Energetika tarmog‘ini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, respublikaning elektr energiyasiga bo‘lgan umumiy ehtiyoj 2030 yilga borib, 120,8 mlrd kVts.ga yetadi yoki 2019 yildagiga (65,0 mlrd. kVts) nisbatan olganda, 1,86 barobar (+55,8 mlrd kVts)ga, ya’ni yiliga 5,8%dan ortadi.

2024 yilga qadar umumiy o‘rnatilgan quvvati 6010 MVt bo‘lgan 9 ta BGQ (bug‘-gaz qurilma), umumiy quvvati 844 MVt bo‘lgan 5 ta GTQ (gaz-turbinali qurilma), umumiy quvvati 4000 MVt bo‘lgan TEM (tiklanuvchan energiya manbalari) (jumladan, KES (quyosh elektr stansiyasi) – 2400 MVt va ShES (shamol elektr stansiyasi) – 1600 MVt) va umumiy quvvati 613 MVt bo‘lgan GES (gidro elektr stansiyasi) ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.  Shuningdek, umumiy quvvati 620 MVt bo‘lgan ko‘mir bloklarini ishga tushirish rejada bor.

Konsepsiyada ko‘zda tutilgan, O‘zbekiston energiya tizimiga TEM integratsiyasi bo‘yicha rejalar anchayin keng ko‘lamli bo‘lib, fikrimizcha, TEMning O‘zbekiston energiya tizimi faoliyatiga ta’sirining o‘zgaruvchanligi va nobarqarorligi muammosi hal etilmay turib, to‘laqonli amalga oshirila olmaydi.

Agar o‘zgaruvchanlik ta’sirini energiya bloklarida qaynoq zaxiralar saqlab turish hisobiga va to‘plagichlar yordamida ozmi-ko‘pmi hal qilish mumkin bo‘lsa, quyosh stansiyalariga xos bo‘lgan nobaraqrorlik muammosini, hatto O‘zbekistondek gazga boy mamlakatda ham, deylik, GTQ yoki IYoD (ichki yonuv dvigateli) kabi mobil gaz stansiyalarini qurish bilan hal qilib bo‘lmayapti.

Energiya tizimiga TEM asosidagi, ishlab chiqarishning nobarqaror xarakteriga ega generatsiyalovchi manbalarni kiritish O‘zbekiston Yagona elektr energiyasi tizimi ish rejimining barqarorligini ta’minlashda qo‘shimcha qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi. Bu xorijiy tajribada ham o‘z isbotini topadi, jumladan, Ispaniya, Italiya va Germaniya energiya tizimlarida rejimlarni muvozanatlashda murakkabliklar borilishi haqida ma’lumotlar mavjud, holbuki, bu tizimlarda muvozanatlash uchun mo‘ljallangan yetarlicha katta quvvatlar kiritilgan.

O‘zbekiston energiya tizimi faoliyatining o‘ziga xosligi shundaki, hozirda mavjud “O‘ztransgaz” AJ gaz tashish tizimi elektr stansiyalarini gaz iste’molining yuklamalar tushib ketgan soatlardagi iste’moli bilan maksimum soatlardagi maksimal iste’moli o‘rtasidagi farq 250-300 m3dan oshmaydigan rejimda gaz bilan ta’minlash imkonini beradi. Ya’ni, stansiyalarda iste’mol o‘sishini qoplash uchun ishlab chiqarishni oshirish talab qilinganda kerakli hajmda va bosimda tabiiy gaz iste’moli yetishmay qoladi. Bunday ko‘rsatkichlarda mo‘ljalni to‘g‘ri olish uchun, kondensatsiya turidagi barcha mavjud energiya bloklarida 100 MVt ishlab chiqarish uchun 32 ming m3/soat gaz talab etilishini qayd etib o‘tamiz. Ya’ni gazchilar mavjud vaziyatda issiqlik stansiyalaridagi yuklamani faqat 1000 MVtga ko‘tarishni ta’minlay oladilar, xolos.

Bu nimaga olib kelishini tizimga 3000 MVt.li QES tatbiq etilgandagi sutkalik grafikni modellashtirish yordamida ko‘rish mumkin
(1- rasm).

 

O‘zbekiston Respublikasini 2020-2030 yillarda elektr energiyasi bilan ta’minlash konsepsiyasidan olingan diagramma (2-rasm)dan ko‘rinadiki, hozirda, energiya tizimida KFES (quyosh foto elektr stansiyasi) bo‘lmagan holda, quvvatni tartibga solish kattaligi 2000 MVTdan ziyodni tashkil qilyapti. 3000 MVT.li QFES joriy etilgach, 5000 MVt.dan yuqori tartibga solish quvvati talab etiladi.

 

Binobarin, quyidagilar taqozo etiladi:

a) yo stansiyalar qoshida yuklamalarning tushib ketgan soatlarida gazni akkumulyasiyalaydigan gazxolderlar qo‘yish;

b) yoki kechki maksimum paytidagi yuklama ortishi soatlarida, gaz yetishmasligi sababli yuklamani ta’minlashda cheklovlar yuzaga kelganda mazutning har kungi (!) yoqilishi rejimiga o‘tish. Buning uchun ham gazda, ham mazutda ishlay oladigan an’anaviy energiya bloklarining bir qismini ishchi holatda saqlash talab etiladi;

v) yoxud QES va/yoki energiya tizimi qoshida quyidagilar uchun yetarli bo‘lgan energiya to‘plagichlarni o‘rnatish:

– birinchi navbatda, issiqlik stansiyalarining yuklamani oshirish tezligini gaz tashish tizimi rejimi taqozo qiladigan kattaliklargacha pasaytirish;

– ob-havo omillari sababli yuzaga kelgan fluktuatsiyalarni kompensatsiyalash uchun;

– energiyani sutkalik grafikning arzonroq qismidan qimmatroq, tig‘iz soatlarga qayta taqsimlash uchun.

Agar bu muammo hal qilinmasa, Rossiya YaET (yagona elektr tizimi) – Qozog‘iston YaET interfeysiga gigavattlarda o‘lchanadigan miqdorda quvvatlarning kompensatsiyalanmaydigan tashlanishi yuzaga keladi. Eslatib o‘tamiz, hozirda Rossiya tomonga ruxsat berilgan tashlama 500 MVt.ni, MO YaETga – bor-yo‘g‘i 300 MVt.ni tashkil qiladi.

Ushbu omilni inobatga olgan holda, O‘zbekiston energiya tizimida Tolimarjon issiqlik elektr
stansiyasidagi 800 MVt.li blok kabi yirik energiya bloklarini o‘chirib qo‘yish bo‘yicha avtomatikani joriy etishga majbur bo‘lingan. Uning o‘chirilishida YuO‘MA (yuklamani o‘chirish maxsus avtomatikasi)da avariyaga qarshi avtomatika 800-300=500 MVt miqdorida ishga tushadi (tabiiyki, avariyali o‘chiriladigan blok tashuvchi yuklamaga qarab, YuO‘MAning kerakli hajmini belgilovchi avvalgi rejim nazorati (ARN) ko‘zda tutilgan).

Salmoqli gidroresurslarga ega qo‘shni energiya tizimlaridan yordam borasida quyidagilarni qayd etish o‘rinli. Hozirda Qirg‘izistonda rezervlar kam, 150-200 MVt.ni tashkil qiladi, Tojikistonda – 700-1000 MVt. Ularni, albatta, QFES integratsiyasida inobatga olish mumkin, ammo quyidagilarni yodda tutish kerak:

1. Tartibga solish bo‘yicha xizmatlar bepul emas va katta hajmlar uchun elektr energiyasini yetkazib berish bilan barobar qiymatlarni tashkil qilishi mumkin;
2. Bu ikkala mamlakat CASA-1000 loyihasi bo‘yicha majburiyatlar bilan bog‘langan va loyiha ishga tushgandan keyin rezervlar qay ahvolda bo‘lishi noma’lum;

Nomuvozanatlilik bilan bog‘liq o‘z muammolarimizni avvalo o‘z kuchimiz bilan hal etishimiz lozim. Energiya tizimi muvozanatlashuvi muammosini hal etmay turib, sanoat ko‘lamida TEMning yoppasiga qurishni rejalashtirib bo‘lmaydi.

O‘zbekiston energiya tizimining bugungi holatini inobatga olgan holda  Excelda bajarilgan o‘ta taqribiy hisob-kitoblarga ko‘ra (QES quvvatlari, to ularning energiyasini qabul qilinguniga qadar barcha issiqlik stansiyalarining energiyalari texnologik minimum (gorelkalar ishlash rejimini ta’minlash talablariga ko‘ra undan pastga tushib bo‘lmaydigan daraja)ga tushmagunicha, o‘chirilishi mumkin bo‘lgan barcha narsa o‘chirilgunicha (bu yerda ham, rele himoyasi qurilmasining sezgirligini ta’minlash t.v.ga ko‘ra stansiyalardagi energiya bloklarining minimal tarkibi bo‘yicha cheklovlar mavjud) oshirib borildi, quyidagi natijalarga erishildi:

– yozda, irrigatsiyani ta’minlash uchun energiya tizimi gidroenergiyani qo‘shni energiya tizimlaridan sotib olishga majbur bo‘lganda, IES energiya bloklarida ta’mirlash ketayotganda, 1000 MVt.dan oshmaydigan QESni;

– qishda, amalda talab har doim taklifdan yuqori bo‘lganda va har qanday energiya talabgir bo‘lganda – 2500 MVt.dan oshmaydigan QESni integratsiyalash mumkin bo‘ladi.

 

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *