Keyingi yillarda sessiyalar, konferensiyalaru panel munozaralarda eng ko‘p tilga olinadigan mavzu VUCA–olamning nimaligi va biz bu olamda qandayligimizmuhokamasi bo‘ldi. Bir qarashda, kechagina konferensiyalarda VUCA–olam voqyeligida yashash qanday bo‘lishi haqidagi ma’ruzalarni tinglardik.
Mana endi, bir haftaga qolmay, tayyorgarlik ko‘rishu o‘ylab olishga vaqt qoldirmay, uning o‘zi boshimizga tushib turibdi.
Biz «VUCA–olam» degan dono so‘z bilan ataluvchi yoki volatil, murakkab, noaniq, o‘zgaruvchan dunyo deya izohlanuvchi vaziyatga duch keldik. Mashhur biznes-trener Mark Kukushkin rus tiliga «opanki-mir» deb o‘girgan va shunday atagan, biz esa o‘zbek tiliga «ana xolos-olam» deya tarjima qilganimiz – bu navbatdagi kutilmagan voqyeani boshdan o‘tkazishdir.
Jamoalar yoppasiga va zudlik bilan masofadan ishlashga o‘tkazildi, rahbariyat va hr-mutaxassislar jarayonlarni qo‘llab-quvvatlashni, ham o‘z odamlari, ham biznes-ko‘rsatkichlar (ularni hyech kim bekor qilgani yo‘q) haqida qayg‘urish va ularni boshqarishni o‘zi zimmalariga olishlariga to‘g‘ri keldi.
Ko‘pchilik yangi voqyelikka tayyorgarliksiz sho‘ng‘idi. VUCA–olam bor bo‘yini ko‘rsatdi. Hammamiz tushundik: bu – qat’iy mo‘ljallarsiz olam ekan. Istalgan payt istalgan o‘zgarishlarga tayyor turish uchun moslashuvchan bo‘lishni o‘rganish kerak ekan. Aksariyat bizneslar uchun barchasi tubdan o‘zgardi, boz ustiga, bu o‘zgarishlar ham turlicha bo‘ldi.
Atrofimdagilar va mijozlarimdan ko‘rayapmanki, ayrim rahbarlar, allaqachon «chiniqqan» va 90- yillardan buyon barcha inqirozlarni yengib o‘tganlarning maslahatlariga murojaat qilib, hali ham «Nima qilsak ekan?» savoliga javob ko‘rinishida «sehrli obihayot»ni izlamoqdalar. Men ham bu inqirozlardan o‘tganman va aniq bilamanki, maslahatlarga shunchaki quloq solishning o‘zi bilan ish bitmaydi.
Hozir o‘zingizda va o‘z jamoangizda resurslar topish muhim.
VUCA–olam tushunchasi 1987 yilda sovuq urushdan keyingi mamlakatlar holatini tavsiflash uchun paydo bo‘ldi. Ilk bor bu abbreviaturalarni AQSh armiyasi Harbiy kolleji (United States Army War College), Uorren Bennis (Warren Bennis) va Berton Nanus (Burton B. «Burt» Nanus) ning yetakchilik nazariyalariga tayanib qo‘lladi. VUCA — bu ingliz so‘zlarining akronimi: volatility (beqarorlik), uncertainty (noaniqlik), complexity (murakkablik) va ambiguity (mavhumlik). Bu to‘rtala omil inson hayotida katta rol o‘ynaydi. Ha, aynan «o‘ynaydi» – u kutilmagan burilishlar, muhitning yoki voqyealar ketma-ketligining keskin o‘zgarishi kabilarda namoyon bo‘ladi. Hayotimizda jadal ro‘y beradigan o‘zgarishlar insonning o‘ziga katta talablar qo‘yadi: ko‘proq moslashuvchanlik, nimadir yangi, notanish narsaga moslashish malakasining yaxshiroq rivojlangan bo‘lishi, intuitsiyaga dadilroq tayana olish…
VUCA–olam haqida so‘zlaganda, odatda texnologiyalar rivojlanishi, mehnat bozoridagi o‘zgarishlar va bu vaqtda yetakchi qanday bo‘lishi kerakligi nazarda tutiladi.
Ammo hozirda kuzatayotganimiz – bu VUCAning yaqqol namoyon bo‘lishidir. Biz barchamiz ushbu «ommaviy mavhumlik» jarayoniga aralashib qoldik, biz o‘zimiz VUCA–olam ishtirokchisiga aylandik. Mana shu sababli, bugungi kun oldida turgan bosh masala – bu mutlaqo mavhumlik sharoitida mas’uliyat bilan harakatlanish yo‘lini topishdir.
Dunyo o‘zgaradi va biz u bilan birga o‘zgaramiz. Biz avtomobillar haydovchisiz yuradigan, dronlar kurerlar o‘rnini bosadigan, quyosh va muqobil energetika an’anaviysini siqib chiqaradigan, robotlar odamlar ishini qilayotgan olamning shohidi bo‘lyapmiz (masalan, RF Sberbankida yurist-robot 3000 nafar yurist o‘rnini bosmoqda), sun’iy intellekt hayotimizga qanday kirib kelayotganligini kuzatmoqdamiz. Ta’lim muqarrar ravishda independent learners – nimani, qanday va nima uchun o‘rganayotganligini to‘liq mas’uliyat bilan his qiluvchilar tomonga harakatlanmoqda. Olam «raqam»lashib, ta’lim va bilimlardan tortib, bundan foyda olishgacha bo‘lgan ulkan imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Yangicha qadriyatlar va shuurlar paydo bo‘lmoqda: izolyasiyaning mohiyati o‘zingni emas, boshqalarni ham asrashdan iborat ekanligi bunga misol. Hozirning o‘zida pandemiya iste’mol odatlarini o‘zgartiryapti – o‘zini ihotalashda bo‘lgan odamlar bir dunyo keraksiz narsalarni xarid qilishni bas qiladilar. Ko‘plab tadbirkorlar «uyda qol»salar ham, qo‘l qovushtirib o‘tirganlari yo‘q: shakllangan biznes-modellarni o‘zgartiryaptilar, yangi yo‘nalishlar ochyaptilar, yangi mijozlar topib, ular bilan o‘zaro aloqa uchun yangi kanallarni yo‘lga qo‘yyaptilar va o‘z takliflarini yetkazish yo‘lini kashf etayaptilar.
Bugun dunyo bizdan ko‘proq moslashuvchanlikni talab qilmoqda: tezlik yuqori, iqtisodiy vaziyatni oldindan bilib bo‘lmaydi, biznes esa rivojlanishda davom etishi kerak. Biz iqtisodiy va ijtimoiy aloqalar o‘zgacha tus olayotgan, parchalanayotgan; odatiy hissiyotlar va fitratimizdagi odatlarimiz o‘zgarayotgan davrning shohidi bo‘lmoqdamiz va ishtirokchisiga aylanmoqdamiz. Odatiy xatti-harakatlar o‘rniga yangicha his-tuyg‘ular, odatlar kelyapti, ular yangi fikrni shakllantiradi, ular esa, o‘z navbatida yangicha, o‘zgacha xatti-harakatlarni yaratadi. Binobarin, shunday savol tug‘iladi: «Bularning bariga bu kun – imkoniyatlar kuni, degan nuqtai nazardan qarasangiz, qanday bo‘larkin?» Bu ko‘nikmalarning yarmi odamlar bilan muomala qilish, ular bilan kelisha olish, ularni boshqarish, ularni tushunish va ularga xizmat qilish mahoratiga bog‘liq. Ikkinchi yarmi miya qobiliyatlariga asoslanadi. Odamlarni va ularning ehtiyojlarini o‘rganing va miyangizni murakkab kognitiv vazifalarni hal etishga tayyorlang.
VUCA–olam davrida muvaffaqiyat uchun «soft skills», «hard skills»ga qaraganda, ko‘proq ahamiyatga ega.
«Qora oqqush» va «Ziddimo‘rtlik» bestsellerlarining muallifi Nasim Tolib (Nassim Nicholas Taleb) tirik tizimlarlarda ajoyib xususiyat – iztiroblardan keyin yanada kuchliroq va chidamliroq bo‘lish qobiliyati borligiga e’tibor qaratdi. Ziddimo‘rtlik ro‘y berayotgan hodisalarni diqqat bilan kuzatish, tezkor qayta aloqa va atrof-olam bilan «moslashuvchan» o‘zaro munosabat hisobiga erishiladi. Nasim Tolibga ko‘ra, bozorlar, global siyosat va insonlar hayoti uchun sezilarli oqibatga ega deyarli barcha voqyealar mutlaqo kutilmaganda ro‘y beradi – ularni oldindan bilib bo‘lmaydi. Dunyo pandemiyadan oldin ham o‘ta «mo‘rt» edi. U yana ham mo‘rtlashadimi yo aksinchami – bu biz qanday yo‘l tutishimizga bog‘liq.
Pandemiya sharoitida insonlar, pandemiyani qanday qabul qilganliklari va qaerda ekanliklariga ko‘ra, shartli ravishda to‘rt hududga bo‘lindi. O‘zingiz qaysi hududda ekaningizni o‘rganib chiqishni taklif etaman, yaqinlaringiz, do‘stlar, tanish-bilishlar o‘zlarini qanday tutayotganliklarini kuzating.
- QO‘RQUV HUDUDI
Mart oyida makaron, guruch va hojatxona qog‘ozi uchun qanday yugurganingizni bir eslab ko‘ring? Televizor va yangiliklarni qo‘rquv bilan ko‘ramiz va o‘qiymiz. Prezident va hokimiyat kelib bizni qutqarib qolishini kutamiz. Koronavirus to‘g‘risidagi «chiplar o‘rnatishadi»dan tortib, «harbiy holat e’lon qilibdilar»gacha har qanday tekshirilmagan mish-mishlarni tarqatamiz. Har kuni oilamizni boqa olmaslikdan cho‘chib, pulimizni qayta-qayta sanaymiz.
Xitoyliklardan, davlatdan, dunyodan tinimsiz noliymiz.
O‘zimizni qurbon deb bilamiz.
Zahrimizni yaqinlarimizga sochamiz.
- TA’LIM HUDUDI
Nazoratni bo‘shashtiramiz. yegulikdan tortib yangiliklargacha, oldi-ketini qaramay iste’mol qilishdan to‘xtaymiz. Vaziyatni anglab yetamiz va kelgusi haraktalarimiz rejasini o‘ylay boshlaymiz.
Axborotni tarqatishdan oldin uni aql tarozisiga solib ko‘ramiz.
- O‘SISH HUDUDI
Atrofdagilar haqida, ularga qanday yordam berish haqida qayg‘uramiz. Hozirda yashab, kelajakka nazar tashlaymiz. O‘z qobiliyatlarimiz va ko‘nikmalarimizni ularga muhtojlar bilan o‘rtoqlashishga tayyormiz. O‘zgarishlarga moslashish yo‘llarini izlaymiz. O‘zimizni ko‘tarinki his-tuyg‘ularda ushlab turamiz va dadillik taratamiz.
- QUVONCH HUDUDI
O‘zimizda boriga quvonamiz.
Mavjud vaziyatdan ijobiy jihatlar topamiz va ularga e’tiborni jamlaymiz. Yangi imkoniyatlar izlaymiz va ularni qo‘llaymiz.Bir o‘rganib ko‘ring, siz qaysi hududdasiz? O‘zingizni o‘rganing. Refleks davriga qadam tashlaysiz, o‘zingizga, o‘z ongingizga e’tibor bering va ko‘p narsalar ustidan qayta mulohaza yuritib ko‘ring. Har kim o‘z mustaqil fikrini topishiga aminman.
O‘zingizga chetdan nazar soling.
Kuchli va zaif jihatlaringizni qog‘ozga tushiring. «Men kimman?», «Men qandayman?», «Men boshqalarga qanday ko‘rinaman?». Bu savollarga javoblarni yozib qo‘ying.
Nima qilish sizga yoqishini, nimani o‘rganmoqchi ekaningizni, nima qila olishingizni va nima uchun pul to‘lashlarini ham yozing.
Qanday bo‘lishni istashingizni yozing. O‘z hayotingizning maksimal darajada batafsil rejasini va bu hayotda siz kim ekaningizni tuzib chiqing. Hozir qanday ekaningizdan va qanday bo‘lishni rejalashtirganingizdan kelib chiqib, o‘z shaxsiy rivojlanish strategiyangizni shakllantiring.
Kelgusida qaerda bo‘lishingiz haqida bir qarorga keling! Savodli, qiziquvchan va intiluvchan bo‘ling. Doimiy talaba bo‘ling, butun umr o‘qing va o‘zingiz hamda yaqinlaringizni asrang!
Yuliy Klebleyev