya missiyasi o‘z a’zolarining va sheriklarining sayyohlik biznesini rivojlantirishdagi manfaatlarini ilgarilatishdan iborat.
O‘zXSTA vazifalari Assotsiatsiya a’zolari huquqlarini himoya qilish, davlat va boshqa idoralar oldida xususiy sektor sub’ektlarining, jumladan respublika sayyohlik sohasidagi kichik va o‘rta biznes vakillari manfaatlarini ilgari surish, shuningdek O‘zbekistonda zamonaviy xalqaro sayyohlik infratuzilmasini yaratishda faol qatnashishdan iborat.
O‘zXSTA faoliyatining asosiy yo‘nalishlari: • xususiy sayyohlik tashkilotlari – O‘zXSTA a’zolarining faoliyatiga ko‘maklashish va muvofiqlashtirish; • davlat idoralari va boshqa tashkilotlar oldida sayyohlik biznesi vakillarining manfaatlarini himoya qilish va ilgari surish; • O‘zXSTA a’zolariga axborot, maslahat, ta’lim va uslubiy ko‘mak ko‘rsatish; • xususiy sayyohlik biznesi xodimlarini o‘qitish va malakasini oshirishni tashkil etish; • sayyohlik sohasida xususiy sektor rivojlanishiga investitsiyalarni jalb qilish; • sayyohlik tadbirlarini tashkil etish; • (sayyohlik yarmarkalari, B2B-uchrashuvlar, Road show va h.k.); • sayyohlik biznesida marketing tadqiqotlari.
O‘zXSTA O‘zbekiston Respublikasi sayyohlik salohiyatini oshirish va ommalashtirishga ko‘maklashadi. Ushbu missiya doirasida assotsiatsiya xalqaro sayyohlik yarmarkalari va forumlarida faol qatnashadi va dunyodagi qator sayyohlik assotsiatsiyalari bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan.
Assotsiatsiya har yili mamakatda sayyohlik sohasida tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi.
Rivojlangan mamlakatlarda ham, rivojlanayotgan mamlakatlarda ham turizm ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning qudratli katalizatori sanaladi. Zero u xorijiy valyuta va investitsiya oqimini ta’minlaydi, yondosh tarmoqlarning jo‘shqin o‘sishiga, aholi bandligi muammosining hal etilishiga, shuningdek jahon hamjamiyatida davlatning reytingi va imij jozibadorligining oshishiga xizmat qiladi.
Boshqa iqtisodiy tarmoqlarga qaraganda kamroq sarf-xarajatlarda, turizm salmoqli valyuta tushumlarini ta’minlashi mumkin. Ko‘p jihatdan, ushbu sohaning iqtisodiy ahamiyati turizmda juda yuqori bo‘lgan multiplikativ effektga asoslanadi.
O‘zbekiston taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlaridan biri turizm industriyasini jadal rivojlantirish, uning iqtisodiyotdagi roli va ulushini oshirish, sayyohlik xizmatlarini diversifikatsiyalash va sifatini yaxshilash sanaladi.
O‘zbekiston turizm industriyasining tezkor rivojlanishi sayyohlik mahsulotlari va xizmatlar sohasini takomillashtirishdagi ustuvor yo‘nalishlarning yanada chuqurlashuvi, raqobat kurashida o‘z mavqyeini mustahkamlash maqsadlarida innovatsiyalarni izlash va ulardan foydalanish bilan bog‘liq. Mamlakatda turizm industriyasida xususiy tarmoqni qo‘llab-quvvatlash uchun qulay sharoitlar shakllanmoqda, shuningdek jamoatchilik tashkilotlaridan chiquvchi tashabbuslar rag‘batlantirilmoqda.
Keyingi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotining ushbu strategik tarmog‘i faol rivojlandi, ammo pandemiya mazkur bozorning barcha ishtirokchilari faoliyatiga sezilarli o‘zgartirishlar kiritdi.
INNOVATSION YONDASHUV USTUVOR SANALADI
O‘zbekiston xususiy sayyohlik tashkilotlari assotsiatsiyasi (O‘zXSTA) turoperatorlar, mehmonxona biznesi vakillari va oilaviy mehmon uylarini birlashtiradi va mamlakatning o‘zak sayyohlik jamoatchilik tashkiloti sanaladi.
Assotsiatsiyaning vazifasi o‘z a’zolari va biznesni rivojlantirishdagi sheriklarining manfaatlarini ilgari surish, O‘zbekistonda sayyohlik industriyasini rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish va unga, ilg‘or chet el tajribasi asosida, turli innovatsiyalarni joriy etishdan iborat.
Xalqaro sayyohlik bozoridagi qattiq raqobat, COVID-19 koronavirusi pandemiyasi oqibatlari bilan bog‘liq iqtisodiy beqarorlik sharoitida O‘zbekiston Respublikasining yuksak sayyohlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun sayyohlik mahsuloti va sayyohlik xizmatlarini yaratish va amalga oshirishda ham, iqtisodiy tizimning barcha darajalarida turizm sohasini tashkil qilish tizimida ham innovatsion yondashuvni joriy qilish zarur.
Mahalliy sayyohlik industriyasining uzoq muddatli rivojlanish ssenariysi uning raqobatbardoshligi ortishini, xodimlarning professional xususiyatlari va servis darajasi o‘sishini, innovatsion omillarning iqtisodiy yuksalishning asosiy manbai bo‘lishini nazarda tutadi. Biz tomonimizdan ishlab chiqilgan va bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinayotgan reja mazkur davr talablarining barchasini hisobga oladi va O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish maqsadida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash vositalarining butun spektrini qo‘llash imkonini beradi.
Majburiy “tanaffus”dan foydalanib, biz, raqobatbardosh takliflar taqdim etish hisobiga, kuchlarni sayyohlik mahsulotlarini va servis sifatini kompleks yaxshilashga yo‘naltirishimiz mumkin. Shu munosabat bilan O‘zXSTA, Milliy piar-markaz bilan birga, xorijda milliy mahsulotni ilgarilatish strategiyasini ishlab chiqmoqda. Karantin davri tugagach, yevropa va MDH mamlakatlarida qator Roadshow tashkil etish rejalashtirilgan. Bugungi murakkab pallada O‘zbekistonda turizmni ilgarilatishni kuchaytirish muhim. O‘zXSTAning mamlakat sayyohlik tarmog‘i mutaxassislarining professional mahoratini oshirishga qaratilgan loyihalari ishlab chiqildi va bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
ONLAYN – OBIHAYOT EMAS, AMMO YANGI IMKONIYATLAR ESHIGINI OCHADI
Xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilinadigan ziyorat turizmi brendlarining mavjudligi O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishning yagona drayveri emas. Turizm uchun jozibali har qanday hudud – bu sayyohlik resurslari, iqtisodiy rivojlanish fundamenti, qo‘shimcha qiymat generatsiyasi va ish o‘rinlari yaratishning asosi sanaladi. Shu sababli, onlayn-turizmni rivojlantirish, tadbirkorlarni va istiqbolli startaplarni qo‘llab-quvvatlash ustida ishlash zarur. Raqamlashtirish sayyohlik kompaniyalari uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
Ular raqamli faoliyat sohasiga qanchalik tez integratsiyalashsalar, shunchalik tezroq rivojlanishga erishadilar.
Qvant tahririyati tahlil guruhi