Insonning toʻlaqonli funksional holati, oʻziga oʻzi mustaqil xizmat koʻrsata olish, mehnat qilish, koʻpayish, tashqi muhit sharoitlariga moslashishga qobillik – bularni bugun hayot sifati deb atash qabul qilingan. Ammo, inson hayot faoliyati davomida, jumladan yoshi qaytgan va keksalik davrida, organizmning koʻplab funksiyalari insonni u yoki bu vazifalarni sifatli ado etish bilan toʻlaqonli taʼminlay olmaydi. Yoshi qaytgan va keksalik davrida yuzaga keladigan, hayot sifatini keskin tushirib yuboradigan muammolardan biri osteoporozdir.
Osteoporoz – skeletning metabolik kasalligi boʻlib, suyak massasi kamayishi, suyak toʻqimasi mikroarxetiktonikasi buzilishi va, buning oqibati oʻlaroq, minimal travmada sinishlar bilan xarakterlanadi. Boshqacha soʻz bilan aytganda, osteoporoz suyakning tayanch boʻla olish xususiyati yoʻqolishiga xizmat qiladi va arzimagan jismoniy yuklamalarda suyaklar sinishi yuzaga kelishini qoʻzgʻaydi.
Osteoporoz polietiologik kasallik sanaladi, uning rivojlanishi genetik moyillikka, hayot tarziga, jismoniy faollikka, endokrinologik maqomga, yondosh kasalliklar mavjudligiga, dori vositalarini qabul qilishga, insonning qarishiga va individual hayot davomiyligiga bogʻliq (Yevstigneyeva L.P., hammuallifl. 2010 y.). suyak toʻqimasi massasini toʻplash bolalik va oʻsmirlik yoshida roʻy beradi va 20-30 yoshlarda maksimumga yetadi. 35-40 yoshlarda choʻqqisiga chiqqach, suyak massasi amalda oʻzgarmay qoladi, keyin asta-sekin kamaya boradi. Ayollarda STM kamayishi surʼati erkaklarnikiga qaraganda sezilarli darajada yuqori, bu menotanaffusdan oldingi va keyingi davrdagi estrogenlar tanqisligi bilan izohlanadi.
Suyak toʻqimasi doimiy oʻzgarish holatida boʻladi. Bir vaqtda ikkita qarama-qarshi jarayon roʻy beradi: suyak tashkil boʻlishi va teskari, suyak toʻqimasining soʻrilishi “suyak rezorbsiyasi”, STM, suyak sifati va mustahkamligi ularning muvozanatiga bogʻliq boʻladi. Estrogenlar tanqisligi sharoitida ushbu muvozanat suyak massasi yoʻqolishi tomonga koʻchadi. Biroq, estrogenlar tanqisligi, avvalda hisoblanganidek, STM yoʻqolishining yagona sababi emas. Suyak toʻqimasining remodelyatsiyasi fosfor-kalsiy almashinuvi holatiga, paratireoid gormon, D vitamini, oʻsish gormoni, kalsitonin, tireoid gormonlar, glyukokortikoidlar va boshqalar holatlariga bogʻliq.
Dunyoda 20 mlndan ziyod osteoporozga chalingan bemorlar mavjud, 2025-yilga borib osteoporoz sababli roʻy bergan sinishlar umumiy soni 1,5 barobarga oʻsishi prognoz qilinmoqda, 65-74 yoshdagi insonlarda bu raqam 87%ni tashkil qiladi (Lesnyak O.M., Yershova O.B. 2011 y.). Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Travmatologiya va ortopediya ilmiy-tadqiqot instituti maʼlumotlariga koʻra, mamlakatda osteoporozli kamida 30 ming nafar va osteopeniyali 150 ming nafar inson mavjud (Shotursunov Sh.Sh. hammuallifl. 2014-y.).
Rossiyada 50 va undan yuqori yoshdagi shaxslar orasida osteoporoz 34% ayollarda va 27% erkaklarda kuzatiladi, osteopeniya chastotasi esa, tegishlicha, 43% va 44%ni tashkil qiladi. Yosh kattalashgani sari osteoporoz chastotasi ortadi (Mixaylov Y.E., Benevolenskaya L.I. 2003-y.). Shimoliy Amerika va Gʻarbiy Yevropaning qator mamlakatlari oq tanli aholisi orasida ayollarda osteoporozning tarqalishi ham shunday koʻrsatkichlarga ega (Camacho PM, et al. 2016, Kanis J, et al. 2013).
Osteoporozning ijtimoiy ahamiyati uning oqibatlari – umurtqa pogʻonalari tanalari va periferik skelet suyaklari sinishida koʻrinadi, ular sogʻliqni saqlash sohasida katta moddiy xarajatlarga va mehnatga layoqatsizlikning yuqori darajada boʻlishi, jumladan nogironlik va oʻlim holatlariga olib keladi.
Osteoporoz oqibatida roʻy beradigan eng odatiy sinishlarga boʻksaning proksimal boʻlimi, bilak suyagi va umurtqa pogʻonalari tanalari sinishi kiradi (1- rasm), ammo skeletning boshqa yirik suyaklari (tos, qovurgʻa, koʻkrak qafasi, boldir, yelka suyagi va sh.k.) sinishlari ham tarqalgan (Dedov I.I. hammuallifl 2011).
Umurtqa sinishlari orqa miya tuzilmasi va uning nervlari ezilishi xatari bilan xaflidir, buning oqibatida bemorning qisman yoki toʻliq nogironlashuvi yuzaga kelishi mumkin. Shuningdek, umurtqa sinishi natijasida qattiq ogʻriq va tana harakatining keskin cheklanishi yuzaga keladi.
Hozirga qadar osteoporotik umurtqa sinishlariga ega bemorlar uzoq vaqt yotoq rejimiga rioya qilardilar, umumiy holatni yengillatish uchun ogʻriqni qoldiruvchi va giyohvand vositalarning tajovuzkor dozalarini olardilar. Bemorning yotoqda uzoq vaqt yotishi yurak-qon tomir tizimida jiddiy asoratlar rivojlanishini yuzaga keltirardi, ish hatto trombo-embolik asoratlar rivojlanishigacha borardi.
1- rasm. Umurtqa pogʻonasi tanasining patologik sinishi
Bugungi kunda umurtqa pogʻonalari tanalarining osteoporotik sinishini davolashda qator ilmiy tadqiqotlar oʻtkazilmoqda. Umurtqa pogʻonalari tanalarining osteoporotik sinishi sabablari oʻrganildi, diganostikaning yangi uslublari joriy etildi, osteoporozni konservativ davolashning yangi preparatlari yaratildi va taʼsiri oʻrganildi, bemorlar immobilizatsiyasi muddatlari tadqiq etildi, uzoq immobilizatsiyada ikkilamchi asoratlar profilaktikasi uslublari yaratildi. Osteoporotik singan umurtqa pogʻonalari tanalarining tayanchga qobilligini tiklash uchun jarrohlik davolashning yangi uslubi – punksion vertebroplastika (PVP) qoʻllanilmoqda.
Perkutan vertebroplastika birinchi marta 1984-yilda Fransiyadagi Amyen universiteti klinikasi radiologiya boʻlimida vrachlar Galibert va Deramond tomonidan S2 tajovuzkor vertebral gemangioma sababli 54 yoshli ayolda amalga oshirilgandi. Keyinroq PVP vertebral osteolitik metastazlar va osteoporoz fonida umurtqa tanasining ikkilamchi kollapsi sababli amalga oshirildi (Abakirov M.D., 2017).
Oʻtkazilgan klinik tadqiqotlarning koʻpchiligida osteoporozli kompression sinishlarda taqriban 90% holatlarda ogʻriq simptomlarining sezilarli regressiga ishora qilinadi (Makirov S.K. hammuallifl., 2016).
Perkutan vertebroplastika oʻtkazilganidan keyin ogʻriq sindromining kamayishi yoki butkul toʻsilishiga xizmat qiluvchi omillar mexanik, termik va kimyoviy omillar sanaladi (Wang C. et al, 2015). Mexanik omil eng asosiy sabab boʻladi, bunda ogʻriqning kamayishi umurtqa pogʻonasi tanasining barqarorlashuvi va mustahkamlashuvi, sinish sohasida mikroharakatlarning oldi olingani va shu bilan nerv uchlari irritatsiyasi kamayganligi bilan izohlanadi. Umurtqa pogʻonalarining osteoporotik sinishlarida bu omil ogʻriq sindromini toʻsishda asosiy oʻrin tutadi (BuchbinderR. etal. 2015).
Termik omil nerv uchlarining termik nekrozi bilan izohlanadi va polimerizatsiyaning ekzotermik reaksiyasi natijasi oʻlaroq kuzatiladi. Osteoblastlar termik nekrozi 1 daqiqadan ziyodroq vaqt davomida 50°С dan yuqori haroratda roʻy beradi, osteoblastlar apoptozi esa 48°С haroratda 10 daqiqa yoki undan ziyod vaqt davom etadi (Kavalerskiy G.M. hammuallifl. 2013).
Kimyoviy omil PMMAning sitotoksik taʼsiriga asosanadi. Monomerning sitotoksikligi, shuningdek, oʻsimtaga qarshi effektni ham namoyon qiladi, u koʻplab klinik maʼlumotlar bilan tasdiqlangan (Morozov A.K. hammuallifl. 2008).
Ushbu jarrohlik manipulyatsiyasi samaradorligini tadqiq qilish uchun biz tomonimizdan ham umurtqa pogʻonasi tanasi osteoporotik sinishlariga ega bemorlarda qator PVP muolajalari oʻtkazildi.
Tadqiqot materialiga 2015-yildan 2020-yilga qadar boʻlgan davrda osteoporoz sababli tekshirilgan va jarrohlik amaliyoti oʻtkazilgan, Toshkent sh.dagi Respublika ixtisoslashtirilgan neyrojarrohlik ilmiy-amaliy markazida davolanishda boʻlgan 25 yoshdan 81 yoshgacha boʻlgan 74 nafar bemor kirdi.
Bemorlar diagnostikasi umumiy va nevrologik koʻzdan kechirishni, laboratoriya diagnostikasi va tadqiqotning eng informativ vositali uslublari: umurtqa rentgenografiyasi, umurtqa magnit-rezonans tomografiyasi, kompyuter tomografiyasi va umurtqaning multispiral kompyuter tomografiyasi, shuningdek osteoporozni tekshirishning yanada xosroq uslubi – bel umurtqa pogʻonalari rentgen-densitometriyasini oʻz ichiga oldi.
Kasalliklarning klinik holatini baholash uchun biz tomonimizdan VDS ogʻriqlar shkalasi qoʻllanildi (Verbal Descriptor Scale – Gaston-Johansson F., et al., 1990) (1- jadval). Ushbu shkala bemorlarda ogʻriq sindromi ifodalanganligini subyektiv baholash uchun ishlatiladi.
1- jadval.
VDS ogʻriq shkalasi (Verbal Descriptor Scale)
Klinik ifodasi | Ballar |
Ogʻriq yoʻq | 0 |
Kuchsiz ogʻriq | 2 |
Sezilarli ogʻriq | 4 |
Kuchli ogʻriq | 6 |
Juda kuchli ogʻriq | 8 |
Chidab boʻlmas ogʻriq | 10 |
Bemorlarni kuzatish davri 6 oydan 5 yilgacha muddatni tashkil qildi (2015-2020 yy.). Barcha bemorlar, tavsiyalarimizga binoan, turar joy boʻyicha endokrinolog hisobida turdilar va bifosfonatlar guruhidagi preparatlar hamda kalsiy va D3 vitaminili preparatlar bilan konservativ davolanish oldilar. Bundan tashqari, tavsiyalarimizga koʻra, bemorlar ahvollarini dinamikada kuzatish uchun Respublika ixtisoslashtirilgan neyrojarrohlik ilmiy-amaliy tibbiy markazi poliklinikasiga vaqti-vaqti bilan murojaat qildilar.
Tiklash-davolash ishlari natijalari aʼlo, yaxshi, qoniqarli va qoniqarsiz mezonlari bilan baholandi.
“Yaxshi” natija deganda davolashdan keyin ogʻriq sindromining VDS shkalasi boʻyicha 0 ballgacha yetadigan regressi tushunildi. U umurtqadagi ogʻriq sindromining toʻliq regressi bilan xarakterlandi.
“Qoniqarli” natija deganda ogʻriq sindromining 2 ballgacha regressi hisoblandi, bu umurtqada sezilar-sezilmas ogʻriq saqlanib qolganligini anglatadi.
Ogʻriq sindromi 4 ball va undan yuqori darajada saqlanib qolganda davolash natijasi “qoniqarsiz” hisoblandi, bu umurtqada sezilarli kuchli, juda kuchli va chidab boʻlmas ogʻriqlar borligiga teng keldi.
Barcha bemorlarda (n=74) umurtqa pogʻonalari tanalarida PVP amaliyoti oʻtkazildi. Bir umurtqa pogʻonasida oʻtkaziladigan muolajaning oʻrtacha davomiyligi 30 daqiqa davom etdi. Davolangan pogʻonalar umumiy soni 158 ta umurtqa pogʻonasini tashkil qildi. Bunda 21 nafar (28%) bemorda bitta pogʻonada amaliyot oʻtkazildi, 33 nafarida (44%) ikkita pogʻonada, 13 nafari (18%)da uchta pogʻonada, 5 nafari (7%)da toʻrtta pogʻonada va 2 nafari (3%)da 6 ta pogʻonada jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. Jarrohlik amaliyotidan oldin va keyingi davrda VDS shkalasi boʻyicha bemorlardagi ogʻriq sindromi ifodalanganligining qiyosiy baholanishiga koʻra (1- diagramma), 37 nafar bemorda (50%) ogʻriq sindromi toʻliq regressini qayd etish mumkin, shuningdek, boshqa bemorlar (37 nafar bemor – 50%)da VDS shkalasiga muvofiq ogʻriq sindromining sezilarli kamayishi kuzatildi.
1- diagramma.
Shunga muvofiq, yuqorida keltirilgan koʻrsatkichlarni inobatga olgan holda jarrohlik amaliyoti bajarilishi samaradorligi hisob-kitobi amalga oshirildi
2- diagramma
Diagrammaga muvofiq, qayd etish mumkinki, biz tomonimizdan umurtqa pogʻonalari tanalarining osteoporotik sinishiga ega bemorlarda PVP jarrohlik davolash oʻtkazilganidan keyin qoniqarsiz natija olinmaydi, bu esa ushbu davolash uslubining yuqori samaradorligidan dalolat beradi.
Xulosa oʻrnida qayd etishni istardikki, umurtqa pogʻonalari tanalarining osteoporotik sinishini “perkutan vertebroplastika” usulida davolash yuqori samarali davolash uslubi boʻlib, 100% holatda davolangan bemorlar hayoti sifatini yaxshilaydi.
Alimov Ijod – tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi xodimi