Bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiyotning raqamli transformatsiyasini faol joriy etmoqda. 2020 yil – “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyot yili”da Davlat dasturiga kirgan keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda. Raqamli iqtisodiyot rivojlanishi taraqqiy etgan telekommunikatsiya infratuzilmasi mavjudligini, ishonchli va tezkor Internet bilan ta’minlashni taqozo etishini tushungan holda, biz “O‘zbektelekom” AK bosh direktorning tijorat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zufarov Alisher Abdujaparovich bilan suhbatlashdik.
Suhbat davomida dolzarb masalalar – O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotini rivojlantirish uchun telekommunikatsiya roli va ahamiyati, 2020 yilda erishilgan natijalar va COVID-19 pandemiyasining mamlakat milliy telekom-operatori faoliyatiga ta’sirini muhokama qilishga intildik.
– Bugungi kunda “O‘zbektelekom” AK tomonidan telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish uchun nimalar qilinmoqda, qanday xizmat turlari ko’rsatilmoqda va qanday loyihalar amalga oshirilmoqda?
– “O‘zbektelekom” AK davlat tuzilmalari va idoralari, shuningdek tadbirkorlar uchun telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi eng yirik kompaniya sanaladi. Shuningdek, kompaniyamiz “operatorlar va provayderlar uchun operator” sanaladi.
Mamlakatda telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun, “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyot yili” davlat dasturi doirasida 2020 yilda 800 mingta keng polosali Internet-portlarni tashkil qilish va 12 ming kilometr tolali-optik aloqa liniyalarini yotqizish rejalashtirilgandi.
Yil boshidan buyon biz tomonimizdan 490 mingta Internetga keng polosali ulanish portlari o‘rnatildi, natijada yil oxirigacha ular soni 2 million portga yetkaziladi. Tolali-optik aloqa bilan qamrab olishni kengaytirish loyihasi doirasida mamlakatning barcha mintaqalarida 29,2 ming kilometr tolali-optik liniyalar yotqizildi. Bugungi kunda optik aloqa liniyalarining umumiy uzunligi 63,7 ming kilometrdan oshadi.
Keyingi ikki yilda O‘zbekiston telekommunikatsiyalar tarmoqlarini rivojlantirishda sifat bo‘yicha keskin o‘sish ro‘y berganligini qayd etib o‘taman.
Mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash natijasida magistral telekommunikatsiyalar o‘tkazish qobiliyati viloyatlarda ikki barobarga, tumanlarda – to‘rt barobarga oshirildi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda bugungi kunda 22 million nafardan ziyod mobil aloqa abonentlari va 20 milliondan ortiq Internet-foydalanuvchilar mavjud. Hozirda respublikada mobil aloqa bilan qamrab olish 97 foizni tashkil qiladi, jumladan, 78 foiz abonent keng polosali mobil Internet xizmatlaridan foydalanadi.
Milliy operator sifatida bizning birlamchi vazifamiz – ijtimoiy tarmoqlar ob’ektlari: sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalarini tezkor Internetga ulashni ta’minlash. Chunonchi, hozirga qadar barcha ijtimoiy ob’ektlar (13 077 ta) 63,2 foizi, jumladan 6 435 ta umumta’lim maktabi, 4 078 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, shuningdek 2 564 ta sog‘liqni saqlash ob’ektiga yuqori tezlikdagi Internetni taqdim etish uchun tolali-optik kabellar tortib borildi.
Joriy yilda tezkor Internetga barcha umumta’lim maktablarining 80 foizini, maktabgacha ta’lim muassasalari va sog‘liqni saqlash ob’ektlarining 100 foizini ulash mo‘ljallangan. 2021 yilga borib barcha ijtimoiy soha ob’ektlari tezkor Internet bilan ta’minlanadi, jumladan hatto eng chekka aholi punktlarida ham zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratiladi.
– Aloqa va Internet rivojlanishiga yo’naltiriladigan yillik xarajatlar qanchani tashkil etadi?
– Biz butun telekommunikatsiyalar spektri bo‘yicha ko‘plab alohida loyihalarni amalga oshiramiz. Maxsus hukumat qarori bilan, xorijiy kreditlar hisobiga moliyalanadigan loyihalar bor, o‘z mablag‘larimiz evaziga amalga oshiriladigan loyihalar bor. 2020-2021 yillarda bizning investitsiyalarimiz miqdori taqriban yarim milliard dollarni tashkil qiladi. Investitsiyalarimizning salmoqli hissasi butun mamlakatdagi telekommunikatsiya tuzilmasini rivojlantirishga sarflanishini, faqat bizning kompaniyamiz ehtiyojlarini qondirishgagina yo‘naltirilmasligini tushunish kerak. Yirik loyihalarimiz uzoq yillik istiqbolda O‘zbekistonning butun raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishga xizmat qiladi.
– Mamlakatning chekka nuqtalariga aloqa va Internetni o’tkazish imkoniyatlari qanchalik amalga oshmoqda? Internet bilan “gilamli qamrov” (keng qamrab olish) imkoniyati ko’rib chiqilmoqdami?
– Kompaniyamiz butun O‘zbekiston bo‘ylab o‘z faoliyatini jaddal ravishda olib bormoqda, barcha viloyatlarda Kompaniyamiz filiallari, telekommunikatsiya bog‘lamalari, sotuv va xizmat ko‘rsatish ofislari mavjud. Butun O‘zbekiston bo‘ylab, eng chekka qishloqlar va aholi punktlarida biz ham simli, ham mobil aloqani rivojlantirmoqdamiz. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 fevraldagi PQ-4201-sonli “2019 yilda “Obod qishloq” dasturini amalga oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorining ijrosi yo‘lida “O‘zbektelekom” AK O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tasdiqlagan “Obod qishloq” dasturiga kirgan aholi punktlari telekommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha Harakatlar rejasini bajarishda faol qatnashmoqda. Demak, biz muntazam rivojlanmoqdamiz va butun mamlakat bo‘ylab tarmog‘imizni kengaytirmoqdamiz.
“Gilamli qamrov”ga (keng qamrab olish) kelsak, Siz, aftidan, Wi-Fi-texnologiyalarni va qamrov nuqtalarini rivojlantirishni nazarda tutgansiz.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra (www.mitc.uz), servis, turizm, savdo va umumiy ovqatlanish ob’ektlarining samaradorligini oshirish maqsadida, tadbirkorlik sub’ektlari, telekommunikatsion operatorlar va provayderlar tomonidan jamoat joylarida, ziyoratgohlarda, temir yo‘l vokzallarida, aeroportlar, turistik ob’ektlar, shuningdek Toshkent metropolitenining barcha ob’ektlarida Internetga ulanish uchun 685 mingta Wi-Fi nuqtalari o‘rnatilgan.
“O‘zbektelekom” AK bu loyihalarda o‘zi faol qatnashadi, shuningdek boshqa operatorlar va provayderlar uchun sharoitlar yaratadi.
Shuni ham qo‘shimcha qilishni istardimki, bugungi kunda uy Internetini abonentlarimiz “Wi-Fi—internet” deb atay boshladilar, chunki har bir xonadon, ofis yoki, deylik, kafedagi o‘z jihozlarini Wi-Fi-ulanish nuqtasi sifatida ishlatadilar. Shunday ekan, bizning “gilamli qamrov”imiz (keng qamrab olish) bugungi kunda yuz minglab xonadonlar, uylar va butun mamlakat bo‘ylab millionlab abonentlar yashaydigan boshqa joylarni qamraydi.
– Karantin va ta’lim hamda ish faoliyatining onlayn-rejimga o’tishi munosabati bilan tarmoqqa yuklama qanchalik ortdi?
– O‘zini o‘zi izolyasiyalash rejimi davlat idoralari, biznes faoliyati va fuqarolar hayotiga yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi. Ko‘plab kompaniyalar va tashkilotlar bugun o‘z xodimlarining aksariyat qismini masofadan ishlashga o‘tkazdilar. Bunga qo‘shimcha o‘laroq, aholi uyda o‘tirishiga, IPTV yoki Internet-servislar orqali film va seriallar ko‘rishiga to‘g‘ri keldi. Shu munosabat bilan, Internet-kanallarga yuklama sezilarli darajada ortdi va trafik ham yaxshigina o‘sdi. Ko‘plab abonentlar yanada tezroq bo‘lgan va limitsiz tariflarga o‘tdilar. Uy Interneti bugunga kelib nafaqat dam olish va oilaviy ko‘ngil ochishi uchun, balki ish, o‘qish uchun ham hayotiy zaruratga aylandi. Karantin choralarining kuchayishi va harakatlanishga cheklovlar tufayli, karantin davrida Call-markazimizga qo‘ng‘iroqlarga xizmat ko‘rsatish sifatini ushlab turish uchun, Call-markazimiz xodimlari va operatorlari uchun kundalik avtotransport tashkil qildik.
Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, telekommunikatsiya tarmoqlariga pandemiya davrida yuklama 5 marotabagacha ortdi. Bu yuklamani biz munosib qarshi olganligimizni qayd etib o‘tishni istardim. Aloqada biror-bir salmoqli uzilishlar bo‘lmadi!
– Pandemiya munosabati bilan maktablar, o’qituvchilar, shifokorlar, talabalar, bolalar va kam ta’minlangan oilalar uchun aloqa va Internet to’lovlarida alohida tariflar mavjudmi?
– Joriy yil mart oyidan to 31 mayga qadar “O‘zbektelekom” AK tomonidan elektron ma’rifiy va eng ko‘p o‘qiladigan mahalliy yangilik resurslariga va koronavirus infeksiyasi mavzuidagi rasmiy veb-sayt (coronavirus.uz)ga bepul ulanish taqdim etildi.
Xolis va ishonchli axborot taqdim etish va fuqarolarning tibbiy masalalariga oid savollariga tezkor munosabat bildirish uchun 16 martdan Toshkentda Sog‘liqni saqlash vazirligining Call-markazi 1003 qisqa raqami bilan ish boshladi, biz fuqarolar uchun butun respublikadan ko‘rsatilgan raqamga bepul qo‘ng‘iroq qilish imkonini taqdim etdik.
Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim muassasalari talabalari va o‘qituvchilari uchun GSM standarti abonentlariga maxsus “TA’LIM” tarif rejasi joriy etildi. Bu tarif rejasining farqlanuvchi jihati uning hamyonbopligi va kiritilgan limit: daqiqalar, SMS va Internet-trafik hajmining kattaligi bo‘ldi. Ushbu TRda abonentlar ZiyoNET xizmatlaridan abonent to‘lovi 50 foizga tushirilgan holda foydalanishlari, shuningdek, masofadan o‘qitishga oid 100 dan ortiq ma’rifiy-axborot platformalariga, O‘zbekiston Respublikasi OTMlari, vazirliklari, idoralari, ilmiy-uslubiy markazlari veb-saytlariga mutlaqo bepul, Internet trafigini sarflamay kirishlari mumkin.
Biz masofaviy ta’limni o‘tkazish uchun Bosh prokuratura akademiyasi uchun xam videokonferensaloqa tizimini tashkil qildik. Shuningdek, xalq ta’limi tizimida AKTni rivojlantirish doirasida, “Kundalik” MChJ bilan shartnoma tuzildi. “Elekton kundalik” loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi AKT markazining faol ishtirokida amalga oshirildi.
Xalq ta’limi tizimida AKTni rivojlantirishni yanada rag‘batlantirish, onlayn-rejimda masofadan ta’limni tashkil etish uchun qulay sharoitlarni ta’minlash maqsadida, Kompaniya tomonidan amaldagi telekommunikatsiya xizmatlari tarif rejalariga o‘zgartirishlar kiritildi, qator yangi imtiyozli va maxsus tarif rejalari ishlab chiqildi hamda tasdiqlandi:
umumta’lim maktablari uchun ZiyoNET ma’rifiy tarmog‘iga 1000 Mbit/s gacha tezlikda ulanishni taqdim etish xizmatlariga tariflar yangilandi.
o‘rta maktablar o‘quvchilari uchun Internet tarmog‘iga ulanish va mobil aloqa xizmatlari taqdim etilishi uchun “MAKTAB” imtiyozli tarif rejalari tasdiqlandi.
Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi qoshidagi oliy ta’lim muassasalari uchun telekommunikatsiya simli tarmoqlari orqali 150 dan 1000 Mbit/s gacha tezlikda Internet tarmog‘iga ulanish uchun maxsus imtiyozli tarif rejalari tasdiqlandi.
oliy va o‘rta-maxsus ta’lim muassasalari talabalarini telekommunikatsiya simli tarmoqlari orqali Internet xizmatlariga ulash maqsadlarida “TALABA” tarif rejasi joriy qilindi.
ta’lim muassasalari uchun ulanish tezligi 100 Mbit/s.gacha bo‘lgan “EDUCATION” maxsus tarif rejalari seriyasi joriy etildi.
Alohida aytib o‘tish kerakki, Sirdaryo viloyatida to‘g‘on yorilishi va suv toshishi tufayli yuzaga kelgan noxush sharoit sababli, aholini qo‘llab-quvvatlash uchun, joriy yil 9 maydan 16 mayga qadar “O‘zbektelekom” AK abonentlari uchun bepul O‘zbekiston bo‘ylab 1000 daqiqa suhbatlashish va 1000 MB Internet-trafikli xizmatlarni o‘z ichiga olgan maxsus paketini joriy etdi.
– “O‘zbektelekom”ning texnik imkoniyatlari ma’rifiy platformalarni qo’llab-quvvatlash va “kundalik” onlayn-tizimini yuritish uchun muvofiq keladimi?
– Shubhasiz. Karantin davrida biz ushbu loyiha so‘roviga ko‘ra, data-markazimizdagi ular ijaraga olgan texnik resurslarni 10 barobarga oshirdik. Zarur bo‘lsa, tizim operatorining so‘roviga ko‘ra yana oshirishimiz mumkin.
– Internet tezligini oshirish bo’yicha O‘zbekiston Prezidentining topshiriqlari qanday bajarilmoqda?
– 2018 yil 9 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish
va axborot xavfsizligini ta’minlash borasidagi chora-tadbirlar samaradorligini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev mas’ul shaxslarga Internetga ulanish narxlarini pasaytirish, ulanish tezligini keskin, kamida 4 barobarga oshirish
va 2020 yilga borib MDH mamlakatlari darajasiga olib chiqishni topshirdi.Prezident topshirig‘i to‘liq bajarilmoqda. 2018 yil dekabr oyidayoq biz qator loyihalarni amalga oshirdik va Internet xalqaro tarmog‘iga tashqi kanallarning umumiy o‘tkazish qobiliyati 10 baravarga ortib, 1200 Gbit/s ga yetdi. 2020 yilda kommutatsiya markazlari orqali ishga tushirilgan tezlik 750 Gbit/s ga yetgan. Tashqi kanal o‘tkazish qobiliyatini kengaytirish jarayoni davom etmoqda.
Biz Internet tariflari narxini 5 barobardan ko‘proqqa pasaytirdik, xizmatlar taqdim etish tezligi, ayniqsa optikada, 10 barobarga o‘sdi. Speedtest.net servisi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yil iyul oyida mahalliy Internet bo‘yicha mamlakatimiz o‘rtacha 30 Mbit/s.dan katta tezlikka erishdi, 2018 yil iyulida bu ko‘rsatkich 6 Mbit/s.dan oshmasdi. Tolali-optik aloqa liniyalariga va 4G texnologiyasiga o‘tish ulanishning ishonchliligi va tezligini yanada oshirish imkonini beradi.
Shular bilan bir vaqtda, telekommunikatsiya xizmatlari uchun tariflar ham muntazam pasaymoqda. 2019 yil davomida provayderlar va operatorlar uchun tashqi kanallarga ulanish tarif narxlari 1 Mbit/s uchun 85 ming so‘mdan 70 ming so‘mgacha tushdi.
2020 yil 1 yanvardan boshlab, operatorlar va provayderlar uchun tashqi Internet-kanal tarifi, 2019 yilga nisbatan, yana 20 foizga pasaytirilgan va hozirda uning narxi 1 Mbit/s uchun 56 ming so‘mni tashkil qiladi.