XXI asr, boshlanishga ulgurmayin, hayotimizni tubdan o‘zgartirib yubordi. Elektron gajetlar hayotimizni osonlashtiribgina qolmay, kundalik turmushimizni ko‘p jihatdan tartibga solmoqda, internet-makon esa, yagona bo‘lmasa ham, axborot almashinuvining asosiy maydoniga aylandi. Insoniyat bunday o‘zgarishlarga tayyormi, yo‘qmi – buni aniqlash qiyin va, ochig‘i, befoyda ish – axir kashfiyotlar va ixtirolar biz ularni qabul qila olish-olmasligimizga qarab o‘tirmaydi. Bundan tashqari, texnologik va innovatsion taraqqiyot tashabbusi allaqachon yosh avlod qo‘liga o‘tib ketdi, bu esa, texnologiyalar rivojlanishining sur’atini yanada oshiradi. Darvoqye, hayotimizda imi-jimida inqilob yasay olganlarning aksariyati o‘sha paytda 20 yoshga ham to‘lmagan bo‘lgan. Ushbu maqolada aynan mana shunday vunderkindlar haqida so‘z yuritamiz.
Mark Sukerberg: qora shahzodami yoki vunderkind?
Janob Sukerbergning omadi chopgan: kashfiyotini bir necha oy keyinroqqa surganida, sharhimizga kirmay qolgan bo‘lardi. Ammo, solnomalarda aytilishicha, Mark 20- tavallud ayyomiga bir qancha oy qolganda, bu boradagi hozirgi tasavvurlarimiz shakllanishiga asos bo‘lgan ijtimoiy tarmoqni yaratdi. Gap, tabiiyki, Facebook haqida bormoqda. Harvard universitetining ikkinchi kursida o‘qiyotganidayoq, vunderkind degan nomga sazovor Sukerberg talabalar uchun turfa onlayn-resurslar yaratish bilan vaqtini chog‘ qilardi. FaceMash nomli dastur yaratgach, u saboqdoshlariga resursda joylashgan fotosuratlardan eng go‘zal insonni tanlash imkonini berishga qaror qildi[1]. Natijada biroz janjal ham ko‘tarildi, chunki platforma Harvardning turfa yotoqxonalarida turli davrlarda yashayotgan yoki yashagan talabalarning shaxsiy ma’lumotlaridan foydalanardi. Bu qog‘oz bazalarni face books deb atash urf bo‘lgandi. Ushbu bazalardan ko‘zlangan maqsad yangi talabalarga bir-birlarini va o‘zlaridan oldin o‘qib ketganlarni yaxshiroq tanishda yordam berish edi. Ish boshlaganidan keyin dastlabki 4 soatda FaceMash universitetning tarmoq kommutatorlarini ishdan chiqaray dedi – qisqa vaqt ichida 450 nafar foydalanuvchi unga qo‘shildi, fotosuralarni ko‘rishning umumiy miqdori 22 000 dan ortdi. Oqibatda platforma yopildi, Sukerberg esa, Harvardning barcha hozirgi va sobiq talabalarini birlashtirish maqsadida, face booksning elektron talqinini yaratishga kirishdi. 2004 yil 4 fevralda Sukerberg “TheFacebook” nomli resursni ishga tushirdi, u dastlab thefacebook.com manzilida joylashgan edi. Birinchi sutkada plaftormada 1500 dan ziyod kishi ro‘yxatdan o‘tdi, mart oyida saytda Stenford, Kolumbiya va Yel universitetlari talabalari ro‘yxatdan o‘ta boshladi. 2004 yil oxiriga borib, yangi ijtimoiy tarmoqdan Pechak Ligasiga kiruvchi barcha universitetlar va AQShdagi aksariyat o‘quv muassasalarining talabalari foydalanardi. Hozirda Sukerberg 36 yoshda, u Forbes talqini bo‘yicha sayyoramizning 20 nafar eng kuchli ta’sirga ega odami ro‘yxatidagi 40 yoshga to‘lmagan yagona vakil sanaladi. U, shuningdek, ham Facebook, ham boshqa loyihalariga oid ko‘plab sud mojarolari bilan mashhurdir[2].
Keyana Kave:
Bu qiz tarixi 2010 yil 20 apreldan – Meksika ko‘rfazida neft sanoati tarixida eng keng ko‘lamli neftning dengizga oqib chiqishi tufayli ekologik halokat ro‘y berganidan boshlanadi. O‘shanda 4,9 mln barrel neft oqib ketgandi. Tez orada yangiliklar tasmasi dengiz jonzotlari yoppasiga halok bo‘layotgani, ularda turli mutatsiyalar uchrayotgani haqidagi xabarlarga to‘ldi. Bundan xabar topgan Yangi Orleanlik 12 yoshli qiz bu halokat atrof-muhit uchun yashirin oqibatlarga egami-yo‘qligi to‘g‘risida o‘ylab qoldi[3]. 15 yoshga chiqib, bu mavzu bilan jiddiy qiziqa boshlagan Kave okean yuzasida suzib yurgan neft bilan Quyoshning ultrabinafsha nurlarining o‘zaro ta’siri kuchli kanserogen moddalar yuzaga kelishiga hissa qo‘shishini isbotlay oldi. Tadqiqotlar natijalari “Yuqori samarali suyuqlik xromatografiyasi, DNPHi derivatizatsiyasi va quyoshli modellashtirish yordamida fotomahsulotlar, mexanizmlar va neft zaharliligini aniqlash uslubi” nomli maqolada yoritildi[4]. 2016 yilda Chevron kompaniyasi Kavening kelgusi tadqiqotlari uchun 1,2 mln dollar ajratdi. Shuningdek, qizaloq global muammolarni o‘rganish sohasiga ixtisoslashgan Mare startap-kompaniyasini ta’sis etishga va muvaffaqiyatli sotishga ulgurdi. Kompaniyani sotish unga 2018 yilda Entrepreneur jurnali talqiniga ko‘ra 20 yoshga to‘lmagan millionerlar ro‘yxatidan joy hozirladi[5]. Hozirda Kave uslubi AQSh Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi tomonidan qo‘llaniladi, 2016 yilda esa, uslub Panamaning Gamboa shahridagi Tuleyn universiteti loyihasida sinovdan o‘tkazildi[6]. Kave tadqiqotlarni Smitson tropik tadqiqotlar instituti bilan birgalikda o‘tkazdi.
https://www.bbc.com/future/article/20180316-four-teenage-inventors-changing-the-world
Nik D’Aloizio: lo‘ndalik – qobiliyatdan nishona!
Har qanday smartfon foydalanuvchisi, bir yangilik resursidan boshqasiga o‘tmay, u yoki bu yangilik haqidagi bir olam tafsilotlarga vaqt sarflamay, dunyoda ro‘y berayotgan voqyealar haqida imkon qadar ko‘proq axborot olishni istaydi. Millionlab foydalanuvchilarga Buyuk britaniyalik Nik D’Aloizio ismli yigit mana shunday imkoniyatni taqdim etdi. 2011 yilda u Trimit nomli ilovani ishga tushirdi, ilova keyinchalik Summly deb nom oldi[7]. Boshida ilova bloglardagi maqolalar, yangiliklar sharhlari kabi turli matnlarni 140 dan 1000 belgigacha bo‘lgan paragraflarga ixchamlashtirish uchun alogritmdan foydalanardi[8]. Ilova tez shuhrat qozondi va investorlar e’tiborini jalb qildi, ular qatorida biznes-magnat Li Ka-Shanga ham bor bo‘lib, u yosh dahoga 300 000 AQSh dollarilik venchur investitsiyalarini taqdim etdi. Keyin Loyihaga Yoko Ono, Eshton Katcher va Stiven Fray kabi mashhurlar ham pul tikishdi. Hozirda ilova Yahoo kompaniyasiga tegishli va Yahoo News Digest nomi bilan tanilgan[9]. Ilova mobil qurilmalar foydalanuvchilariga kunning eng muhim yangiliklari jamlanmasini dayjest shaklida taqdim etadi va kuniga ikki marta yangilanadi. Maqolalarga avtomatik va qo‘lda ishlov beriladi, shuningdek “atom” deb ataluvchi mavzuiy bloklarga birlashtiriladi, ular xaritalar, infografika, iqtibos va Vikipediya maqolalaridan ko‘chirmalarni qamrab oladi. D’Aloizioning o‘zi hozirda Yahooda ishlaydi va yangi loyihalar, jumladan bilimlar almashinuvi sohasidagi loyihalar ustida ish olib bormoqda. Shuningdek, u Sphere Knowledge startapi hammuassisi sanaladi.
Julian Rios Kantu: baxtga erishmas edi, agar…
Julian 13 yoshga to‘lganida, onasiga ko‘krak bezi saratoni (ayollar orasida onkologiyaning eng keng tarqalgan turi) tashxisi takroran qo‘yiladi. Baxtni qarangki, falokat ularni chetlab o‘tadi, onasi sog‘ayib ketadi, ammo uning boshiga tushgan sinovlar o‘smirni ushbu kasallikni tadqiq etishga undaydi. Julian va uning do‘stlarining (ular birgalikda Higia Technologies kompaniyasiga asos soladilar) uzoq va qunt bilan ishlashlari natijasida, 2017 yilda kasallikning ilk bosqichini aniqlovchi maxsus datchiklar bilan jihozlangan byustgalterning tajriba namunasi yaratiladi. Tashqi ko‘rinishidan qurilma ayollarning odatiy ich kiyimidan aslo farq qilmaydi va eng muhimi, doimo taqib yurishni talab qilmaydi. Onkologik kasallikning bilvosita simptomlarini diagnostikalash uchun uni haftada bir necha soatgina taqib yurish kifoya. Kashfiyot klinik tadqiqotlar va sinovlardan o‘tayotgan bo‘lishiga qaramay, bu uning kashfiyotchilari qadrini aslo kamaytirmaydi. Diganostika uchun datchiklar qon aylanishi, tana yuzasining muayyan nuqtalari harorati, teri qoplamasining umumiy zichligi va uning elastikligi kabi ko‘rsatkichlarni tahlil qiladi. Keyin olingan ma’lumotlar avtomatik ravishda kompaniya serveriga yuboriladi, u yerda sun’iy intellekt yordamida asosiy tahlil amalga oshiriladi. Keyin dastur onkologik kasallik xatarini hisoblab chiqadi va natijalarni foydalanuvchiga yo‘llaydi. Bu kashfiyotning yoppasiga ishlab chiqarilishi va qo‘llanilishi haqida gapirishga hali erta, lekin bir narsani ishonch bilan aytish mumkin: o‘smirning g‘oyasi va uning o‘z onasidagi kabi kasallikdan aziyat chekayotgan yuz minglab bemorlarga yordam berish istagi shubhasiz, ko‘krak saratonini diagnostikalash va davolashdagi yangi bosqich bo‘ladi.[10]
Param Jaggi: oddiy avtodan voz kechish shartmi?
50 – 100 yillardan keyin insoniyat qanday atvomobillardan foydalanadi? Ko‘pchilik uchun javob aniq – elektromobillar-da! Ammo ayrim yoshlar bunga qo‘shilmaydilar. Ular qatorida texaslik (AQSh) yosh kashfiyotchi Param Jaggi ham bor. Uning ota-onasi yoshligidan ilm-fan bilan shug‘ullanishini rag‘batlantirishgan, bu uning muqobil energiya manbalari va undan foydalanish istiqbollarini o‘rganishga qiziqishini oshirgan. Bu qiziqish o‘z samarasini bermay qolmadi. 2011 yilda, 17 yoshida Jaggi Algae Mobile – dvigatellar ajratadigan karbonat angidrid gazini kislorodga aylantiradigan qurilmani yaratdi. Bu qurilma uchun patentni Jaggi 2009 yildayoq olgandi va 2011 yilda sinov namunasi tayyor bo‘ldi. 2011 yilda u ExxonMobil Texas Science and Engineering Fair ko‘rgazmasida qatnashdi va Xalqaro ilmiy-texnik yarmarka (ISEF)ga malaka sinovidan o‘tdi. ISEFda u Algae Mobile 3 uchun AQSh Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligining Patrick Hurd Sustainability Award mukofotini qo‘lga kiritdi[11]. Konstruksiyaning asosiy elementi suv o‘tlarining tirik kloniyasi bo‘lib, aynan ular karbonat angdiridni kislorodga aylantiradi va tashlamalar umumiy hajmini 50 foizga qisqartiradi. Bugungi kunda Param Hatch Technologies kompaniyasining bosh direktori va AQSh Ilm-fan va muhandislik festivali boqsharuvi a’zosi sanaladi. Shuningdek, u 13 yoshidan bioyoqilg‘i va yuqori samarali bioreaktorlar ishlab chiqishning innovatsion uslublari ustida ish olib boradi[12].
Kennet Shinozuka: hammasi – oila uchun!
Yosh Kennet Shinozuka 4 yoshidan bobosiga Alsgeymer kasalligi qanchalik aziyat berishini kuzatadi. Bu kasallikning asosiy asoratlaridan biri ongsiz harakatlanish va ketidan keluvchi xotirani yo‘qotish sanaladi. Boshqacha qilib aytganda, bemor uyidan chiqishi, noma’lum tomonga yo‘l olishi, kimligini va eng yomoni, uyi qaerdaligini butkul unutishi mumkin. Kennet 16 yoshga to‘lganda bobosi yarim tunda uydan chiqib ketadi va keyinroq Kaliforniya avtostradalaridan birida topiladi. Bu voqyea Kennetni oddiy paypoqqa o‘rnatiladigan maxsus datchikni yaratishga undaydi – bu datchik o‘ziga nisbatan har qanday bosimni qayd etib borardi. Bemor to‘shakdan turishi bilan qurilma smartfondagi maxsus ilovaga signal jo‘natadi. Keyin u istalgan kiyimga mahkamlash mumkin bo‘lgan shunday datchiklar yaratdi va signal qamrov doirasini kengaytirdi, endi bemorni parvarishlayotgan odamlar darhol xabar topadigan bo‘ldilar. O‘smir o‘z kashfiyotini bobosida sinab ko‘rdi. Qurilma o‘zini juda yaxshi ko‘rsatdi. Keyin uni Kaliforniya shtati Irvin shahridagi qariyalar uchun ixtisoslashgan bir necha muassasalarda sinadilar. Hozirda Kennet zo‘r umidlar bilan Alsgeymer kasalligini davolash borasidagi tadqiqotlar bilan shug‘ullanmoqda[13].
Nafaqat ilm-fan, balki kundalik hayotda ham imi-jimida inqilob yasayotgan yosh iqtidorlar ro‘yxati yanada keng bo‘lishi mumkin. Ularning hayotlari, oldilariga qo‘ygan maqsadlariga erishishdagi irodalari va atrofda ro‘y berayotgan voqyealarga tiniq nigoh bilan boqishlari kelajakni va bugungi kun taraqqiyot yo‘nalishlarini shakllantiradi.
[1] https://www.thecrimson.com/article/2003/11/19/facemash-creator-survives-ad-board-the/
[2] https://www.fastcompany.com/59441/facebooks-mark-zuckerberg-hacker-dropout-ceo
[3] https://abcnews.go.com/GMA/Living/teen-created-toxin-detecting-molecule-inspire-stem/story?id=53461050
[4] https://www.academia.edu/download/38767933/Cave_Final_Manuscript_1.pdf
[5] https://www.entrepreneur.com/article/317784
[6] https://endotraits.tulane.edu/our-story/
[7] https://www.cnbc.com/id/49854407
[8] https://techcrunch.com/2011/07/15/trimit-summarizes-emails-blog-posts-and-more-with-a-shake-of-your-iphone/
[9] https://web.archive.org/web/20151030052705/http://yahoolabs.tumblr.com/post/90356211451/science-powering-product-yahoo-news-digest
[10] https://yourstory.com/2017/05/breast-cancer
https://www.bbc.com/news/world-latin-america-39802629
[11] https://www.popsci.com/science/article/2011-08/high-school-inventors-2011/?page=0%2C0
[12] https://yourstory.com/2013/10/19-year-old-eco-innovator-param-jaggis-vision-save-world-company-ecoviate
[13] https://www.webmd.com/healthheroes/video/2015-prodigy-kenneth-shinozuka