Yonmas bo‘lsam men,
Yonmasang gar sen,
Yonmasakchi biz,
Zulmatni bu yerdan quvadi kimlar?!
Nozim Hikmat
Y.X. To‘raqulov (1917–2005 yy.) – dongdor biokimyogar-olim va endokrinolog, pedagog, O‘zR Fanlar akademiyasi akademigi.
O‘zbekiston sog‘liqni saqlash, ilm-fan va ta’lim sohasida Yolqin Xolmatovich To‘raqulovning xizmatlari benazir. U yoshligidan o‘quv va ilmiy-tadqiqot institutlari va muassasalari – farmatsevtika, Toshkent tibbiyot, Andijon tibbiyot institutlari, O‘lka tibbiyot, biokimyo, yadro fizikasi institutlari, Samarqand davlat universitetini boshqardi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti bo‘ldi, ToshDU biologiya fakultetida talabalarga 48 yil davomida biokimyo va molekulyar biologiya bo‘yicha ma’ruzalar o‘qidi.
U hayotining asosiy ishi deb ilm-fanni bilardi, uning tireoidologiya bo‘yicha maqolalari va monografiyalari O‘zbekiston endokrinologlari uchungina qo‘llanma bo‘lib qolmay, Rossiya, Amerika, Isroilda chop etildi.
Yolqin Xolmatovich hamkasblari va shogirdlari bilan birgalikda O‘zbekistonda biokimyo, biofiziologiya va endokrinologiya maktablari asoschisi sanaladi. Ular biokimyo, radiatsion biofizika, molekulyar biologiya, neyroendokrinologiya kafedralarini tashkil etdilar. Bu yerga butun Markaziy Osiyo mintaqasidan bemorlar davolangani kelardilar.
To‘raqulov Butunittifoq biokimyoviy va endokrinologik jamiyatlar vitse-prezidenti bo‘lgan, endokrinologiyaga oid barcha xalqaro simpozium va kongresslarda qatnashgan, uning rahbarligi ostida Toshkentda butunittifoq va xalqaro s’ezdlar tashkil etilgan.
Akademik Y.L.To‘raqulovning ilmiy, o‘quv, ijtimoiy va noshirlik jabhalaridagi barcha faoliyat sohalarini sanab o‘tish qiyin, ular katta sa’y-harakatlar talab qilardi va u o‘z vazifalarini tugal diqqat-e’tibor, mas’uliyat va qon-qoniga singib ketgan ijodiy yondashuv bilan bajarardi. Olim, pedagog, tashkilotchi kuch va g‘ayratni qaerdan olardi, nimadan ilhomlanardi? Bunday yorqin iqtidor, bundayin tiniq aql, bunchalik kuchli xarakter mohiyatini olimning hayot yo‘lini o‘rganibgina anglash mumkin.
Tug‘ilishida unga Abdulazim deb ism qo‘yishgandi, ammo uning maktabdagi o‘qituvchisi, bolaning o‘qishga intilishini ko‘rib, Yolqin deb ikkinchi ismni qo‘ygan. Yolqin (keyinroq uni Yalkin deb atay boshlashgan) Mark (hozirgi Qozog‘istonda joylashgan) shahrida tug‘ilgan. Bu yerga, ta’qibdan qutulish uchun Toshkentdan ziyolilar, ruhoniyat vakillari kelishgan. Bolaning bobosi To‘raquli Toshqandiy va otasi Xolmuhammad XIX asr oxiri – XX asr boshlarining ulamolaridan bo‘lishgan, ularning ijtimoiy, iqtisodiy, diniy muammolarga oid maqolalari “Sadoi Turkiston”, “al-Isloh” va boshqa nashrlarda chop etilgan.
Yolqinning otasi Xolmuhammad ibn To‘raquli (1878-1944) madrasada fiqh asoslari, geografiya va mantiqdan dars bergan. U fors va arab tillarining bilimdoni sanalgan. Toshkentga 1919-yilda kelgan, Sharqda dong‘i taralgan arab olimi Shomiy domla, Xolmuhammad bilan qisqa suhbatdan keyin, katta hurmat timsoli o‘laroq, do‘ppisini yechib, Xolmuhammadning boshiga kiydiradi. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasini boshqargan muftiy boboxonovlar Xolmuhammadning maqolalarida ta’lim olishgan, uni “har doim vatandoshlari taqdiri haqida qayg‘uradigan va mahalliy xalqlar munosib kelajakka erishishi uchun suv va havodek zarur dunyoviy ilm-fanlar g‘amini yeydigan” dongdor ulamo deb bilishgan.
Balki shuning uchundir, Xolmuhammad uchchala o‘g‘lining yaxshi ta’lim olishiga har tomonlama ko‘maklashdi.
Yolqin to‘ng‘ich o‘g‘il bo‘lgan, unga kichik shahar torlik qilib, u “tramvayni ko‘rish”ni orzu qilardi va to‘qqiz yoshida ota uyidan yuzlab chaqirim nariga, Toshkentga yo‘l oladi. Amakisi Yolqinni mashhur maktab-kommunaga joylaydi, u yerda u yetimlar va ko‘cha bolalari bilan birga tarbiyalanadi. Maktabni pedagog, yirik olim Vsevolod Fedorovich Lubensov boshqarardi, u Moskva va Leningraddan ajoyib pedagoglarni to‘playdi, ular yangicha ta’lim shakllarini izlab, ijodiy muhitni yaratdilar.
Jismoniy mehnat o‘quv va sinfdan tashqari mashg‘ulotlar bilan galma-gal o‘tilardi. Bolalarning o‘zlari sinflar qurishdi, bug‘doy, paxta, sholi, makkajo‘xori, poliz ekinlari, sabzavot va mevalar yetishtirdilar, ularni tut ipak qurti parvarishlashga o‘rgatdilar. Maktabda hatto o‘z orkestri bo‘lgan.
Yolqin To‘raqulov kommunadagi eng kuchli shaxmatchilardan bo‘lgan. Shaxmatga muhabbat unga butun umr hamroh bo‘ldi.
Maktabda Yolqin ikkinchi oilaga ega bo‘ldi, bu yillar uning shaxs sifatida shakllanishida hal qiluvchi rol o‘ynadi.
1931-yilda maktab-kommuna Lubensovning partiyasizligi va kelib chiqishi tufayli yopildi: uning ota-onasi ruhoniyat vakillari edilar.
Yolqin Namanganga, qarindoshlarnikiga o‘qishga ketadi, o‘qishni yakunlab Toshkentga qaytadi. Bu yerda yoshlarni tibbiy institutga kirishga targ‘ib qilishar (u paytda Markaziy Osiyo instituti deyilardi), ammo kirish istagida bo‘lganlar kam edi.
Talablik yillari qiziqarli, ammo moddiy jihatdan juda og‘ir kechgan. Yolqin Taxtapulda yashardi, u yerdan Xadraga yayov borar, keyin institutga tramvayda yetib olardi. Ko‘pincha o‘qishga yalangoyoq kelishiga to‘g‘ri kelardi, ammo hyech qanday qiyinchiliklar o‘qishga qiziqishi va intilishini so‘ndira olmadi. U kursdagi talabalarning eng yoshi edi – endigina 14 ga to‘lgandi, ammo faolligi va qiziquvchanligi bilan ajralib turardi.
Kimyo kafedrasi mudiri Sattor Jabbor unga darhol e’tibor berdi, u Yolqin uchun haqiqiy ustoz bo‘ldi. 20- yillarda Sattor Jabbor Germaniyada Gaydelberg universitetini yakunladi, u ma’ruzalarni o‘zbek tilida o‘qir, tarjimon sifatida esa, rus tilini yaxshi bilgan Yolqin To‘raqulovni jalb qilardi. Asta-sekin talaba kafedrada amaliy mashg‘ulotlarni yurita boshladi, rus guruhlarda esa, hatto ma’ruzalar o‘qirdi.
Sattor Jabbor talaba Yolqin To‘raqulovga o‘z faniga muhabbatni singdirdi, uni nemis tilini o‘qishga ruhlantirdi, keyinchalik mashhur olimlar va vrachlar bo‘lib yetishgan o‘z do‘stlari bilan tanishtirdi. Shogirdining qashshoq ahvolini ko‘rib, bir kuni Jabbor uni Toshkentdagi eng hashamatli do‘konga – Torgsinga olib bordi va u yerda unga botinka hamda rosmana kostyum olib berdi. (“Torgsin” so‘zi Yolqinga sirli va sehrli ko‘rinardi, faqat ancha yillardan keyingina u “chet elliklar bilan savdo” degan ma’noni anglatishini tushundi).
Tibbiyot institutini yakunlagach, diplomli vrach Yolqin To‘raqulov yangi o‘quv muassassi – Farmatsevtika institutining birinchi direktori bo‘ldi. Shunda u 22 yoshda edi, bu lavozimda u 1941-yilgacha, urush boshlanguniga qadar ishladi.
22-iyun, urushning birinchi kunida farminstitut hududida yig‘in uyushtirildi, u yerda direktor To‘raqulov frontga borishga tayyorligini bildirdi. U dissertatsiyani himoya qilish uchun ikki kun kechiktirib turishlarini so‘radi – himoya 23 iyunga rejalashtirilgandi va o‘sha kuni bo‘lib o‘tdi.
24-iyunda uni Markaziy qo‘mita kotibi Azimov chaqirib, sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari lavozimini taklif etdi, ammo otam bu kunlarda frontda bo‘lishi kerakligini aytib, rad etdi.
To‘raqulov G‘arbiy front (1- Ukraina fronti)ga jo‘natildi, o‘sha paytda fashistlar faol hujumga o‘tishgandi. Otam Smolensk ostonasidagi janglarda qatnashdi, shafqatsiz janglarda yarador jangchilarga birinchi yordamni ko‘rsatdi va ularning evakuatsiyasini tashkil etdi.
1941-yil 29-avgustda, yaradorlarni jang maydonidan oilb chiqa turib, u tizzasiga tekka portlovchi o‘qdan yaralandi va Moskva ostidagi gospitalga yuborildi. Qisqa muddatli davolanishdan keyin u yana safga qaytdi va Bosh harbiy-sanitar boshqarmasi To‘raqulovni Sibirda, Anjero-Sujensk shahrida tashkil etilayotgan 137- alohida o‘qchi brigadasi sanitar xizmati boshlig‘i etib tayinladi. U Leningrad yaqinidagi o‘rmon-botqoq joylarda urushlarda qatnashdi va Leningraddan yaradorlar ham bemorlarni Ladoga ko‘li orqali evakuatsiya qildi.
1942-yilda Yolqin To‘raqulov tibbiyot xizmati mayori unvonida 4 ming kishilik Suvorov ordeni nishondori, Qizil bayroqli 1- Gvardiya havo-desant Zvenigorod-Buxarest diviziyasi tarkibida dastlab polk bosh vrachi, keyin 12- alohida tibbiy-sanitariya bataloni komandiri bo‘ldi. Diviziya Lovat daryosidagi qaqshatqich janglarda qatnashdi. 1944-yil kuzida Y.X. To‘raqulov ketayotgan mashina minaga luch kelib portlaydi va u og‘ir yaralanadi.
Otam Xarkovda, Penzada uzoq davolanadi, ammo safga boshqa qayta olmaydi va demobilizatsiyalanadi. Medsanbat va tibbiy xizmatning muvaffaqiyatli faoliyatini tashkil qilgani uchun Yolqin To‘raqulov 1943-yilda yuksak harbiy mukofotlarga sazovor bo‘ladi.
Frontlarda to‘rt yil xizmat qilib, askarlar va ofitserlar hayotini qutqarib va ikkita o‘ta og‘ir jarohat olib, u uyga qo‘ltiqtayoqda qaytadi. Biroz davolangach, ammo haliyam qo‘ltiqtayoqda, u Moskvaga yo‘l oladi. U yerda bir muddat ishlagach, Toshkentga qaytish va tibbiy institutini boshqarish buyrug‘ini oladi. Shunda u 31 yoshda edi.
1945-yil oxirida O‘zbekiston Hukumatining qarori bilan 50 nafar yosh olim Moskvaga, doktoranturaga yuboriladi.
Bunday qarorga kelinishiga sabab 1943-yilda O‘zbekistonda tashkil etilgan Fanlar akademiyasi respublikada ilm-fanni rivojlantirish uchun olimlarga muhtoj ekanligi edi. Dongdor geolog olim va O‘zbekistonda ilm-fan tashkilotchisi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, Lenin va Davlat mukofotlari laureati Habib Muhamedovich Abdullaev To‘raqulovga katta hurmat bilan munosabat bildirardi, uning tavsiyasiga ko‘ra Yolqin Xolmatovich yetakchi etib tayinlanadi, u Usmon Yusupov bilan uchrashadi, unga ilmiy ishlanmalar yo‘nalishlari, mintaqaviy muammolarni hal qilishda o‘zbek olimlarining roli haqidagi masalalarni hal qilish vakolati beriladi. Masalan, o‘sha yillardayoq O‘zbekiston olimlari Orol dengizini saqlab qolish masalasini ko‘tarishgandi.
1947-yilda Y.X.To‘raqulov Toshkent tibbiyot institutining direktori etib tayinlandi. U yana institutga, talabalik davri o‘tgan Alma Mater`iga, o‘qituvchilik faoliyatiga qaytdi va bor vujudi bilan ishga sho‘ng‘idi.
Keyinchalik To‘raqulovni, ajoyib va mohir tashkilotchi va olim sifatida eng muhim va murakkab nuqtalarga yo‘llashar, u ilmiy institutlarni tashkil qilib, rahbarlik qilardi, Vatanga halol, fidokorona xizmat qilish namunasi bo‘lardi.
Mutlaqo bandligiga qaramay, To‘raqulov universitet talabalariga ma’ruza qilishga, hamkasblar bilan birga tibbiyot lug‘atlari va rus tilida hamda O‘rta Osiyo tillarida darsliklar yozish borasidagi mashaqqatli mehnatga vaqt topardi. Uning darsliklaridan o‘quvchilar va talabalar haligacha foydalanib keladilar. Tabarruk yoshga chiqib, e’tirof etilgan olim, yuksak unvon va mukofotlar sohibi bo‘lganda ham, u yangi ishlarga qo‘l urardi va uzoq kelajakka mo‘ljallangan rejalar tuzardi.
Yolqin Xolmatovich To‘raqulov uzoq, hayratlanarli yorqin va sermazmun hayot kechirdi, mamlakat va o‘z xalqi uchun nihoyatda ko‘p ishlar qildi. Iqtidorli va charchoqbilmas olim erishgan natijalarga erishish qomusiy bilimlar, keng qiziqishlar, o‘ta mehnatservarlik, jasorat, dadillik va qunt-matonat talab qilinardi. Bunda u hyech qachon va hyech qanday holatda otasi va ustozlari unga singdirgan yuksak ma’naviy tamoyillarga xiyonat qilmadi. Uning umr yo‘li hozir ham, o‘zi hayot bo‘lganidek, olg‘a intilayotgan yosh avlodga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsata oladi.
Y.X. To‘raqulov – Qizil Yulduz, I va II darajali Vatan urushi, Oktyabr Inqilobi, Mehnat Qizil Bayroq ordenlari sohibi.
Lenin mukofoti, Beruniy nomidagi davlat mukofoti laureati Yolqin Xolmatovich To‘raqulov ko‘p bora O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi yorliqlari, “El-yurt hurmati”, “Buyuk xizmatlari uchun”, “Jasorat”, “Shuhrat” ordenlari, O‘zR FA oliy mukofoti – al-Xorazmiy medali bilan taqdirlangan.
Firuza Yolqinovna Gulamova – Turakulova (Yo.X.Turaкulov qizi)