Shu yil 11-fevralda “Zakovat” intellektual klubining NNT sifatida roʻyxatga olingani maʼlum boʻldi. “Zakovat” – ilm-fanni tarqatish va ilgarilatish uchun oʻta muhim platformalardan biridir.
“Zakovat” tarixi
“Zakovat” intellektual oʻyini 2001-yilda “Nima? Qayerda? Qachon?” va “Breyn-ring” oʻyinlarining analogi sifatida, ularning gʻoyalarini oʻzida jamlagan holda tashkil topgan. “Zakovat” 20-yillik tarixga ega. Unda oʻyinchilarga savollar beriladi, bilimdonlar belgilangan vaqt ichida javob topishlari kerak boʻladi. Maktab va talabalar ligalari mavjud; unda ham havaskorlar, ham professionallar oʻynaydilar.
“Zakovat” oʻyini tashkil etilishi bilan bir vaqtda uning televizon talqini ham paydo boʻldi. 2001-yil 25-martda “Zakovat” intellektual shousi birinchi marta efirga chiqdi. U «Yoshlar», «Oʻzbekiston», «Milliy» kabi respublika telekanallarida translyatsiya qilingan, ammo 2020-yilning oxiriga borib, reytingi past ekanligi sababli ekranlarga chiqmay qoʻygan.
“Zakovat” NNT tashkil etilishi
2021-yil boshlarida Oʻzbekiston Mass-media fondi “Zakovat”ni oʻz qaramogʻiga olishga qaror qildi, ammo uni shunchaki qayta tiklab, oʻyinga avvalgi qiziqishni qaytarish emas, balki mamlakatda “Aqlli boʻlish – ajoyib!” shiori ostida butun boshli intellektual harakatni yoʻlga qoʻyishni istadi.
OAV fondi “Zakovat” intellektual klubi” nodavlat notijorat tashkilotining muassisi boʻldi. Klubning asosiy vazifalari yoshlarning bilimlarga intilishini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, kitob oʻqish madaniyatini rivojlantirish, ilm-fanni hammabop va barcha yoshdagilar uchun qiziqarli qilish maqsadida havaskor olimlar ishtirokida intellektual loyihalarni amalga oshirish sanaladi.
Kasting oʻtkazilishi
Yoshlarni intellektual harakatga jalb qilish borasidagi birinchi aksiya “Zakovat” oʻyini boʻyicha keng koʻlamdagi chempionat boʻldi. Unda qatnashish maqsadida “Zakovat” klubiga kirish uchun 13 mingdan ziyod nomzod ariza topshirdi, 1 932 kishi roʻyxatga olindi, ular 322 ta jamoa tarkibiga kirdi, yana 11 111 nafari individual tartibda roʻyxatdan oʻtdi.
Intellektual harakatga qizlarni jalb qilishga alohida eʼtibor berilmoqda.
Toshkent va Toshkent viloyati jamoalari oʻrtasida “Zakovat” turniri
Joriy yil mart oyida “Oʻzbekfilm” kinostudiyasi pavilyonida turnirning 1,2, 3- oʻrinlari uchun final oʻyinlari oʻtkazildi. Poytaxt viloyati va Toshkent shahridan turnirda jami 530 jamoa qatnashdi.
RU-liga
Oʻyinga boʻlgan katta qiziqish uning tashkilotchilarini “Zakovat”ning rus tilidagi talqinini tashkil etishga undadi.
Shu yil bahorda Toshkentdagi Botanika bogʻida “Zakovat” rus tilidagi ligasining birinchi turniri oʻtkazildi. Tadbirda butun respublikadan 187 ta jamoa qatnashdi, bu rus tilidagi segmentda intellektual oʻyinlar oʻtkazish borasida ham Oʻzbekistonda ham MDHdagi rekord koʻrsatkich boʻldi. Hatto “Nima? Qayerda? Qachon?” boʻyicha jahon chempionatlarida ham 70–80 ta jamoa toʻplanadi. “Zakovat” RU-ligasining turniri yorqin shou bilan birga oʻtdi. Tashkilotchilar tadbir boshlanishidan oldin taniqli aktyorlar va Oʻzbekiston Milliy simfonik orkestrini taklif etib, barcha bilimdonlar uchun haqiqiy bayram uyushtirdilar.
Mintaqaviy turnirlar
2021-yilning mart–iyun oylarida Oʻzbekistonning barcha mintaqalarida “Zakovat” oʻyinining viloyat chempionatlari oʻtkazildi. Har birida toʻrttadan gʻolib jamoalar aniqlandi. Yaqin vaqtlarda barcha jamoalarning yagona maydonda, final gʻoliblarini aniqlash uchun uchrashishi rejalashtirilgan. Mintaqaviy jamoalar oʻrtasida final oʻyinlarining haftalik marafoni Oʻzbekistonning eng yaxshi jamoasi nomi uchun kurashish bilan noyasiga yetadi.
Klub istiqbollari
“Zakovat” intellektual klubi oʻz oldiga rivojlanish va bilimlar sari intilayotgan yoshlar harakati yetakchisi boʻlish, turli intellektual oʻyinlar ishtirokchilarini birlashtiruvchi platformasiga aylanishni maqsad qilib qoʻyadi. Klub rejalarida quyidagi loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan:
– intellektual oʻyinlar boʻyicha turli miqyoslarda chempionatlar tashkil qilish (“Zakovat”, shashka, shaxmat, Rubik kubigini tezlikka yigʻish va sh.k.);
– ilm-fan, adabiyot sohasidagi atoqli kishilar, jamoat va fan arboblari ishtirokida ilmiy konferensiyalar, seminarlar, uchrashuvlar, mahorat saboqlari oʻtkazish;
– intellektual, ilmiy-ommabop video-podkastlar yaratish;
– yoshlar innovatsion forumlarini tashkil qilish;
– intellektual hissa qoʻshganligi uchun yillik mukofotni taʼsis etish;
– intellektual va taʼlimiy broshyuralar, darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari va boshqa bosma yoki elektron nashrlarni chop etish;
– xorijiy intellektual klublar bilan oʻzaro munosabatlar.
“Zakovat” – O‘zbekistonda ilm-fanni tarqatish va ilgarilatishning eng muhim platformasi, shuningdek yoshlar uchun o‘z ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishning ajoyib imkoniyatidir.